Gurjistonda hukmron partiya asoschisiga ehtimoliy suiqasd tergov qilinmoqda

Jahon 21:49 / 24.07.2024 3531

Gurjiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi asoschisi va faxriy raisi, milliarder Bidzina Ivanishvilining o‘ldirilishiga tayyorgarlik bo‘yicha tergov olib bormoqda.

Tergov terrorchilik xurujiga tayyorgarlik ko‘rish va davlat hokimiyatini ag‘darish uchun til biriktirish kabi jinoiy ish bo‘yicha olib borilmoqda. Razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ivanishvilining hayotiga suiqasdni hozir Ukrainada bo‘lgan Gurjistonning sobiq yuqori martabali amaldorlari va huquq-tartibot idoralari xodimlari uyushtirishga urinishgan.

«Yuqoridagi jinoiy harakatlardan maqsad tartibsizliklar keltirib chiqarish va hokimiyatni zaiflashtirish fonida zo‘ravonlik yo‘li bilan davlat hokimiyatini ag‘darishdan iborat», deyiladi DXX xabarida. Faol tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, uning doirasida guvohlar so‘roqqa chaqirilmoqda. DXX ish tafsilotlari haqida xabar bermadi.

Qayd qilinishicha, ehtimoliy suiqasd bo‘yicha Ukrainada jang qilgan gurjistonlik ko‘ngillilar so‘roqqa chaqirilmoqda. Xususan, ko‘ngilli va Gurjistonning «chet el agentlari» haqidagi qonuniga qarshi namoyishlar ishtirokchisi Nadim Xmaladze «terrorizm va davlat to‘ntarishi ishi bo‘yicha» so‘roqqa chaqirilganini aytdi.

Ukraina uchun kurashayotgan Gurjiston milliy legioni qo‘mondoni Mamuka Mamulashvili o‘z tuzilmasidan 300 ga yaqin odam Gurjistonda qidiruvga berilganini aytdi. U Gurjiston huquq-tartibot idoralari tomonidan jangchilar qidiruvga berilganini Rossiyada ham tuzilma ko‘ngillilari qidiruvga berilgani bilan bog‘ladi.

«Gurjiston orzusi» 2012 yildan beri mamlakatni boshqarayotgan partiyadir. Muxolifat bir necha bor «Gurjiston orzusi» va uning asoschisi Bidzina Ivanishvilini rossiyaparastlikda ayblab keladi. Xususan, so‘nggi yillarda partiya Rossiyada qabul qilingan qonunlarga o‘xshash qator qonunlarni ilgari surmoqda. Ular orasida «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun bor. Ushbu qonun qabul qilinishi fonida Yevropa Ittifoqi Gurjistonning ittifoqqa qo‘shilish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Qo‘shma Shtatlar Gurjiston bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni e’lon qildi va qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni qoldirdi.

Ko‘proq yangiliklar: