UzAuto Motors shartnoma berishni ishlab chiqarish grafigiga moslashtiradi

Iqtisodiyot 19:54 / 04.08.2023 59864

UzAuto Motors Cobalt, Lacetti, Labo va Damas uchun shartnomalar ochilishini e’lon qildi va narxlari oshirilgan yangi konfiguratsiyalarni taqdim etdi.

Rasmiy e’londa avtomobillarni yetkazib berish muddatini qisqartirish maqsadida “ishlab chiqarish jadvaliga muvofiq savdo tizimi joriy etilishi” aytilgan.

Kun.uz bu borada aniqlik kiritishni so‘rab, kompaniya matbuot xizmatiga murojaat qildi. Ma’lum qilinishicha, bundan keyin ma’lum bir muddatda qancha avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lsa, shuncha miqdordagi avtomobillar uchun kontraktatsiya qilinadi.

Misol uchun, 3 kun ichida Lacetti uchun 70 mingta shartnoma qilinsa va yilning qolgan qismidagi ishlab chiqarish prognozlari 70 mingtadan oshmasa, shartnoma berish to‘xtatiladi. Bu muddatda ishlab chiqarish oshsagina, qo‘shimcha shartnomalar beriladi.

Shuningdek, 7 kun ichida puli to‘lanmagan har qanday shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinadi. Eslatib o‘tamiz, oldindan to‘lov miqdori kamida 50 foizni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: