Gurjiston sobiq bosh vaziri Credit Suisse'dan qariyb 1 mlrd dollar undirdi

Jahon 08:53 / 27.05.2023 8262

Shveytsariyaning Credit Suisse banki shu’ba korxonasi Gurjiston sobiq bosh vaziri Bidzina Ivanishviliga boyligining bir qismini yo‘qotganligi uchun tovon puli sifatida 926 million dollar to‘laydi. Bunday qaror 26 may, juma kuni Singapur xalqaro tijorat sudi (SICC) tomonidan qabul qilindi.

2004 yil oxirida Gurjistonning eng boy odamlaridan biri deb ataladigan Ivanishvili Credit Suisse'ga bir milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bu mablag‘larning bir qismi bank moliyaviy maslahatchisi Patris Leskodron tomonidan o‘zlashtirilgan. 2018 yilda Leskodron firibgarlik uchun besh yilga qamalgan. Hukm chiqarilganidan ikki yil o‘tgach, u o‘z joniga qasd qildi.

Singapur sudining qaroriga ko‘ra, bank milliarderning o‘ziga ishonib topshirilgan aktivlarini yetarlicha himoya qilmagan. O‘z navbatida, Credit Suisse Trust hukm ustidan hakamlik sudiga shikoyat qilishini ma’lum qildi.

Ivanishvilining advokatlari Credit Suisse’ga qarshi Yangi Zelandiya va Bermud orollari sudlariga ham da’vo arizasi bergan. 2022 yilda Bermud orollari sudi Ivanishvili moliyaviy maslahatchining noqonuniy xatti-harakatlari uchun Credit Suisse'dan 607 million dollar tovon puli olishi bo‘yicha qaror chiqargan edi. Singapur sudi shu munosabat bilan tomonlar tovon to‘lashning yakuniy miqdorini o‘zgartirishi kerakligi, shunda zarar ikki marta to‘lanmasligini belgiladi.

Ko‘proq yangiliklar: