Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 2023 yil 18 iyul kuni soat 19:20 da quturish kasalligiga gumon qilinib, bir nafar fuqaro yotqizilgan.
Sanepidqo‘mita axborot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaroni 2023 yil fevral oyida o‘zining 3 yoshli, qora rangli iti chap oyoq boldir sohasini tishlagan. Iyul oyigacha bo‘lgan vaqt davomida bemor tibbiyot muassasasiga murojaat qilmagan.
Sirdaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan bemorda o‘tkazilgan davo muolajasiga qaramasdan, u 19 iyul kuni soat 21:35 da vafot etgan. Bemordan namuna olish uchun patologik anatomiya tekshiruviga jo‘natilgan.
Marhumga jarohat yetkazgan itni boshqa fuqarolarga jarohat yetkazganligini o‘rganish va kasallik oldini olish maqsadida marhum yashash manzilida shtab tashkil etilgan. Tibbiyot xodimlaridan iborat 10 ta guruh tuzilib, 32 nafar tibbiyot xodimlari xonadon aylanish tadbirlariga jalb etilgan. Sanepidqo‘mitaning Boyovut tumani bo‘limi 10 nafar xodimi epidemiologik surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Sirdaryo viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarma mas’ullari hamda tuman mutaxassislari tomonidan mahalladagi barcha xonadonlardagi itlarni, mushuklarni quturish kasalligiga qarshi emlash tadbirlar olib borilayotgani bildirilgan.