«O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va xususiylashtirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorda keltirilishicha, «O‘zsanoatqurilishbank»ning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan quyidagi takliflar ma’qullangan:
● Kuzatuv kengashi tomonidan bank boshqaruvi raisi va uning a’zolarini mustaqil ravishda tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish amaliyoti joriy qilinadi;
● «O‘zsanoatqurilishbank» xususiylashtirilgunga qadar bank oddiy aksiyalari bo‘yicha dividend to‘lanmagan holda uning sof foydasi taqsimlanmaydi;
● 2024 yil yakuniga qadar bankdagi davlat ulushini 50 foizgacha tushiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bir oy muddatda «O‘zsanoatqurilishbank»ka ajratilgan umumiy qiymati 1 trln 280 mlrd so‘m kredit liniyalarini subordinar qarz sifatida rasmiylashtirib beradi.
Kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, «O‘zsanoatqurilishbank»ning xususiylashtirilishi 2024 yilning oxiriga qadar, «Asakabank»ning xususiylashtirilishi esa 2025 yilning oxiriga qadar uzaytirildi. «Qishloq qurilish bank»ning IPO’si esa 2024 yilning 1 martiga qadar cho‘ziladi.
Shuningdek, «Xalq banki», «Mikrokreditbank» «Aloqabank», «Agrobank», «O‘zmilliybank»larning IPO muddatlari ham 2023 yilning 1 iyulidan 2025 yilning 1 yanvariga qadar uzaytiriladi.