Inflatsiya qariyb 7 yil ichida ilk marta 9 foizdan pasaydi

Iqtisodiyot 14:40 / 01.08.2023 18784

Iyul oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 0,2 foizga arzonlashdi, deya xabar qildi Statistika agentligi.

Ketma-ket ikki oylik mavsumiy deflyatsiya ortidan, yillik inflatsiya (o‘tgan yilning iyuliga nisbatan) 8,9 foizga tushgan. Yil boshidan buyon iste’mol sektoridagi narxlar o‘rtacha 3,3 foizga o‘sgan.

8,9 foizlik yillik inflatsiya – 2016 yil avgustidan (8,6 foiz) keyingi davrdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Statistika organi 2023 yil iyulida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 0,9 foizga arzonlashgani, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga va pulli xizmatlar 0,5 foizga qimmatlashganini qayd etdi.

Yillik nisbatda oziq-ovqatlar o‘rtacha 10,7 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar 7,3 foizga, xizmatlar esa 8,2 foizga qimmatlashgan.

Iyul oyida narxi tushgan oziq-ovqatlar: shakar (-4,6%), tuxum (-4%), kungaboqar yog‘i (-3%), sut (-2,8%), un (-2,1%). Yillik nisbatda esa sut 17,5%, kungaboqar yog‘i 14,7%, un 5,5% ga arzonlashgan; tuxum 12,2%, shakar 5,6% ga qimmatlashgan.

Iyul oyida narxi oshgan oziq-ovqatlar: guruch va guruch oqshog‘i (+1,7%, yillik +50,6%), suyakli mol go‘shti (+0,7%, yillik +13%), qo‘y go‘shti (+0,5%, yillik 12,5%).

Meva-sabzavotlardan iyul oyida eng ko‘p bodring (+8,1%), qovun (6,3%), sabzi (+5,9%), limon (+4,9%), uzum (+4,4%) va olma (+3,5%) qimmatlashgan. Baqlajon (-37,6%), bulg‘or qalampiri (-36,8%), pomidor (-30,5%) va piyoz (20,2%) sezilarli arzonlashgan.

Benzin narxlari o‘tgan oydagi kabi barcha hududlarda oshgan – respublika bo‘yicha o‘rtacha 2 foizga. Avtotransport vositalari uchun yoqilg‘isi narxi 0,2 foizga, shu jumladan propan narxi 0,8 foizga ko‘tarilgan. Transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar 2,5 foizga qimmatlashgan.

Havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari narxi iyul oyida 4,3 foizga oshgan. Bu holat milliy valuta kursining yevroga nisbatan o‘zgarishi bilan izohlandi. Temiryo‘l chiptalari narxi 1,2 foizga ko‘tarilgan.

Umumiy ovqatlanish joylaridagi narxlar 9 ta hududda 0,2 foizdan 2,3 foizgacha qimmatlashgan. Mehmonxona xizmatlari narxlari 4 ta hududda 1,7 foizdan 2,4 foizgacha oshgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Statistika agentligining rasmiy inflatsiya ko‘rsatkichlarini MB olib boradigan muqobil hisob-kitoblar ham tasdiqlayotganini aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: