261 ot kuchi, 21,5 ming dollardan boshlanuvchi narx - Chery Tiggo 9 Xitoyda sotuvga chiqdi

Fan-texnika 17:56 / 05.06.2023 77246

Chery kompaniyasi o‘zining flagman krossoveri Tiggo 9 ni Xitoy bozori uchun sotuvga chiqardi. Ishlab chiqaruvchi 30 may kuni yangi model taqdimotini o‘tkazgandi.

Tiggo 9 5 xil komplektatsiyada xaridorlarga taklif etiladi. Narxlar esa avtomobilning ichki va tashqi jihozlanishiga qarab 21 500 dollardan 28 800 dollargacha belgilangan.

Xaridorlar xohishlariga ko‘ra, 5 yoki 7 o‘rindiqli komplektatsiyani tanlashi mumkin. Tiggo 9 Xitoy bozorida Geely Xingyue L, Hongqi HS5 va GAC Trumpchi GS8’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi bo‘lishi kutilmoqda.

Tiggo 9 yangi Chery T2X Mars arxitekturasi asosida ishlab chiqariladi. Avtomobil 20 dyuymlik quyma disklar bilan jihozlangan. Salon qismida ikkita 12,3 dyuymlik ekran va Qualcomm Snapdragon 8155 bir chipli tizimi o‘rnatilgan. Mobil telefonlarni simsiz quvvatlash funksiyasiga ega.

Shuningdek, top komplektatsiyada proyeksiyali displey, rulni isitish, haydovchining charchaganini monitoring qilish funksiyalari va 12 ta karnaydan iborat Sony audiotizimi mavjud. Bundan tashqari, avtomatik kruiz nazorati va avtomatik parkovka tizimi funksiyalariga ham ega. O‘rindiqlar teridan tikilgan, isitish va sovitish imkoniyati mavjud.

Tiggo 9 2 litr hajmga ega 261 ot kuchini beradigan turbodvigatel bilan jihozlangan, u komplektatsiyasiga qarab, mos ravishda 7 va 8 bosqichli avtomat uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi. Mashinaning maksimal tezligi soatiga 205 kmni tashkil qiladi. Aralash siklda  (shahar/trassa) 100 kmga 7,7 litr benzin sarflaydi.

Mashinaning uzunligi 4820 mm, eni 1930 mm, bo‘yi esa 1699 mm, g‘ildiraklar bazasi bo‘lsa 2820 mmni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: