«Ikki karra ikki besh» - vijdon emas, qorni bilan hisoblashadigan amaldorlar haqida asar

Jamiyat 11:00 / 24.07.2023 12739

Ammo shunday kimsalar borki, oqni qora, qorani oq qilib ko‘rsatishni o‘z odat tusiga aylantirib ulgurgan. Bundan bir tuki qilt etmaydi. Vijdoni qursog‘i bilan hisoblashadi. Qorin to‘yyaptimi, nafs qonyaptimi, bo‘ldi: vijdon dam oladi…

Taniqli o‘zbek yozuvchisi O‘tkir Hoshimov o‘zining «Ikki karra ikki besh» asarida aynan shunday kaslarning kirdikorlarini qalamga olgan. Asar to‘liq yumor tarzida yozilgan, ko‘zingiz yoshlangunga qadar kuldiradigan sahnalarga boy. Ammo o‘sha kulgilar ostida achchiq haqiqatlar berkinib turgan bo‘ladi. Aynan shu achchiq haqiqatlar boisidan ham roman o‘z vaqtida qattiq tanqidga olingan, beobro‘ qilinishga urinilgan.

Oltin zanglamas, haqiqat egiladi, bukiladi, sinmaydi deganlaridek, ushbu asar bugun o‘quvchilar qo‘lida turibdi.

Syujyet:

Asar bosh qahramoni — Qo‘shoqvoy. Hikoya aynan shu bola tilidan aytiladi. U hali maktabga chiqmagan paytlari baland yong‘oqdan yiqilib, boshi qattiq lat yeydi. Shundan keyin aqliy jihatdan tengdoshlaridan biroz ortda qola boshlaydi. 9 yoshidan maktabga boradi. Uning eng yaqin do‘sti Shodivoy. U Rais buvaning arzandasi. Ikki o‘rtoq xo‘p kulgili voqealarni boshdan kechiradi. 

Ana-mana qilib maktabni ham bitirishadi. Rais Shodivoyni «yuridika»da o‘qitmoqchi bo‘ladi. Ammo Shodivoy Qo‘shoqvoysiz o‘qimayman deb turib oladi. 

Rais Qo‘shoqvoy va Shodivoyni yoniga olib, Toshkentga jo‘naydi. U yerda bir kattakon domla bilan kelishib, Qo‘shoqvoyni o‘qishdan o‘tkazib berishga va’dalashadi. Imtihonda har ikki jo‘ra bir xil vazifa bajarishadi va anglashilmovchilik sabab Shodivoy qolib Qo‘shoqvoy imtihondan o‘tib ketadi. Ammo raisning kuyib-pishishi orqali bu «xato» tezda tuzatiladi.

Rais Shodivoyning dod-voyiga qaramay Qo‘shoqvoyni qishloqqa qaytarib olib ketadi. Ikki jo‘ra keyinchalik tushunadiki, Qo‘shoqvoyni imtihonga kirishi Shodivoyni ko‘ndirish uchun bo‘lgan ekan.

Qo‘shoqvoyni Rais buva brigadir qilib qo‘yadi. Qo‘shoqvoy sonlar, raqamlar masalasida biroz oqsardi. Judayam sodda edi. Uning ayni shu holati Raisga qo‘l kelardi.

Kunlardan bir kun qahramonimiz Raisning Nargiza ismli kotibasiga mubtalo bo‘ladi. U qiz bir kattakonning jiyani bo‘ladi. Rais ham shuni kutib turgandek darrov qizni Qo‘shoqvoyga unashtirib, to‘yni tezlashtirib yuboradi. Bundan faqatgina Qo‘shoqvoyning dadasigina shubhaga tushadi. Ammo uning shubhalariga kim ham quloq osardi. Axir bu to‘yga shaxsan Rais buva boshchilik qilyapti-ku!

To‘y juda dabdaba bilan tashkillashtiriladi. Oddiy brigadir bo‘lib ishlaydigan, necha oylab oylik olmaydigan Qo‘shoqvoy uchun bunday to‘kin-sochinlik bo‘ynigacha qarzga botish demakdir. Nima qilsin – o‘zbekchilik...

Raisning nega buncha shoshgani, qahramonimiz uchun osmondagi qo‘l yetmas oy kabi bo‘lgan Nargizni qo‘sh qo‘llab Qo‘shoqvoyga olib bergani to‘ydan keyin ma’lum bo‘ladi... To‘y o‘tgach 4 oydan so‘ng Nargiz Rais buvaning farzandini dunyoga keltirdi...

Qo‘shoqvoyning aqli noqis bo‘lsa-da oriyati joyida edi. O‘zini haqiqiy er kishilardek tutdi. Raisni kaltakladi. Rais militsiyani aralashtirdi. Buning oqibatida barcha kirdikorlari ochilib ketdi.

Paxta o‘rniga pul topshirishlar-u, xo‘jalik mollarini raqamlarini oshirib qo‘yishidan tortib, xalqning haqini xazinasiga tashiyotganigacha.

Eng ta’sirlisi esa Rais va hamtovoqlarini o‘z o‘g‘li – Shodivoy tergov qilardi. Bu o‘ta og‘ir jarayon.

Tahlil:

Asarda o‘sha davrda avj olgan va haligacha ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan muammo-masalalar ko‘tarilgan, yumor tarzida qattiq tanqidga olingan. Masalan, rahbarlarning o‘z mansabidan foydalanib xalqning haqini o‘zlashtirishi, korrupsiyani avj oldirishi, to‘ylardagi ortiqcha isrofgarchilik, dabdabaga ruju qo‘yish oqibatida kambag‘alning beli sinishi. 

Shodivoyning imtihondan o‘tishi sahnasi esa o‘sha davrda zari va zo‘ri bor odamlarning bolasigina o‘qiy olishi, bilim hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qo‘yganini aks ettiradi. Yaqingacha ham shunday emasmidi? Ota-onalar mol-holigacha sotib, pulini qo‘ltiqlagancha u domlaning uyidan bu rektorning eshigiga chopishmasmidi? Imtihon kuni tayyor yechilgan testlar «alohida» abituriyentlar oldiga olib kirib berilmasmidi?

Raisning qurboni birgina Nargiz va Qo‘shoqvoy emas edi. Kutubxonachi Oysara bilan o‘yinlari uzoq vaqt davom etgandi. Buning oqibatida esa Oysaraning eri Tursunboyning ruhiyati majaqlanib ulgurgandi. Bundan chiqdi «kattakonlar»ga nafaqat xalqning haqiga, balki birovning haloliga ega chiqish ham hech gap bo‘lmagan.

Rais yonidagi ishchilariga ikki karra ikki nechchi desa, besh deb javob berardi. Rais ularni-da shunga ishontirgandi. Qo‘shoqvoyning aqli noqisligi uchun ham yoniga olgan, uni eng yaxshi «kadr» qilib yetishtirmoqchi edi. Aqli noqis deb hatto Qo‘shoqvoyga o‘ynab zerikkan «qo‘g‘irchog‘i»ni o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Demak, rais kabi ayrim noinsof amaldorlarga kishilar taqdiri, Nargiz singari qizlar iffati o‘yinchoqdek gap ekan-da.

Asarda ma’nan, vijdonan sog‘lom insonlar bor. Qo‘shoqvoyni otasi Salim aka, Usmon Qilichev, Ergashev kabi sof insonlar Rais singari badnafs kimsalar tomonidan biri gazeta sotuvchiligiga tushirib qo‘yildi, biri majburan nafaqaga chiqarildi, biri qo‘shib yozuvchi sifatida beobro‘ qilindi. Hammasiga sabab ular ikki karra ikki to‘rt ekanini bilar va buni atrofdagilarga ta’kidlar edi. Albatta, bu Rais buvalarga yoqmasdi...

Nima bo‘lganda ham baribir adolat qaror topadi. Hech kimning haqi hech kimda qolmas. Ayniqsa xalq haqining toshi og‘ir bo‘ladi. Kim bo‘lishidan, qanday mansabda o‘tirishidan qat’i nazar har bir shaxs o‘z haddini bilishi, xalqning ishonchini oqlashi, omonatga sadoqat ko‘rsatishi lozim. O‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani suiiste’mol qilmagan holatda, mas’uliyat, sof vijdon bilan bajarishi shart…

Gulasal Qodirova

Ko‘proq yangiliklar: