KPMG “xalqchil IPO”da strategik konsultant sifatida qatnashadi

Iqtisodiyot 21:21 / 05.06.2023 34557

40 ta davlat korxonasida “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “xalq IPO”sini amalga oshirishda strategik konsultant sifatida KPMG ishtirok etadi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, o‘tkazilgan tanlovda 4ta mahalliy va xalqaro konsalting kompaniyalaridan takliflar kelib tushgan.

“Saralash natijasida, faoliyat sohasida amalga oshirgan yuqori darajadagi loyihalari, loyiha doirasida jalb qilinadigan professional jamoasining malakasi hamda eng maqbul narx taklifini bildirgan KPMG xalqaro kompaniyasi “xalq IPO”sini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish va jarayonni muvofiqlashtirish bo‘yicha strategik konsultant sifatida tanlandi”, deyiladi Davaktiv xabarida.

Ma’lumot uchun, KPMG O‘zbekistonda aktivlarni baholash faoliyatini amalga oshirish uchun 2020 yilda litsenziya olgan. U “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi, “Sirdaryo vino” AJ, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ, “Urganch sharob” AJ, “Konvin” AJ, “Mastona” AJ, “Nukus vino” AJ, “Farg‘onaazot” AJlarni xususiylashtirishda ishtirok etgan.

Mart oyida, “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolagandi. Qarorga asosan, ommaviy savdolar orqali to‘liqligicha sotiladigan 1001 ta korxonaning aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati tasdiqlan.

Ro‘yxatga “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ, “O‘zavtosanoat” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zdonmahsulot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston MET” AJ, “O‘zbektelekom” AK, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “O‘zmilliybank” AJ kabi yirik tashkilotlar tizimiga kiruvchi korxonalar kiritilgan.

Shuningdek, 40 ta korxonaning aksiya paketlari “bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida “xalqchil IPO” o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: