«Bekatlar avvalo odamlarga qulay bo‘lishi kerak» - poytaxtdagi bekatlar talabga javob beradimi? (so‘rovnoma)

Jamiyat 16:44 / 02.08.2023 14695

Co‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisi ham anomal issiq ob-havo bilan yuzlashmoqda. Tabiiyki, bunday issiq jamoat transporti foydalanuvchilariga noqulaylik tug‘diradi, ayniqsa, bekatlarda avtobus kutish oson emas. Hozirgi bekatlar talablarga javob beradimi? Kun.uz mavzu yuzasidan Toshkent shahrida aholi fikri bilan qiziqib, so‘rovnoma o‘tkazdi.

Respondentlardan birining fikriga ko‘ra, poytaxtdagi bekatlar issiq bo‘lgani sababli ularning ichiga kirib bo‘lmaydi. Shuning uchun yo‘lovchilar tashqarida daraxtlar soyasida avtobuslarni kutadi. Juda kam bekatlarda konditsionerlar bor, borlarida ham ayrimlari ishlamaydi. Ba’zi joylarda hatto bekatning o‘zi yo‘q. 

«Ko‘p joylarda «skameyka»lar bo‘lmaydi, olib tashlashgan. Issiqda odamlarga qiyin, xalqqa sharoit yaratilmagan», deydi yo‘lovchilardan biri.

Yana biri: «Hozir tepamiz soya bo‘lib turibdi, shunga ham shukur qilib turibmiz. Qari odamlar, yosh-yalanglar, chaqaloqlilar bor. Ular bu issiqda juda qiynaladi», deydi.

«Bunday 40-45 gradusli issiqda bekatlar usti yopiq, yoni berk, oldida «naves»i bo‘lishi kerak», deydi yana bir yo‘lovchi.

Ayrimlar kutish joylarida o‘rindiqlar yetishmasligi, ko‘pchilik tik holatda kutishini aytishdi.

Shuningdek, respondentlar bekatlarda tozalik talabga javob bermasligi, chiqindilar ko‘p to‘planishi, atrofda sochilib yotishini bildirdi. Nogironligi bor insonlarga sharoitlar yo‘q, odamlarning o‘zlari ularga yordam beradi.

Bundan tashqari, odamlarning ko‘pchiligi kutish joylarini tadbirkorlar egallab olib, do‘konlar, ovqatlanish joylari qilib olganidan ham norozi. Bu holat ertalabki vaqtlarda bekatlar qulf bo‘lib, ichkariga kirolmasligiga sabab bo‘lyapti. Ayniqsa, yog‘ingarchilik paytlarida insonlar tashqarida qolib, juda qiynalishini aytdi. 

«Bekatlar ichida do‘konlar bor. Ularni yon tomonga chiqarishsa bo‘lardi. Eshiklarni qulflab ketishadi. Hech kim kira olmaydi. To ertalab soat 9-10 eshikni ochgandan keyin ichkariga kirishadi», deydi har kuni bekatlardan foydalanadigan yo‘lovchi.

So‘rovnomada bekatlar talabga javob beradi deganlar ham bor. Ularga ko‘ra, avtobuslarni kutishda hech qanday qiyinchilik yo‘q.

Shaharsoz-arxitektor Iskandar Soliyev so‘zlariga ko‘ra, bekatlar bugungi kun talablariga javob bermaydi.

«Birinchidan, me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Balandligi, lotoklar noto‘g‘ri qo‘yilgani, avtobuslarga o‘tish qismi kamligi kabi muammolar.

Ikkinchidan, avtobuslar yo‘l chetida to‘xtay olishi kerak, ichkariga kirib yotishi kerakmas. Zamonaviy shaharsozlikda shular ham e’tiborga olinadi. 

Uchinchidan, bekatlarda do‘konlar, har xil xizmat ko‘rsatishlar bo‘lmasligi kerak, bu omil avtomobillarning ham shu joyga to‘xtashiga sabab bo‘ladi. Yo‘lovchi bo‘lmaganlar ham bekatni egallab oladi, bu esa noqulaylik tug‘diradi. 

Bundan tashqari, bekat oynalariga reklamalar yopishtiriladi, natijada o‘tirgan odam avtobusni ko‘ra olmaydi. Bekatda o‘tirgan odam keraklicha informatsiya olishi kerak o‘tirgan joyida, jadvallar, avtobus yo‘l xaritalari qo‘yilishi kerak. Bizda bekatlar yopiq xonalardan iborat bo‘lishi kerak degan tushuncha ham bor. Aslida ochiq bo‘lishi kerak. Quyosh harakat yo‘nalishini hisobga olib zontlar va tentlar ham bekatlar atrofiga o‘rnatsa bo‘ladi», deydi Soliyev.

Ko‘proq yangiliklar: