FVV avtomobilni yong‘indan asrash qoidalari haqida ma’lumot berdi

Jamiyat 19:06 / 28.07.2023 15027

Avtomobildagi yong‘in kutilmaganda sodir bo‘lishi va juda tez rivojlanishi bilan xavflidir. Bunday vaqtda nima qilish kerak?! Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) avtomobilda yong‘inga sabab bo‘luvchi omillar, ularni bartaraf etish va yong‘in vaqtida qilinadigan harakatlar tartibi haqida ma’lumot berdi.

Avtomobillarda yong‘in kelib chiqishining sababi ko‘p, amaliyotda eng ko‘p uchraydigani – elektr simlarining qisqa tutashuvi hamda yonilg‘ining sizib chiqishi.

Benzin va dizelda harakatlanuvchi avtomobillarda yonilg‘i sizib chiqishini darhol payqash qiyin. Agar dvigatel sovuq holatda bo‘lsa, yonilg‘i hidini salonda ham sezish mumkin. Ammo, dvigatel qizib turgan paytda yonilg‘i juda tez bug‘lanadi va uni sezish mushkul. Benzin bug‘lari alanganlanish xususiyatiga ega, bu esa juda kichik uchqun ham yong‘inga sabab bo‘lishini anglatadi.

Siqilgan gaz balloni o‘rnatilgan avtomobillarda, asosan, gaz ballonlaridagi texnik nosozlik, yorilish, reduktor va gaz trubkasining ishdan chiqishi oqibatida ko‘p miqdorda yonuvchi gaz tashqariga sizib chiqadi. Bu o‘z navbatida yonish va portlash xavfini yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, ayrim hollarda salonda chekish, yengil alangalanuvchi moddalarni tashishda e’tiborsizlik oqibatida ham yong‘in sodir bo‘lishi mumkin.

FVV tavsiyasiga ko‘ra, transport vositasida yong‘in sodir bo‘lganda quyidagi amallarni bajarish lozim:

- Har qanday holda ham vahimaga tushmaslik;

- Avtomobilni yo‘lning chetki qismiga, imkon boricha odamlar va binolardan uzoqroq joyda to‘xtatish;

- Dvigatelni o‘chirish, «qo‘l tormozi»ni ishlatish va 101 raqami orqali yong‘in-qutqaruv qismiga xabar qilish;

- Yong‘in o‘chog‘ini va yong‘in ko‘lamini baholashga harakat qilish.

Agar yong‘in o‘chog‘i yonilg‘i baki yoki gaz ballonida bo‘lsa, undan uzoqlashish kerak. Bunday yong‘inni o‘chirishga urinish xavfli. Qutqaruvchilar yetib kelgunicha yong‘inning boshqa avtomobillar va binolarga o‘tib ketishini oldini olish va insonlar xavfsizligini ta’minlash lozim.

Agar yong‘in o‘chog‘i avtomobilning dvigatel qismida bo‘lsa, uni mustaqil o‘chirishga harakat qilsa bo‘ladi. Ammo, kapot qizigan bo‘lishi va uni ochishda kuyib qolish ehtimoli bor. Bundan tashqari, kapotning ochilishi ichkariga kislorod kirib, yong‘inni yanada avj olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu sababli, yong‘in o‘chirgichni shay holatga keltirib, mato bilan kapotni ochish tavsiya etiladi.

Yong‘in o‘chirgichni olovga to‘g‘rilab ishlatish, boshqa yo‘lovchi va haydovchilarni ham yordamga chaqirish lozim. Yong‘inni o‘chirishda tuproq, qor, ariq suvlaridan ham foydalanish mumkin.

Bundan tashqari yong‘in chiqqan joyni kigiz, ko‘rpa, brezent, kurtka va boshqa havo o‘tkazmaydigan mato bilan yopish mumkin. Faqat mato zich yopilishi kerak. Aks holda yong‘in yanada kuchayadi.

Hech bir avtomobil yong‘in va boshqa favqulodda holatlardan to‘liq muhofaza etilmagan. Yong‘in yuzaga kelishi uchun uchta element – yonuvchi modda (yonilg‘i, jihozlar va b.), yondiruvchi manba (elektr toki, yuqori harorat kabi) va kislorod talab etilib, ushbu «yong‘in uchburchagi»ning barcha elementlari avtomobillarda mavjud va kichik nosozlik ham yong‘inga sabab bo‘lishi hech gap emas. Shu sababli, transport vositalarini texnik soz holatda boshqarish, harakat davomida hushyorlikni yo‘qotmaslik, avtomobilda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bo‘lishini ta’minlash lozim.

Ko‘proq yangiliklar: