Avvalroq Kanadada Moskva nomidan vakillik qilgan Rossiya TIV Shimoliy Amerika departamentining 64 yoshli direktori Aleksandr Darchiyev Rossiyaning AQShdagi yangi elchisi bo‘lishi mumkin. Bu haqda 24 noyabr, yakshanba kuni «Kommersant» gazetasi uch manbaga tayanib xabar berdi. «Vedomosti» gazetasi bu tayinlov haqida oktyabr oyida yozgan edi.
Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 20 noyabr kuni nomzod tanlab olingani, farmonni tasdiqlash va tayyorlash jarayonlari olib borilayotganini ma’lum qildi. «Biz yaqin kelajakda bunday tayinlovni kutishimiz mumkin», dedi Kreml matbuot kotibi aniq ismni aytmasdan.
«Bu - Polishinel siri»
«Bir necha oydan beri bu - Polishinel siri. Qonunchilik cheklovlari mavjud bo‘lganligi sababli, biz bu jarayonni oshkora izohlamaymiz», deya ma’lum qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi RBK agentligiga.
«Vedomosti» gazetasining ta’kidlashicha, bunday ssenariyda elchi sovet an’analariga xos vazir o‘rinbosari lavozimidan emas, balki Tashqi ishlar vazirligining departament boshlig‘i lavozimidan tayinlanadi.
Darchiyev Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan. 1983-1992 yillarda AQSh va Kanada institutida aspirant va ilmiy xodim bo‘lgan. 1992 yildan buyon diplomatik xizmatda. 2014 yildan 2021 yilgacha u Rossiyaning Kanadadagi elchixonasini boshqargan.
2022 yilda «Interfaks» agentligiga bergan intervyusida u «sovuq urush davrida ishlagan unutilgan tamoyil» — «bir-birimizga yuklamaslik kerak bo‘lgan, bizni ajratib turadigan qadriyatlar va ideallarga qaramay, tinch-totuv yashash» haqida eslashni taklif qildi. O‘sha intervyuda diplomat «mamlakatlarimiz o‘rtasidagi me’yoriylik qayta tiklanishiga» umid bildirdi.
Rossiya o‘z elchisi Antonovni AQShdan chaqirib oldi
Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov AQShdagi faoliyatini yakunlab, Moskvaga qaytdi. Bu haqda 5 oktyabr kuni Rossiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya axborot agentliklariga ma’lum qildi.
Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Antonov «Vashingtondagi xizmat safarini yakunlamoqda». Rossiyaning AQShdagi elchixonasi TASS agentligiga sobiq elchi bortida bo‘lgan samolyot Moskva vaqti bilan 5 oktyabr kuni kechqurun Moskvaga uchganini ma’lum qildi. Bu lavozimda Anatoliy Antonov o‘rniga kim kelishi haqida ma’lumot berilmagan.
2017 yilning avgustida Rossiyaning AQShdagi elchisi lavozimiga tayinlanishidan oldin Antonov Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Xavfsizlik va qurolsizlanish masalalari departamentida ishlagan. 2011-2016 yillarda u Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirining o‘rinbosari, keyin esa Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlagani uchun Antonov xalqaro sanksiyalar ostida, xususan, Kanada, Yevropa Ittifoqi, Shveytsariya va Britaniyada.
The Insider eslatishicha, 2022 yilning 20 fevralida Rossiya «DXR» va «LXR» mustaqilligini tan olishidan bir kun oldin va Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishidan to‘rt kun oldin Antonov Donbass va Luhansk Ukrainaning bir qismi ekanligini hamda Moskva qo‘shni davlatga bostirib kirib, uning hududini egallab olishni rejalashtirmayotganini aytgan. Keyinchalik u Rossiya rasmiylari tomonidan aytilgan har qanday bayonotlarni takrorlashda davom etdi.