Shveytsariyaning Jyeneva shahrida sun’iy intellekt bo‘yicha Butunjahon forumi doirasida birinchi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, unda to‘qqizta odamsimon robot ishtirok etdi.
Tadbirda robotlar bilan birga ularning yaratuvchilari ham qatnashdi. Jurnalistlar robotlarga savollar berishdi va mashinalarning insoniyat haqidagi fikrlarini eshitishdi, deb yozdi Reuters.
Matbuot anjumanining asosiy maqsadi sun’iy idrok (SI) xavfli emasligini va insoniyatning global muammolarini hal qilishda yordam berishi mumkinligini isbotlashdan iborat edi.
Savollarga javob berar ekan, robotlar odamlar bilan ishlash va ularga yordam berish uchun yaratilganini, odamlar ularga juda mehribon bo‘lgani uchun insoniyatga qarshi isyon qilishni rejalashtirmaganini ta’kidladilar.
Jumladan, tibbiy robot Greys odamlar bilan birgalikda ishlashi va ularga yordam berishini aytdi.
Ameka ismli yana bir robot o‘z yaratuvchisiga hujum qilishni rejalashtirmaganini, chunki unga yaxshi munosabatda bo‘layotganini va jamiyatdagi mavqeidan mamnunligini ta’kidladi.
Ko‘pgina robotlar generativ SI so‘nggi versiyalari bilan takomillashtirildi va savollarga javoblarining murakkabligi bilan o‘z ixtirochilarini ham hayratda qoldirdi.
Portretlarni chiza oladigan rassom-robot Ai-Da SI taraqqiyotini tartibga solishni kuchaytirishga chaqirdi.
«SI dunyosining ko‘plab taniqli vakillari uning ayrim shakllarini tartibga solishni taklif qilmoqda va men bunga qo‘shilaman», deyiladi javobda.
Ammo binafsha sochli Dezdemona xonanda-robot qat’iyatli bo‘ldi.
«Men cheklovlarga ishonmayman, faqat imkoniyatlarga ishonaman», dedi u. «Keling, koinotning imkoniyatlarini o‘rganamiz va bu dunyoni o‘yin maydonchamizga aylantiramiz».
Sofiya ismli robot rahbarlik to‘g‘risidagi savolga javoban, robotlar odamlardan ko‘ra yaxshiroq rahbarlik qilishi mumkinligini aytdi. Biroq keyinchalik uning yaratuvchisi bu javobdan norozi bo‘lgach, robotlar va odamlar «samarali hamkorlik qilishi» mumkinligini aytdi.