Yoshlar ishlari agentligi xorijiy tillarini bepul o‘rgatuvchi loyihani takomillashtirmoqda

Jamiyat 19:09 / 05.08.2023 21640

2022 yil noyabr oyida tashkil etilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatadi. Loyiha doirasida 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va “0”dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda.

Millisekundlar ham muhim ahamiyat kasb etadigan tezkor zamonamizda dunyo bilan hamqadam bo‘lishdagi eng muhim omil – shubhasiz, kommunikatsiya va til vositasi sanaladi. Jahon tillarini o‘rganish nafaqat muloqot imkoniyatlarini oshiradi, balki shaxsning mehnat bozoridagi muvaffaqiyatini, kognitiv qobiliyatlarini, tafakkur diapazonini ham kengaytiradi.

Ish beruvchilar nomzod uchun eng zaruriy ko‘nikmalarni sanab o‘tganda, doimo "bir nechta tilni bilish" qobiliyatiga alohida urg‘u beradi. Ko‘pincha bu ko‘nikma nomzodning boshqa qobiliyatlari va hatto ish tajribasidanda og‘irroq tosh bosadi. Boshqacha qilib aytganda, dizayner, servis xodimi, sotuvchi yoki kichik biznes egasi bo‘ladimi - har qanday sohada ko‘p tillilik kishining professional maqsadlariga erishishida muhim o‘rin tutadi.

Bundan tashqari, yangi tilni o‘rganish yangi madaniyatni o‘rganish demakdir. Dunyo tarixi va san’atining aksariyati - kitoblari, filmlari, musiqalari, badiiy asarlari va ilmiy tajribalari turli tillarda namoyon bo‘ladi. Nemis tilining nafisligi-yu, yapon madaniyati intrigasini, arab tilining o‘ziga xos ohangi-yu, italyan tilining she’riy jozibasini, ingliz tilining bepoyonligi-yu, fransuz tilining go‘zalligini – faqatgina mana shu tillarni o‘rganish orqali to‘laqonli his qilish mumkin. Shekspir klassikasini asl ingliz tilida mutolaa qilish, Neruda she’rlarini shoir ona tilisi - ispanchada o‘qish yoki Kurosavaning «Rashomon»ini haqiqiy-yaponcha versiyasida tomosha qilish - barchasi faqat til o‘rganish taqdim eta oladigan zavqdir.

Umuman, til o‘rganish orqali erishiladigan imkoniyatlar haqida soatlab gapirish mumkin. Ammo bu ko‘nikmani shakllantirish oson kechmaydi. Til o‘rganishda malakali ustoz, samarali strategiya, o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlash birlamchi hisoblanadi. Ammo yurtimizda til o‘rgatuvchi professional kadrlar yetishmaydi. Bizda asosiy urg‘u mashhur va ommabop tillarga qaratilgan. Kadrlar ham asosan ingliz tiliga ixtisoslashgan mutaxassislar. Masalan, ispan yoki yapon tilini o‘rganishni istagan hammaga ham o‘qituvchi yetarli emas. Professional mutaxassislar esa odatda markazlarda bo‘ladi. Chekka-chekka hududlarda yashovchi aholi esa shaharga yetib borishi qiyin.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2022 yil noyabr oyida tashkil etilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida professional ustozlar tomonidan 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va “0”dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda. “Ibrat farzandlari” bilan turli tillar bo‘yicha bilimlarni qisqa muddat ichida komfort zonadan turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul til o‘rganish imkonini yaratdi.

“Ibrat farzandlari” qisqa vaqt ichida YouTubeʼda qariyb 320 mingdan ortiq o‘rganuvchiga ega bo‘ldi. Sahifada e’lon qilingan darslarning umumiy ko‘rishlar soni 12 milliondan oshdi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida chet tilini rivojlantirish muhim va bu yo‘nalishda bepul onlayn darslarga talab yuqori.

Loyiha O‘zbekistonning chekka hududlaridagi iste’dodli yoshlarga, moliyaviy tomondan imkoniyati cheklangan, lekin chet tillarini o‘rganishga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga ham xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning tillar bo‘yicha savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Ibrat farzandlari”ning yana bir yaxshi tomoni — darslar bir necha yildan keyin ham o‘z aktualligini yo‘qotmaydi. Til o‘rganishni maqsad qilgan istalgan o‘quvchi YouTubeʼdagi onlayn darslarni istalgan vaqtda ko‘rib, o‘rganishi mumkin. Lekin, YouTube imkoniyatlari cheklangan, ushbu videoplatformada o‘rganuvchilar progressini kuzatish, ular bilan qayta aloqa qilishning iloji yo‘q.

Shu bois loyiha o‘rganuvchilariga yanada qulaylik yaratish maqsadida “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida “Ibrat Academy” ilovasi ishlab chiqildi. Unda o‘rganuvchilar nafaqat videodarslar ko‘rishi, balki o‘zining til darajasini doimiy tekshirib borishi, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarini bajarishi, so‘z boyligini interaktiv usulda oshirishi mumkin.

O‘rganuvchi dastlab ilovani yuklab olib, unda shaxsiy profil yaratishi lozim. So‘ng o‘zi qiziqqan tiliga obuna bo‘lib, “Placement Test” orqali til bo‘yicha darajasini aniqlashi mumkin bo‘ladi. Bu orqali ilova foydalanuvchining til yuzasidan bilimiga mos darajadagi darslar va sinov-mashqlarini tavsiya etadi.

Yana bir qulay jihati, ilovani onlayn ham, oflayn ham ishlatish mumkin. Ilovada tarmoqdan uzilgan holda ishlash uchun videodarsliklar, fayllar va mavzuga oid mashq materiallarini yuklab olish funksiyasi mavjud.

Shubhasiz, har qanday tilda erkinlikka erishishning yagona yo‘li bu – so‘z boyligi. Foydalanuvchining bu boradagi rivojini ta’minlash uchun “Ibrat Academy”da so‘zlar va iboralardan iborat o‘zbek tilidagi lug‘at mavjud. Lug‘atda 100 mingdan ortiq so‘z va iboralarni topish va ularni 8 turdagi mashqlar yordamida o‘rganish mumkin.

Shuningdek, ilovada respublika miqyosidagi “Peshqadamlar jadvali” ham uzluksiz ravishda berib boriladi. Eng yaxshi o‘rganuvchilar esa munosib taqdirlanadi.

Kutilmagan sovg‘alarga ega bo‘lish uchun ilovani yuklab olish, faol foydalanuvchi bo‘lish, loyihani kuzatib borish va ilovaning peshqadam o‘rganuvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan yakuniy tanlovda g‘olib bo‘lish talab etiladi.

Ilovaning keyingi «update»larida sun’iy intellekt funksiyasi ham qo‘shilishi kutilmoqda. Bu ilovada har bir foydalanuvchi bilan individual yondashuvda ishlash imkonini yaratadi. Ya’ni sun’iy intellekt funksiyasi o‘rganuvchining topshiriqlarini tekshiradi, u bilan muloqot qiladi, xato va kamchiliklari yuzasidan fidbek va tavsiyalar beradi.

Ilovadan foydalanishda yosh chegarasi yo‘q. “Ibrat Academy” yordamidan barcha til ixlosmandlari sodda, samarali va eng muhimi bepul usulda o‘zbek tilida ingliz, rus, fransuz va boshqa ko‘plab tillarni o‘rgana oladi.

Bugun til o‘rganishda yangi davr boshlandi. Siz ham ushbu intellektual harakatga qo‘shiling, chunki bu loyiha dunyo madaniyatlari o‘rtasida ko‘prik yaratadi, kommunikatsiya imkoniyatlarini rivojlantiradi va barchaga dunyoning istalgan burchagida ravon muloqot qilish imkonini taqdim etadi!

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, loyihadan ko‘zlangan maqsad faqat til o‘rgatish emas. Loyihadan ko‘zlangan eng asosiy maqsad – o‘zbekistonlik global liderlarni tayyorlash!

Ilovani yuklab olish:
APP Store | Play Market

Risolat MAXSIMOVA tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: