Fan-texnika | 17:17 / 22.01.2025
8380
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar eng mitti biotibbiy robotni yaratdi: u nimalarga qodir?

Kichik o‘lchami tufayli qurilma tananing tor qismlarida bemalol harakatlanadi va sifatli tasvirlar oladi.

Foto: HKUST

Honkong Fan va texnologiyalar universiteti muhandislik maktabi olimlari dunyodagi eng kichik ko‘p funksiyali biotibbiyot robotini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. MedicalXpress xabar qilishicha, robot shu paytgacha mavjud modellardan 60 foiz kichikroq.

Robot tasvirga olish, aniq yo‘nalishda harakatlanish va turli vazifalarni bajarish qobiliyatiga ega. Xususan, u to‘qima namunalarini oladi, dori yetkazib beradi va lazer bilan davolaydi. Uning yo‘g‘onligi atigi 0,95 millimetrga teng bo‘lib, bu boshqa endoskop-robotlarga nisbatan 60 foiz yupqa.

Ushbu robotda ilgari imkonsiz deb hisoblangan uchta asosiy xususiyat birlashtirilgan. Qurilma yuqori sifatli tasvirlarni oladi va 9,4 millimetrgacha bo‘lgan masofada to‘siqlarni aniqlaydi. Bu nazariy chegaralardan o‘n barobar ko‘p. Bundan tashqari, u 30 mikrometrdan kam xatolik bilan yuqori aniqlikda harakatlanadi. Uning ko‘rish maydoni shu kabi qurilmalarga nisbatan 25 barobar katta.

Robot to‘rtta asosiy qismdan iborat: organizm ichidagi tasvirlarni olish uchun optik tolali matritsa, dorilarni aniq yetkazib berish uchun maxsus moslama, tolalar va moslamalarni ushlab turuvchi ichi bo‘sh karkas hamda robotning harakatlarini boshqarish imkonini beradigan funksional qobiq.

Robot jarrohlik amaliyoti paytida organizm ichida oson harakatlanadi. Olimlar uni laboratoriyada va cho‘chqa o‘pkasida sinab ko‘rdi. Sinovlar natijasida robot tor joylarda bemalol harakatlanishi, sifatli tasvirlar olishi va borish qiyin bo‘lgan joylarda muolaja o‘tkaza olishi aniqlandi.

Kichik o‘lchamdagi robot-jarrohlar turli xil kasalliklarni davolashda qo‘llanib kelinadi. Xususan, ulardan yurak kasalliklari, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yaralarini davolashda foydalaniladi. Olimlar bunday robotlardan tibbiyotda keng foydalanish maqsadida ularni takomillashtirishga intilmoqda.

Mavzuga oid