Elektronika sohasida inqilob qilgan Sony – yapon kompaniyasi qanday tashkil etilgandi?

Fan-texnika 12:19 / 02.07.2023 83055

1960-70 yillarda iqtisodiyotda «yapon mo‘jizasi» termini paydo bo‘ldi. Bu bejizga emas edi. O‘sha paytda Yaponiya kompaniyalari ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan ko‘plab buyumlar ishlab chiqaradi.

Avvaliga ixcham radiopriyomniklar, kasseta bilan o‘qiydigan magnitofonlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik ularning cho‘ntakka solib yursa bo‘ladiganlari ham tayyorlanadi.

Bundan tashqari, ilk videomagnitofon, videokamera, o‘yin uskunalari kabilar ham Yaponiya kompaniyalari tomonidan tayyorlangan. Bunday mahsulotlar dunyo bo‘ylab ommalashishida Sony kompaniyasining ham hissasi katta bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bir necha nafar xodim va 500 dollar aylanma mablag‘ bilan ish boshlagan Sony ko‘p o‘tmay dunyo darajasida taniqli kompaniyaga aylanadi.

Kompaniya asoschisi Akio Morita

Sony kompaniyasining asoschisi Akio Morita 1921 yilda Ayti prefekturasining janubiy-sharqiy qismidagi Tokoname shaharchasida tug‘iladi. O‘rta maktabni bitirgach Osaka universitetining fizika fakultetida tahsil olgan Akio Ikkinchi jahon urushi paytida Yaponiya armiyasida xizmat qiladi.

Urushdan so‘ng u Masaru Ibuka bilan tanishib qoladi. Ana shu tanishuv uning hayotini keskin o‘zgartirib yuboradi.

Akio Morita va Masaru Ibuka, 1950-yillar.

Masaru 1933 yilda Vaseda universitetining elektrotexnika fakultetini tugatgan va diplom ishi Parij ko‘rgazmasida mukofot olgandi. Ikkinchi jahon urushi paytida Masaru ham Yaponiya armiyasida xizmat qiladi va suvosti kemalariga qarshi ishlatiladigan aviatsiya uskunalarini tayyorlash ishlarida ishtirok etadi. Akito sherigi Masarudan 13 yosh katta edi. 

Urushdan so‘ng AQSh ta’siri ostida qolgan Yaponiyaga juda katta miqdorda Amerika sarmoyasi kirib kela boshlaydi. Natijada 1946 yildan boshlab bu davlatda juda ko‘plab kompaniyalar tashkil etiladi va ular qisqa muddatlarda muvaffaqiyatga erisha boshlaydi.

1946 yil 7 may kuni Akio sherigi Masaru bilan Tokio telekommunikatsiya-sanoat kompaniyasini tashkil etadi. Bu nom yapon tilida beshta so‘zdan iborat bo‘lib, xorijliklar uni talaffuz qilishda qiynalardi.

Shu sababli Akio hammaslagi Masaru bilan maslahatlashib kompaniya nomini Sony deb o‘zgartiradi. Bu nomni tanlashdan avval Akio hech bir tilda uchramaydigan jarangdor so‘z qidiradi va Sony atamasini tanlaydi.

Bu atama lotincha sonus-tovush va inglizcha sunny boys-quyoshli bolalar so‘zlarini qo‘shish orqali yasaladi. «Sonni» tovushi yapon tilidan tarjima qilinganda bankrot bo‘lgan biznesni anglatgani uchun Akio bitta n harfini olib tashlaydi. Shu tariqa Sony so‘zi yuzaga keladi va bu atama hammaga ma’qul bo‘ladi.

Kompaniya ilk tashkil etilganda Akio va Masaruda bilim va tajriba yetarli edi, biroq mablag‘ yo‘q edi. Shu uchun ular kompaniya shtab-kvartirasi uchun Tokiodagi yonib ketgan va hali ta’mirlanmagan univermagning to‘rtinchi qavatini ijaraga oladi. Keyinroq ishlar biroz yurishgandan so‘ng shahar chetidan joy olib ko‘chib chiqishadi.

Kompaniyaning birinchi hissadori Akioning otasi bo‘ladi. U o‘g‘li boshlagan ish muvaffaqiyat qozonishiga ishonib unga ancha pul beradi. Keyinchalik kompaniya rivojlanib ketgach uning yirik hissadorlaridan biri bo‘lib qoladi.

1946 yilda Akio dunyoda birinchilardan bo‘lib guruch qaynatishga mo‘ljallangan jihozni yasab chiqadi. Ko‘p o‘tmay uning yoniga radioapparatlar qo‘shiladi.

Kompaniya ilk tashkil etilganda uning 20 nafar xodimi bo‘lgan. Ishlar olg‘a ketavergach buyurtmalar soni oshavergan va shunga qarab xodimlar soni ham ko‘payib borgan.

Sony kompaniyasining ilk xodimlari, 1940-yillarning ikkinchi yarmi

1949 yilda Akio Amerikada ishlab chiqarilgan magnitofonni sotib oladi va uni bo‘laklarga bo‘ladi. Magnitofonda yarim o‘tkazgich sifatida juda qimmat metalldan tayyorlangan simdan foydalanilgan ekan. Akiro o‘zi ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan magnitofonga arzonroq simdan foydalanishni reja qiladi. Sinovlar muvaffaqiyatli kechadi.

1950 yildan boshlab kompaniya o‘zining ilk magnitofonini ishlab chiqaradi. Uning og‘irligi 35 kg bo‘lib, bahosi o‘sha paytda qariyb 500 dollar edi.

Narxi juda qimmat bo‘lgani uchun yangi magnitofon yaxshi sotilmaydi. Shundan so‘ng Akio magnitofonini turli davlat idoralari, vazirliklar, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga borib taklif qiladi. Shu yo‘l bilan u ancha magnitofonni sotib qo‘yadi.

Sony kompaniyasining birinchi magnitofoni. Uning og‘irligi 25 kg bo‘lgan

Jahon bozoriga chiqish

Sony kompaniyasining jahon bozoriga chiqishi magnitofonlar yoki boshqa elektr jihozlar bilan emas, oddiygina yarim o‘tkazgich (tranzistor) bilan boshlangan.

1952 yilda Akio yarim o‘tkazgichlar texnologiyasini o‘rganish uchun AQShga boradi. Uning maqsadi texnologiyalarni mukammallashtirib, radio va magnitofonlarni ixchamlashtirish edi.

Aynan yarim o‘tkazgichlar Sony kompaniyasi muvaffaqiyatiga sabab bo‘ladi. Xodimlar zo‘r ishtiyoq bilan ish boshlaydi va radio va magnitofonlarning hajmi kichrayib olib yurish uchun qulay ko‘rinishga keladi. Bunday mahsulotlarning dastlabkisi 1955 yilda ishlab chiqariladi. Kompaniya o‘z mahsulotlarini Yevropa va Amerikaga ham jo‘nata boshlaydi.

Oradan ikki yil o‘tib, 1957 yilda kompaniya radioapparatlarning hatto cho‘ntakda olib yursa bo‘ladiganlarini ishlab chiqara boshlaydi. Bu mahsulot ilk bor AQShda sotila boshlagach unga juda katta buyurtma tushadi.

1961 yilda o‘zining yana bir mahsuloti bilan dunyoga mashhur bo‘ladi. Kompaniya tranzistorli ixcham televizorlarni ishlab chiqarishni boshlaydi va bu mahsulotga ham juda katta buyurtma tushadi. O‘sha yili Sony ilk bor Nyu-York fond birjasida o‘z aksiyalarini savdoga chiqaradi.

Muvaffaqiyatlar solnomasi

1965 yil. IBM korporatsiyasi o‘z qurilmalarida Sony kompaniyasining magnitli lentalaridan foydalana boshlaydi.

1968 yilda kompaniya rangli kineskopli televizorlarni ishlab chiqara boshlaydi. Bu televizorlar ham AQShda juda katta muvaffaqiyat bilan sotiladi. O‘sha yili Sony AQSh milliy kinoakademiyasining Emmi mukofotini qo‘lga kiritadi.

1979 yil. Kompaniya cho‘ntakka solib yursa bo‘ladigan kassetali ixcham magnitofonini chiqara boshlaydi.

1983 yil. Sony Phillips kompaniyasi bilan hamkorlikda dunyoda birinchilardan bo‘lib kompakt diski ishlab chiqara boshlaydi. Diskka 74 minutli audio joylasa bo‘lardi.

1994 yil. Sony kompaniyasi keyinchalik juda katta muvaffaqiyat bilan sotilgan Playstation o‘yinlar uskunasini ishlab chiqaradi. Eng birinchi ishlab chiqarilgan uskunalar o‘yinlar yozilgan kompakt disk bilan ishlardi. Ko‘p o‘tmay kompakt disk o‘rnini ixcham xotira kartalari egallaydi. Keyinchalik xotira chiplari uskunaning o‘ziga o‘rnatiladi. Shu bilan birga ularning xotira hajmi ham juda kattalashtiriladi.

1994 yil Akio sog‘ligidagi muammolar tufayli kompaniya rahbarligini Norio Ogaga bo‘shatib beradi.

Norioning kompaniyaga ishga kelishining o‘z tarixi bor. U yoshligida musiqa bilan shug‘ullanardi. Kunlardan bir kun Norio Sony mahsulotlari sotiladigan do‘konga keladi va o‘zi foydalanayotgan kichik magnitofonning ovoz chiqarish moslamasidagi kamchiliklarni aytadi.

Sotuvchilar uni kompaniya ofisiga yuboradi. Yigitcha bosh ofisda tasodifan Akioning o‘ziga duch keladi va e’tirozlarini unga aytadi. Shundan so‘ng Akio unga ish taklif qiladi va Norio kompaniyada ish boshlaydi.

Norio Oga Foto: Getty Images

1997 yil. Kompaniya yangi Vaio brendini ommaga taqdim etadi. Bu brend ostida kompaniya noutbuk, kompyuter va DVD-pleyerlar ishlab chiqara boshlaydi.

2000 yil. Sony ancha mukammal bo‘lgan Playstation-2 ni ommaga taqdim etadi. Bu o‘yin qurilmasidan qisqa vaqtda dunyo bo‘ylab 130 mln dona sotiladi.

2001 yil. Kompaniya Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasi bilan birlashadi va Sony-Ericsson brendi ostida uyali telefon va boshqa multimedia mahsulotlarini ishlab chiqara boshlaydi.

2005-2007 yillarda Sony yangi Bravia brendini ommaga taqdim etadi. Bu brend nomi ostida asosan plazmali televizorlar ishlab chiqariladi.

2011 yilda Ericsson kompaniyasi o‘z ulushini sotishga rozi bo‘ladi. Shundan so‘ng Sony Mobile Communications tashkil etiladi va endi uyali aloqa vositalari Sony nomi nomi ostida sotuvga chiqariladi.

Kompaniyaga zarar keltirgan zilzila

2011 yil 11 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da Yaponiya shimolidagi Xonsyu orolining sharqiy qismida magnitudasi 9 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Zilzila epimarkazi Tokiodan 373 kilometr shimoliy-sharqda, Tinch okeanida, dengiz sathidan 32 kilometr chuqurlikda joylashgan edi. Zilzila oqibatida kuchli sunami yuzaga keladi.

Bu sunami to‘lqini o‘sha kungacha kuzatilgan to‘lqinlardan bir necha barobar yuqori bo‘lib, Yaponiyaning shimoliy-sharqiy sohillariga katta ziyon yetkazadi. Kuchli sunami Yaponiyaning 561 kilometr kvadrat hududini suv bosishiga sabab bo‘ladi. Shundan 327 kilometr kvadrat yer maydoni Miyagi prefekturasida, qolgani Fukushima va Ivate prefekturalari hududida edi.

Tsunami balandligi Ivate prefekturasidagi Miyako shahrida 40,5 metrga yetadi. Umumiy hisobda sunami oltita prefekturadagi 62 ta shahar va ko‘plab qishloqlarga ziyon yetkazadi. Tabiiy ofat oqibatida 15 ming 894 kishi halok bo‘ladi, 2 ming 562 kishi bedarak yo‘qoladi. Halok bo‘lganlarning 93 foizi sunami qurbonlari bo‘lgan. Keyinchalik bu halokatga yaponlar «Sharqiy Yaponiyadagi buyuk zilzila» degan nom berishadi.

Zilzila sababli yuzaga kelgan sunami shahar va qishloqlarni vayron qilish bilan birga ko‘plab ijtimoiy obektlar va ishlab chiqarish korxonalariga zarar yetkazadi. Zarar yetgan korxonalar orasida Sony kompaniyasiga tegishli ko‘plab korxonalar ham bor edi. Shu sababli kompaniya bir nechta yirik korxonasining ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Kompaniyaning Yaponiyadagi korxonalaridan biri

Ko‘p o‘tmay kompaniya ishlari ortga keta boshlaydi. Umuman olganda 2012-2015 yillar Sony uchun og‘ir kechdi. Barchasi iziga tushayotgan kezda, 2016 yil aprel oyida Kumamoto prefekturasida yana kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi.

Bu prefekturada kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan turli jihoz va uskunalar uchun datchik va mikrodispley tayyorlab beruvchi asosiy korxonalar joylashgan edi. 14 apreldan 17 aprelgacha davom etgan kuchli zilzilalar tufayli ularning barchasi o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Oqibatda kompaniyaning dunyo bo‘ylab joylashgan ko‘plab korxonalari ishlab chiqarishni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Umuman olganda Yaponiyada vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadigan zilzilalar Sony kompaniyasining faoliyatiga salbiy ta’sir qilib turadi. Biroq kompaniya tez vaqtda nosozliklarni bartaraf etib, yana olg‘a intiladi.

Kompaniya haqida qiziqarli ma’lumotlar

1.    Sony kompaniyasi endi ish boshlaganida uning boshlang‘ich kapitali 500 dollar, xodimlar soni 20 nafar bo‘lgan.

2.    1946 yilda kompaniya ilk isitadigan yostiq va elektrli grelka ishlab chiqaradi va ulardan juda ko‘p miqdorda sotadi. Kompaniyaning ilk muvaffaqiyatiga shu mahsulotlar sabab bo‘ladi.

3.    Sony kompaniyasini dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lishiga ixcham tranzistorlar sabab bo‘lgan. Kompaniya 1955 yilda tranzistorli radioapparat, 1961 yilda tranzistorli televizorlarni ishlab chiqara boshlagan. Har ikki mahsulot dunyoning ko‘plab davlatlariga eksport qilingan.

4.    Kompaniya Sony nomini 1950 yilda olgan. Ungacha Totsuko (to‘liq yozilishi «Tokyo Tsushin Kogyo») deb atalgan.

5.    1963 yilda Sony dunyoda birinchi bo‘lib videomagnitofon ishlab chiqara boshlaydi.

6.    1979 yilda Sony dunyodagi birinchi pleyerni ishlab chiqaradi va bu musiqa olamida inqilob bo‘ladi. Cho‘ntakka ham sig‘adigan ixcham pleyer magnitofon kassetasi bilan ishlardi.

Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan cho‘ntak magnitafoni. O‘z davrida bu mahsulotga talabgorlar juda ko‘p bo‘lgan va undan bir millionlab ishlab chiqarilgan.

Sony Group Corporation

Bugun Sony kompaniyasi juda ko‘p tarmoqlarda ishlab chiqarish korxonalariga ega. Ularda elektronika buyumlari, uyali telefon, o‘yin uskunalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, robot va boshqa ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, kompaniyaning o‘z kinostudiyasigacha bor.

Kompaniyaning o‘nga yaqin asosiy bo‘limlari va ularning tarkibida bir necha o‘nlab bo‘linma bor. Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Sony kompaniyasiga tegishli korxonalarda 110 mingdan oshiq odam mehnat qiladi.

So‘nggi yillarda kompaniyaning o‘z mablag‘i qariyb 45 mlrd dollarga yaqinlashdi. Aylanma mablag‘i esa 50 mlrd dollardan oshmoqda. 2022-2023 moliyaviy yilda (31 martda tugadi) kompaniyaning sof foydasi 7 mlrd dollar atrofida bo‘ldi. 2022 yilda kompaniya kapitalizatsiyasi 137 mlrd dollarga baholangan.

Sony Group Company egalik qilayotgan kinokompaniyalar

Mobil qurilmalar ishlab chiqarish bo‘limining yuksalishi va inqirozi

Garchi har yili Sony kompaniyasining aylanma mablag‘lari va sof foydasi oshib borayotgan bo‘lsa-da kompaniyaning barcha bo‘limlari birday muvaffaqiyatli ishlayapti deb bo‘lmaydi. Jumladan, uning mobil qurilmalar bo‘limi inqiroz yoqasiga kelib qoldi.

Kompaniya telefon qurilmalari bozoriga ilk bor 2000 yilda kirgan va o‘shanda jahon bo‘yicha ishlab chiqarilgan telefonlarning 1 foizi Sony kompaniyasida tayyorlangan.

2001 yilda kompaniya Shvetsiyaning Ericsson kompaniyasi bilan birlashadi va Nokia, Samsung va LG). kompaniyasi tashkil etiladi. Shundan so‘ng Sony Ericsson brendi ostida telefon ishlab chiqarila boshlanadi.

Sony Ericsson telefoni, 2000-yillar ikkinchi yarmi

Yangi kompaniya 2001 va 2002 yillarda zarariga ishlaydi. Faqat 2003 yilga o‘tib foyda qila boshlaydi. 2007 yilgacha muvaffaqiyat bilan ishlab turgan kompaniya AQShning Apple kompaniyasi Iphone telefonlarini ishlab chiqargandan so‘ng raqobatga dosh bera olmaydi. 2008 yildan 2010 yilgacha bir necha ming xodim ishdan bo‘shatiladi.

Shunday bo‘lsa ham 2009 yilda kompaniya telefon ishlab chiqarish bo‘yicha Nokia, Samsung va LG kompaniyalaridan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

2012 yilda Sony kompaniyasi Ericsson’ning ulushini 1 mlrd dollarga sotib oladi. 2013 yilda kompaniya 37 mln dona telefon sotadi. Bu jahondagi telefon savdosining 2 foizi edi.

2014 yilga o‘tib kompaniya 40 mln dona telefon sotadi va shundan so‘ng ishlar orqaga keta boshlaydi. 2017 yilda 13,5 mln dona, 2018 yilda 6,5 mln dona, 2019 yilda 3,2 mln dona ishlab chiqarib sotiladi.

Sony Mobile kompaniyasida ishlab chiqarilgan uyali telefon va planshet

So‘nggi yillarda kompaniyaning smartfonlar ishlab chiqaruvchi Sony Mobile bo‘limi zo‘rg‘a jon saqlab kelyapti. Agar vaziyat shu yo‘sinda davom etaversa va Xitoy kompaniyalari o‘zining arzon smartfonlari bilan jahon bozorini egallayversa, Sony Mobile bozordagi ulushini yanada qisqartirishga majbur bo‘ladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: