Qimmatlashayotgan uy-joylar: Toshkentdagi “narx pufagi” yanada kengaygan bo‘lishi mumkin

Iqtisodiyot 19:49 / 02.08.2023 23949

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023 yilning II choragi uchun Olx.uz platformasida taklif etilayotgan uy-joy narxlarini hududlar kesimida tahlil qildi.

Xususan, 432 ming 893 ta ma’lumot 115 ta hudud bo‘yicha guruhlab chiqilgan va interaktiv veb-sahifa ko‘rinishiga keltirilgan. Bu davr davomida narxlar uy-joyning har bir kvadrat metri uchun 10 guruhga ajratilgan.

Narxlar eng arzon bo‘lgan hududlar birinchi guruhga (har bir kvadrat metr uchun 390 dollardan), eng qimmatlari esa o‘ninchi guruhga ( uy-joyning har bir kvadrat metri uchun narxlar 1251 dollargacha) kiritilgan. Har bir guruh 86,15 dollarlik narx oralig‘ini ifodalaydi.

Hisobot davrida hududlar orasida eng yuqori o‘rtacha narx Toshkent shahrida – 1251 dollar qayd etilib, narx segmentatsiyasi bo‘yicha eng yuqori 10-guruhga kiritilgan. Samarqand shahridagi o‘rtacha narx – 753 dollarni tashkil etib, 6-guruhdan o‘rin olgan.

O‘rtacha narxlar pastroq bo‘lgan Namangan, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro, Farg‘ona, Qashqadaryo, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari 2-guruhdan joy olgan. Respublika bo‘yicha eng minimal narx Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan.

“Toshkent shahri bo‘yicha uy-joy narxlari 2023 yilning iyun oyi uchun yangi uylar uchun o‘rtacha 1374 dollarni va ikkilamchi bozordagi uylar uchun o‘rtacha 1143 dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning iyun oyida yangi uylar uchun 953 dollarni, ikkilamchi bozordagi uylar uchun 861 dollarni tashkil etgandi. Bir yil ichida yangi uylarning narxi o‘rtacha 44 foizga, ikkilamchi bozordagi uylar narxi esa o‘rtacha 33 foizga qimmatlashgan.

E-notarius ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida uy-joy oldi-sotdi bitimlari o‘rganilgan davr mobaynida 1,8 foizga kamaygan, ya’ni 2022 yil iyun oyida shahar bo‘yicha jami 7553 ta uy-joy oldi-sotdisi qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilning iyun oyida 7417 ta oldi-sotdi bitimi tuzilgan”, deyiladi MHTI tahlilida.

O‘rtacha eng yuqori narxlar Mirobod (1462,3 dollar), Yakkasaroy (1374,3 dollar) va Shayxontohur (1369,2 dollar) tumanlarida aniqlangan. O‘rtacha eng past narx esa Uchqizil (222,8 dollar), Bog‘ot (224,2 dollar) va Lalmikor (227,3 dollar) kabi hududlarda kuzatilgan.

Toshkentdagi “narx pufagi” yanada kattalashmoqda

Markaziy bankning 2022 yil yakunlari bo‘yicha tayyorlangan “Moliyaviy barqarorlik sharhi”da Toshkent ko‘chmas mulk bozorida “narx pufagi” yuzaga kelayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

“Pandemiyadan keyingi qondirilmagan talabning yuzaga kelishi, imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha davlat dasturlari orqali uy-joyga bo‘lgan talabning rag‘batlantirilishi natijasida 2021 yilda Toshkent shahri uchun bir dona uy-joy narxining bozor va fundamental qiymatlari o‘rtasidagi farq o‘rtacha 120 mln so‘m atrofida shakllandi.

Tashqi geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi norezidentlar tomonidan Toshkent shahridagi yashash uy-joylariga bo‘lgan talabning ortishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, 2022 yilda norezidentlar uchun ko‘chmas mulk sotib olish tartibining yumshatilgani uy-joyga bo‘lgan talabni oshiruvchi omil bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2022 yil davomida 2021 yilga nisbatan jismoniy shaxslar transchegaraviy pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi 2,3 barobarga oshdi . Yuqoridagi omillar, ya’ni yuzaga kelgan geosiyosiy vaziyat, migratsiya jarayonlari va shaxsiy transferlarning sezilarli ortishi ko‘chmas mulk bozori talabiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning natijasida, uy-joylarning bozor narxi fundamental narxiga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sdi.

Xususan, Toshkent shahri uchun uy-joy narxlarining bozor va fundamental qiymatlari o‘rtasidagi farq 2022 yil IV choragida kuzatuv davri davomidagi o‘zining eng yuqori qiymatiga, ya’ni 210 mln so‘mga yetdi”, deyilgandi regulyator hisobotida.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 27 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida pufak yorilgan paytda banklarga bo‘ladigan salbiy ta’sirni kamaytirish borasida ko‘rilayotgan choralar haqida ham aytib o‘tgandi.

“E’tibor bergan bo‘lsangiz, ipoteka kreditlari ajratishda uyning qiymati qancha bo‘lishidan qat’i nazar kreditning maksimal chegarasini belgilab qo‘yganmiz. Bundan maqsad, pufaklar yorilgan paytda banklarga bo‘ladigan salbiy ta’sir juda katta bo‘lishining oldini olishdir. Ya’ni uy 1 mlrd so‘m bo‘ladigan bo‘lsa ham, bank ajratadigan kredit Toshkent shahrida 440 mln so‘mdan oshmaydi. Bu o‘z-o‘zidan pufak xavfini kamaytiradi.

Ikkinchi tomondan, hozirgi kundagi vaziyat qanday degan savolingizga javob sifatida ayta olamanki, biz bu boradagi o‘rganishlarni yakunlayapmiz, sentabr oyida narxlarning shakllanishi haqida tahliliy ma’lumotlarni e’lon qilamiz”, degandi Nurmurodov.

Ma’lumot uchun, uy-joy narxlarining fundamental omillarga bog‘liq bo‘lmagan holda doimiy ortib borishi “narx pufagi” shakllanishiga sabab bo‘ladi. Bu holat fundamental bo‘lmagan omillar hisobiga ko‘chmas mulk bozorida talabning keskin ortishi va taklif tomonidan talabni qisqa muddatda qondirilmasligi bilan izohlanadi.

Avvalroq, Kun.uz O‘zbekiston va dunyoning boshqa davlatlaridagi uch xonali xonadonlarning narxlarini o‘zaro taqqoslab chiqqandi. Unda oylik o‘rtacha daromad boshqa hech narsaga sarflanmay, faqat uy uchun yig‘ilgan taqdirda o‘zbekistonliklar 216 oy yoki 18 yilda 3 xonali xonadonga erishishi mumkinligi keltirilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: