8 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 22:10 / 08.01.2025 3394

Davlat sirlari to‘g‘risidagi yangi qonun, avtobuslardagi jarima faqat chiptasizlarga, elektron nusxasi tan olinadigan hujjatlar va styuardessaga shilqimlik qilgan yo‘lovchi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Davlat sirlari to‘g‘risidagi yangi qonun

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonun 2025 yil 29 martdan kuchga kiradi. Hujjatga ko‘ra, davlat ahamiyatiga ega sirlar harbiy, iqtisodiy, siyosiy va ilmiy sohalardagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Qonun davlat sirlarini uch darajaga ajratadi: «Alohida ahamiyatli», «mutlaqo maxfiy» va «maxfiy». Har bir daraja uchun ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlari belgilangan: 30 yilgacha yoki 10 yildan oshmasligi shart. Davlat xavfsizlik xizmati davlat sirlari sohasida vakolatli organ etib belgilandi.

Qonunga muvofiq, inson huquqlari buzilishi, ekologik yoki ijtimoiy holatga doir ma’lumotlar maxfiylashtirilmaydi. Davlat sirlari bilan ishlovchi shaxslarning huquqlari vaqtincha cheklanishi mumkin, masalan, O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqish huquqi.

Davlat sirlarini oshkor qilgan shaxslarga 8 yilgacha, davlatga xoinlik yoki josuslik uchun 20 yilgacha qamoq jazosi beriladi.

Hujjatlarning elektron nusxasi tan olinadi

O‘zbekistonda 2025 yil 1 iyuldan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari davlat organlari va tashkilotlar tomonidan majburiy ravishda qabul qilinadi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, «Raqamli hukumat» doirasida yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va «Ijtimoiy karta» mobil ilovasida unifikatsiyalangan raqamli servislar joriy etiladi.

Elektron hujjatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi: biometrik pasport, ID karta, haydovchilik va nikoh guvohnomalari, ishonchnoma, transport vositasining texnik pasporti, nafaqa va talabalik guvohnomalari, shuningdek, turar joy va kadastr hujjatlari. Faqat shu raqamli hujjatlar banklar, notariuslar, aeroportlar va boshqa tashkilotlarda qog‘oz shaklida talab qilinmaydi.

Yangi tartib my.gov.uz portali orqali foydalanish imkoniyatini ham taqdim etadi. Hujjatlarning elektron nusxalarini qabul qilish davlat xizmatlarini osonlashtirish va qog‘ozbozlikni kamaytirishga qaratilgan.

Uch davlat bosh vazirlari uchrashuvi

8 yanvar kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bosh vazirlari Abdulla Aripov, Odilbek Qosimaliyev va Qohir Rasulzoda uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishdi. Tadbir uch davlat chegaralari tutashgan hududda o‘tkazildi va mintaqaviy hamkorlikka doir muhim masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda davlat chegaralari bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlar muhokama qilinib, savdo, logistika, suv-energetika hamda madaniy-gumanitar aloqalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘tarildi. Bosh vazirlar transchegaraviy hamkorlik mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim qismi ekanini ta’kidlashdi. Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish hamda shartnomalarni ratifikatsiya qilish jarayoni yakunlangani ma’lum qilindi.

Styuardessaga shilqimlik qilgan erkak

2024 yil 31 dekabr kuni Sochi – Toshkent yo‘nalishidagi samolyot bortida mast holda styuardessaga shilqimlik qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi qaroriga ko‘ra, 1985 yilda tug‘ilgan J.E. 5 sutkaga qamaldi.

Sud materiallariga ko‘ra, J.E. bir necha bor styuardessaning tanasiga tegib, shahvoniy shilqimlik qilgan. Tanbehlarga qaramay, o‘z harakatlarini to‘xtatmagan va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishga to‘sqinlik qilgan. J.E. sudda aybini rad etib, tegish tasodifiy sodir bo‘lganini aytgan, ammo styuardessaning ko‘rsatmalari va guvohliklar uning aybini isbotladi.

Sud J.E.ning harakatlarini huquqbuzarlik deb topdi va unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

Avtobuslarda jarima faqat chiptasizlarga

Transport vazirligi Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini naqd pulda to‘lagan yo‘lovchilar jarimaga tortilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda vazirlik rasmiy munosabat bildirib, asossiz ma’lumot tarqatmaslikni so‘radi. Jarima faqat chiptasiz yuradigan yo‘lovchilarga qo‘llanadi.

O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra, chiptasiz harakatlanish uchun jarima miqdori BHMning o‘ndan bir qismini, ya’ni 37,5 ming so‘mni tashkil etadi. Yangi elektron to‘lov tizimi joriy etilgani sababli avval o‘rganish va ogohlantirish jarayonlari amalga oshiriladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent avtobuslarida naqd pulda to‘lov qilish to‘liq bekor qilingan. Bir martalik chiptalar 3000 so‘m evaziga infokiosklar orqali xarid qilinishi mumkin. Elektron to‘lovlar esa arzonroq – 1700 so‘m.

Soliq tushumlari 200 trln so‘mga yaqinlashdi

2024 yilda O‘zbekistonda davlat budjetiga 199,6 trln so‘m soliq tushumlari kelib tushgani qayd etildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 20,3 foizga oshgan. Umumiy tushumlardan 52,7 trln so‘m yoki to‘rtdan bir qismi foyda solig‘i hissasiga to‘g‘ri keldi.

Hududlar kesimida Toshkent shahrida soliq tushumlari 27 foizga, Sirdaryo viloyatida 25 foizga, Toshkent viloyatida esa 23 foizga oshgan.

O‘zbekistonda kichik biznes qo‘llab-quvvatlanadi

Islom taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish uchun 40 mln dollar ajratadi. Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, mablag‘lar asosan murobaha tamoyiliga muvofiq kichik biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Pulning katta qismi — 30 mln dollari «Biznesni rivojlantirish banki» orqali tadbirkorlarga taqdim etiladi. Loyiha 2025-2027 yillarda amalga oshiriladi.  

Ko‘proq yangiliklar: