Yangihayot tumanida 12 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan qotil umrbod qamaldi

Jamiyat 17:58 / 26.05.2023 63859

26 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida Yangihayot tumanida 12 yoshli qizni o‘ldirgan shaxsga sud hukmi o‘qildi. Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sudlanuvchi umrbod ozodlikdan mahrum qilindi.

U Jinoyat kodeksining:

  • 226-moddasi (Ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi;
  • 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 3-qismi «b» bandi;
  • 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi;
  • 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi;
  • 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi «v» bandi;
  • 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v», «j», «z», «o» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi «b» bandiga asosan u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 96-moddasi (Jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash) ga muvofiq sudlanuvchiga jazoni o‘tash joylarida alkogolizm hamda murakkab politoksikomaniyaga qarshi davolash choralari qo‘llanishi belgilandi.

Voqea tarixi

2023 yilning 31 yanvar kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning murdasi topilgan va uning mahalladoshi bo‘lgan A.T qotillikda gumonlanib qo‘lga olingandi. Bosh prokuratura qizning jasadida zo‘rlik va qotillik alomatlari borligini ma’lum qilgandi.

Gumondor marhumning qo‘shnisi bo‘lgan va u yashagan uyda ustachilik qilgani aniqlangan. Qizcha qidirilganda u ham qo‘shnilarga qo‘shilib birga qidirishgan, odamlar qizning murdasi yotgan tomonga bormoqchi bo‘lganda, ularni chalg‘itib boshqa joyga olib ketgan.

Marhumning onasi unga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘ragandi.

Mazkur voqea jamoatchilik orasida rezonansga sabab bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarda qotil-pedofilga qat’iy jazo berilishi, pedofillikka moyil shaxslarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi haqida chaqiriqlar yangragandi.

Ko‘proq yangiliklar: