Moliyaviy qopqonga tushib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Iqtisodiyot 16:52 / 02.06.2023 35553

Ularning har birida sizni tuzoqqa tushirishning o‘ziga xos “usullari” bor va hech kim sizning foydangiz va risklaringiz haqida qayg‘urmaydi.

Hatto o‘zingiz ham bu haqida o‘ylamasdan, faqatgina tezroq, ko‘proq va osonroq pul topishni va aynan shunday takliflarni eshitishni xohlaysiz. Buyuk manipulyatorlar esa bundan foydalanishadi.

Ko‘pchilikning moliyaviy savodxonlik darajasi yuqori bo‘lmagani uchun, bu qarmoqqa darrov ilinishadi. Shuning uchun, men biror nimaga pul tikishdan oldin, e’tibor qaratish va hisobga olish shart bo‘lgan bir qancha muhim jihatlarni qisqacha eslatib o‘taman.

Agar sizga haddan tashqari yuqori daromad va’da qilinsa, ehtiyot bo‘ling!

Mo‘jizalar sodir bo‘lmaydi va buni tushunish kerak. Har qanday oson foyda, bozor sharoitlaridan yuqori rentabellik takliflariga alohida va jiddiy e’tibor qaratish kerak. Bu – birinchi ogohlantirish belgisi.

Tahlil qiling, tekshirib ko‘ring va tasdiqlang

Pul tikmoqchi bo‘lgan investoringizga investitsiya loyihasining mohiyati (ya’ni sizning pulingiz qaysi aniq loyiha va aktivlarga tikilishi), ushbu investitsiya obektlari shu mamlakatdami, buni tekshirish mumkinmi, degan mazmundagi savollarni bering va buni albatta tekshiring.

Qanday qilib foyda olinadi, ushbu loyihalarning qanaqa xavf-xatarlari bor, risklar qanday minimallashtiriladi, ushbu tuzilmalardagi risklar uchun kim javobgar, qanday qilib va qaysi vositalar bilan foyda olishadi va bu qanchalik aniq? Bu kompaniyalar necha yildan beri shu yo‘nalishda ishlamoqda, ularning ortida kim turibdi, qancha ishchisi bor? Mazkur kompaniyalar qayerda ro‘yxatdan o‘tgan (qaysi yurisdiksiyada/davlatda – agar O‘zbekistondan tashqarida, va xususan qaysidir orollarda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, bu orollarda o‘z huquqlaringizni qanday himoya qilishingizni o‘ylab ko‘ring), biznes faoliyati nazoratga olinganmi yoki yo‘q, agar yo‘q bo‘lsa, ular sizning pulingizni qanday qilib qonuniy ravishda jalb qilishlari mumkin, investitsiya jalb qilish uchun qonuniy asoslarga egami?

Taqdim qilinayotgan hujjatlarda sizning xatarlaringiz, investitsiya loyihasidan chiqishingiz shartlari, zarar sodir bo‘lganda kompaniya va investor qanday hisob-kitob qilishlari va qanday yo‘l tutishlari aniq ko‘rsatilganmi? Agar ha bo‘lsa, sizning huquqlaringiz qanday himoya qilingan?

Bundan tashqari, internetdan kompaniya/loyiha rahbarlari haqida ma’lumot qidiring, izohlarni o‘qing, qaror qabul qilishdan oldin ular bilan avval hamkorlik qilganlar, muvaffaqiyatga erishgan (agar erishgan bo‘lsa) odamlar bilan muloqot qiling.

Investitsiya va risklaringizni baholang!

Ushbu loyiha moliyaviy va investitsiya maqsadlaringizga (ya’ni boyligingizni saqlash, likvidlik, rentabellik, risk darajasi va hokazo jihatlaridan) to‘liq javob berish yoki bermasligini o‘zingiz uchun aniqlashtirib oling (albatta, agar sizda moliyaviy va investitsion maqsad va rejalar bo‘lsa).

“Piramida” belgilari

Agar tanishlaringiz va do‘stlaringizni turli bonuslar olish uchun jalb etishingizni so‘rashsa, yoki agressiv reklama kampaniyasi olib borilayotgan bo‘lsa, kirish to‘lovlarini to‘lash so‘ralsa yoki ularning taqdim qilgan shartnomasini o‘qib chiqib, hech narsaga tushunolmasangiz, yanada ehtiyot bo‘ling.

Epilog

Esda tuting, har xil noaniq, mavhum loyihalar, chigal sxemalar va noma’lum kompaniyalar o‘zlarini chiroyli va murakkab nomlar bilan tanishtiradilar. Mavhum va chigal sxema va loyihalarini esa investitsion va biznes loyiha sifatida taqdim etadilar. Ish tepasida turganlar jiddiy ko‘rinish va e’tiborni tortish uchun, rasmiy kiyimlarda ko‘rinish beradilar va, albatta, manipulyatsiya metodlaridan, notiqlik san’atidan ustalik bilan foydalanadilar.

Ular to‘plagan jamg‘armalarini mutlaqo begonalar qo‘liga berishga tayyor bo‘lgan sodda odamlarni ishontirishadi. Aldanib qolganlar qatorida bo‘lmang!

Xondamir Nusratxo‘jayev,
xalqaro moliyachi,
MM “MUFEED MOLIYA”
kanali asoschisi

Ko‘proq yangiliklar: