10 yil oldin Boris Nemsov o‘ldirilgandi. Bu jinoyat tashkilotchisi va buyurtmachisi hamon topilmagan
Ish figurantlari - qamalganlar va sudga chaqirilmaganlar bilan keyin nimalar bo‘ldi?

Anadolu / Getty Images
2015 yil 27 fevral kuni kechqurun Kreml yaqinida, Katta Moskvoretskiy ko‘prigida muxolifatchi siyosatchi Boris Nemsov otib ketiladi. Qotillik ijrochilari sifatida Shimoliy Kavkazdan bo‘lgan besh kishi ko‘rsatilgan, ular 11 yildan 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Tergovchilar tashkilotchi va buyurtmachi rolini respublika rahbariyati bilan aloqasi bo‘lgan chechenistonlik kuchishlatarlardan birining haydovchisiga berishgan, ammo uni topa olishmagan. Kuchishlatar tizim xodimining o‘zi va uning nufuzli qarindoshlari esa hatto so‘roq qilinmaydi. «Meduza» Nemsovni o‘ldirganlikda ayblanib sudlanganlar va uning ishida tilga olingan, ammo tergovga jalb etilmaganlar haqida hikoya qiladi. Quyida bu odamlarning keyingi taqdiri ham keltiriladi.
Sudlanganlar
Zaur Dadayev

Ayblov versiyasiga ko‘ra, Boris Nemsovning o‘ldirilishi quyidagicha amalga oshirilgan. 2015 yil 27 fevral kuni taxminan soat 23:30 da u dugonasi, ukrainalik model Anna Duritskaya bilan Katta Moskvoretskiy ko‘prigidan o‘tayotganda orqasidan olti marta o‘q uzilgan. Nemsov voqea joyida halok bo‘ladi, Duritskaya jabrlanmaydi. Qotil yaqinlashib kelayotgan ZAZ Chance avtomobiliga chiqib qochib ketgan.
Jinoyatning bevosita ijrochisi — Zaur Dadayev. U Chechenistonning «Sever» batalyoni komandirining o‘rinbosari edi. U qo‘lga olingani qotillikdan bir hafta o‘tib ma’lum bo‘ladi. Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov guruhi rahbari Igor Krasnov (hozirda u Rossiya bosh prokurori) Dadayevni hibsga olish bo‘yicha so‘rovida uning xizmat joyini tilga olmaydi. Ammo u Dadayev jinoyatiga iqror bo‘lib ko‘rsatma berganini aytadi.
Ko‘rsatmasida Dadayev Nemsovni Charlie Hebdo jurnaliga qilingan hujumdan keyin Muhammad rasululloh (s.a.v)ning karikaturalarini nashr etishga chaqirgani uchun o‘ldirganini aytgan (aslida Nemsovda bunday qilmagan). Dadayevning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchini kuzatishda unga uzoq qarindoshi Anzor Gubashev va «Sever» batalyonidagi xizmatdoshi Beslan Shavanov yordam bergan, to‘pponchani esa Rusik ismli shaxsdan olgan. U go‘yoki Dadayev va uning sheriklariga besh million rubldan to‘lashga va’da bergan. Ko‘p o‘tmay, Dadayev bu ko‘rsatmalardan voz kechib, hibsga olinganidan keyin qiynoqqa solinganini aytadi.
Sudda u Nemsovning o‘ldirilishiga aloqasi yo‘qligini ta’kidlaydi. Uning tanasidan yuvilgan moddalar (ularda o‘q mahsulotlarining mikrozarrachalari bo‘lgan) va uning uyidan topilgan patronlar (ularning belgisi Katta Moskvoretskiy ko‘prigidan topilgan gilzalarning belgisi bilan bir xil edi) siyosatchiga aynan u o‘q uzganining isboti sifatida xizmat qiladi. Dadayev 20 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan.
Hukm 2017 yilda chiqarilgan, 2018 yilda esa uni Irkutskdagi sobiq kuchishlatarlar uchun koloniyada bo‘lib o‘tgan ziyofat paytida suratga olishgan. Dadayev hozir qayerda ekani aniq ma’lum emas. 2024 yil yozida «Novaya gazeta Yevropa» uni Nemsovni o‘ldirganlikda ayblanib, «Rossiya davlati nazorati ostidagi hudud»da (ya’ni Chechenistonda emas) qolgan yagona mahkum deb atagandi.
Anzor va Shadid Gubashevlar

Foto: Dmitriy Korotayev / «Kommersant’»
Ayblov tomoniga ko‘ra, Anzor Gubashev Beslan Shavanov bilan birga Nemsov o‘ldirilgan kuni uning iziga tushgan va Zaur Dadayevni ZAZ Chance mashinasida jinoyat joyidan olib ketgan. BBC rus xizmati Anzor Gubashevning jinoyatga aloqadorligi shubha tug‘dirmasligini ta’kidlaydi: u Nemsovni kuzatish uchun «jangovar trubka»lardan (qotillik ishtirokchilari kuzatuv vaqtida foydalangan mobil telefonlar. Tergov Anzor Gubashev bir safar adashib ushbu telefonlardan biriga o‘z sim-kartasini qo‘yganini isbotlab bergan) biridan foydalangan; uni GUMdagi kuzatuv kameralari orqali tanib olish mumkin, u yerda siyosatchi o‘limidan oldin kechki ovqat qilgan; uning biologik izlari Dadayev Nemsov o‘ldirilgan joyni tark etgan ZAZ Chance mashinasida topilgan.
Anzorning ukasi Shadid Gubashev, ayblov versiyasiga ko‘ra, Nemsovni kuzatishda yordam bergan, jinoiy guruh a’zolarini olib yurgan, biroq qotillik joyida ko‘rinish bermagan. Hibsga olinganidan bir oy o‘tgach, Shadid akasi Dadayev va Shavanovga qarshi guvohlik berib, ular unga Nemsovni o‘ldirganini tan olganini aytdi va uni «»amerikalik ablah va maxluq» deb atadi. Keyinchalik bu so‘zlarini qaytib oldi. Anzor Gubashev va Zaur Dadayev o‘z iqrorlik ko‘rsatmalarida Shadidni sherik sifatida ko‘rsatmagan (keyinchalik ikkalasi ham bu iqrorligidan voz kechgan).
Yakunda Anzor Gubashev 19 yilga, Shadid Gubashev esa 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. «Novaya gazeta Yevropa» ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil avgust holatiga ko‘ra, aka-ukalar Chechenistonning Chernokozovo koloniyasida «rasman» qamoq jazosini o‘tayotgan bo‘lgan, o‘tgan yil boshida Anna Politkovskayaning o‘ldirilishida ishtirok etganlardan biri Jabroil Mahmudov muddatidan oldin ozod qilingan.
Beslan Shavanov
Zaur Dadayevning «Sever» batalyonidagi xizmatdoshi, u Anzor Gubashev bilan birga qotillik sodir bo‘lgan kuni Nemsovni kuzatgan. O‘z ko‘rsatmalarini bir necha marta o‘zgartirgan Anzor Gubashev avvaliga Shavanovni sherik deb atagan va Nemsov o‘ldirilgan to‘pponchani u tashlab yuborganini aytdi (qotillik quroli topilmaydi), keyin Shavanov bilan tanishligini rad etadi, keyinchalik esa Nemsovni Dadayev emas, u otganini aytadi.
Shavanov unga e’tiroz bildira olmasdi. U 2015 yil mart oyi boshida Grozniyda qo‘lga olishga urinish chog‘ida halok bo‘lgan — rasmiy versiyaga ko‘ra, granata portlagan. Uni qo‘lga olishda «Sever» batalyoni ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. O‘limi tufayli Shavanovga qarshi jinoiy ish yopilgan.
Temirlan Eskerxanov

Foto: Gleb SHCHelkunov / «Kommersant’»
Eskerxanov 2013 yilgacha Checheniston IIVning Shelkovskiy rayoni bo‘yicha bo‘limida xizmat qilgan, u yerda jinoiy guruhning boshqa taxminiy a’zolari ham ishlagan. Qotillikdan oldingi kunlarda u muntazam ravishda ular bilan qo‘ng‘iroqlashgan va ular bilan birga yurgan. Xususan, «Sever» batalyoni komandiri o‘rinbosari, ishning asosiy figurantlaridan biri Ruslan Geremeyev bilan ham.
Sudda Eskerxanov «farishtaning ko‘z yoshidek pok» ekanini aytadi. Ayblovga ko‘ra esa, u Nemsovning qotillariga yordam bergani ta’kidlanadi: ular uchun siyosatchi haqida ma’lumot izlab topgan va ularni olib yurgan. U 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
2024 yilda «Novaya gazeta Yevropa» Eskerxanov afv etilgani va Ukrainaga urushga ketgani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, u shturmchi otryadga emas, balki Shelkovskiy rayoni IIBdagi sobiq boshlig‘i, Ruslan Geremeyevning amakisi Vaxa Geremeyevning yoniga qo‘shildi va Rossiya tomonidan bosib olingan Mariupolda «qulay va xavfsiz sharoitlar»da xizmat qilmoqda.
Hamzat Baxayev

U Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha ishda eng kam muddat — 11 yil qamoq jazosi olgan figurant. Ayblov tomoni uning rolini taxminan Eskerxanovning roli bilan bir xil tasvirlagan: u internetda Nemsov haqida ma’lumot to‘plagan, sheriklarini olib borgan, ularning ketishiga yordam bergan. Baxayevga qarshi dalillar uning telefoni billingi orqali shakllangan: masalan, uning telefonini 2015 yil 1 mart kuni Zaur Dadayev bir necha soat oldin uchib ketgan aeroport hududida aniqlashgan.
Shu bilan birga, Nemsovni o‘ldirishda ishtirok etganlarning kvartiralari va mashinalarida Baxayevning izlari yo‘q edi, uning yo‘nalishlari siyosatchining yo‘nalishlari bilan kesishmagan, boshqa mahkumlardan esa faqat Shadid Gubashev (u qo‘shnisi bo‘lgan) bilan qo‘ng‘iroqlashgan. Dadayev uchib ketgan kuni telefoni aeroportga yaqin hududda bo‘lganini Baxayev oddiy qilib tushuntirgan: u taksichi bo‘lib ishlagan va mijozni shu nuqtadan olib o‘tgan.
Hatto Nemsov oilasining advokatlari ham ayblov Baxayevning aybini isbotlovchi yetarli dalillarni taqdim etmaganini aytishgan. U aka-uka Gubashevlar bilan Moskva oblastida bir uyni ijaraga olgani uchungina bu ishga aralashib qolgan tasodifiy odamdek taassurot qoldirardi, deb yozadi «Meduza». Hukmdan so‘ng Baxayev Kirov oblastidagi koloniyaga jo‘natilgan. Hozir qayerdaligini aniqlab bo‘lmadi.
Haligacha topilmaganlar
Ruslan Muxudinov
Zaur Dadayev hibsga olinganidan keyin qandaydir Rusik (yoki Ruslik) degan shaxs unga, Anzor Gubashev va Beslan Shavanovga Nemsovni o‘ldirish uchun besh million rubl va’da qilganini aytdi — va u go‘yoki siyosatchini otib o‘ldirgan to‘pponchani bergan. Sudlanuvchilarning kvartirasini tozalash bilan shug‘ullangan guvoh Zarina Isoyevaning tergovga aytishicha, chechenlar Ruslan Muxudinovni Rusik deb atashgan.
U «Sever» batalyoni jangchisi bo‘lib, batalyon komandiri o‘rinbosari Ruslan Geremeyevni olib yurgan — Isoyevaning so‘zlariga ko‘ra, uni kompaniyada Ruslan deb atashgan va u «boshliq» bo‘lgan. Tergov aynan Muxudinov «boshqa noma’lum shaxslar» bilan birgalikda ijrochilarga Nemsovni o‘ldirish uchun 15 million rubl taklif qilganini, shuningdek, ularga uy, mashina va to‘pponcha taqdim etganini e’lon qildi. Ya’ni uni jinoyatning tashkilotchisi va buyurtmachisi deb atadi.
Muxudinovga Nemsovni o‘ldirish nima uchun kerak bo‘lgani (payg‘ambar karikaturalari haqidagi motiv chetga surib qo‘yildi, chunki Nemsovni kuzatish Charlie Hebdo tahririyatiga hujumdan ancha oldin boshlangan), bunday buyurtma uchun pulni qayerdan olgani va nima uchun uni hozirgacha topa olishmayotgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. 2015 yilda Muxudinov goh BAAdaligi, goh Chechenistondaligi yoki umuman vafot etgani haqida mish-mishlar tarqalgandi. Shu bilan birga, «Mediazona» va Scanner Project uning 2020 yilda olingan suratini topgan. U ijtimoiy tarmoqlardagi Geremeyev familiyali akkauntlarda e’lon qilingan.
Ruslan Geremeyev

Nemsov o‘ldirilishi bilanoq uning nomi tilga olingan edi. Dastlabki so‘roqlarda Eskerxanov uni Dadayev bilan aynan Ruslan Geremeyev tanishtirganini aytgandi. Eskerxanovning so‘zlariga ko‘ra, u bilan dallol (ehtimol, Muxudinov) bog‘langan bo‘lib, u orqali Dadayevga Nemsovni o‘ldirish buyurtma qilingan. Tergov Geremeyevni topib, so‘roq qilishga topshiriq beradi — lekin faqat guvoh sifatida, chunki bu vaqtga kelib Eskerxanov o‘z ko‘rsatmalaridan voz kechgan edi.
Ruslan Geremeyev Ramzan Qodirovning bir vaqtning o‘zida bir necha yaqin safdoshlariga qarindosh. Uning amakisi senator Sulaymon Geremeyev. Yana bir amakisi Vaxa Geremeyev, ilgari Shelkovskiy IIB boshlig‘i (u yerda Eskerxanov ishlagan), hozirda Checheniston rahbarining maslahatchisi. Amakivachchasi — Davlat dumasi deputati Adam Delimxanov. Geremeyevning o‘zi Adamning ukasi Alibek Delimxanov qo‘mondonlik qilgan «Sever» batalyoni komandirining o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan.
Tergovchilar Ruslan Geremeyevni so‘roq qilishmadi. Aytishlaricha, u Delimxanovlarning ota qishlog‘i — Jalqada yashirinib yurgan, keyin esa otboqar qiyofasida Chechenistondan jo‘nab ketgan. Shuningdek, TQ rahbari Aleksandr Bastrikin unga sirtdan ayblov e’lon qilishdan ikki marta bosh tortgani xabar qilingan; Ruslan Geremeyevga qidiruv e’lon qilinmagan. Garchi Nemsovlar oilasining advokati Vadim Proxorov jinoyatning haqiqiy tashkilotchisi aynan u deb hisoblagan bo‘lsa-da.
Ukraina bilan urush boshlangunga qadar u haqda hech qanday xabar yo‘q edi. 2022 yilda Ruslan Geremeyev (amakilari Vaxa Geremeyev va Adam Delimxanov kabi)ning daragi Mariupoldan chiqdi, u shaharni egallashda ishtirok etgan va yaralangan. Ramzan Qodirov uni ko‘rish uchun hospitalga bordi, uni «qadrdon inim», «eng yaxshi jangchi» deb atadi. 2023 yilda Ruslan Geremeyev Qodirovning 17 yoshli o‘g‘li nazoratidagi yangi chechen batalyoniga qo‘mondon bo‘ldi.
Artur Geremeyev
Geremeyevlar oilasining yana bir vakili, Ruslan Geremeyevning jiyani. Moskvaning Veyernaya ko‘chasidagi Zaur Dadayev, Ruslan Geremeyev, shuningdek, Nemsov qotilligining boshqa tasdiqlangan va taxmin qilingan ishtirokchilari yashagan ikkita kvartiradan biri — Veyernaya, 46-uydagi kvartira uning nomiga rasmiylashtirilgan. Artur Geremeyev 2014 yil dekabr oyida Zaur Dadayev bilan birga Moskvaga uchib kelgan va 2015 yil 28 fevralda, Nemsov o‘ldirilganidan bir kun o‘tib uchib ketgan.
Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha tergov guruhi rahbari 2015 yil oktyabr oyida Ruslan Muxudinov, shuningdek, Ruslan va Artur Geremeyevlarni topishga ko‘rsatma bergan. Birinchisiga ayblov qo‘yish, qolgan ikkisini — guvoh sifatida so‘roq qilish rejalashtirilgandi. Tergovchilar Chechenistonning Shelkovskiy rayonidagi Starogladkovskiy stanitsasiga kelgan (Geremeyevlar va Muxudinov shu yerda ro‘yxatdan o‘tgandi), ammo ularni topa olmagan: Muxudinovlar oilasi ko‘chib ketgan, Geremeyevlarnikida esa eshikni hech kim ochmagan.
Shundan so‘ng Ruslan kabi Artur Geremeyev haqida ham uzoq vaqt hech qanday xabar berilmadi. Ammo yaqinda «Agenstvo» u 2023 yilda Ukrainaning bosib olingan hududlariga borganidan xabar topdi. Katta ehtimol bilan, Artur Geremeyev ham qarindoshlari kabi urushda qatnashgan.
Izlab ham ko‘rilmaganlar
Jabrail Eldarov
Jabrail ismi jinoyat ishi materiallarida uchraydi. Uning ismi guvoh Zarina Isoyeva tomonidan aytilgan, u Nemsovning ehtimoliy qotillari yashagan Veyernaya ko‘chasi, 3-uy va Veyernaya ko‘chasi, 46-uylardagi xonadonlarni tozalash bilan shug‘ullangan. U Jabrailning familiyasidan xabardor emasdi. Natijada bu odam ish materiallarida faqat nomi bilan qoladi, uning Nemsovni o‘ldirishdagi roli tushunarsiz edi. Siyosatchining oilasi advokati Vadim Proxorov Jabrail FSBda ishlashini taxmin qilgan.
Jabrailning familiyasi 2024 yil yozida «Proyekt» tomonidan keltiriladi. Jurnalistlar bu odamning raqami boshqa abonentlarda Jabrail Eldarov deb saqlanganini aniqladi. Nemsovni kuzatish davrida va qotillikdan keyingi dastlabki kunlarda Eldarov jinoyatning qolgan ishtirokchilariga 754 marta qo‘ng‘iroq qilgan. Eldarovning qarindoshi «Proyekt»ga ular bilan tanishligi, ammo qotillikka aloqasi yo‘qligini aytgan.
«Proyekt», shuningdek, Eldarovning Qodirovlar urug‘i bilan aloqalari borligi va Rudik Iskujinning qiziga uylanganini yozgan. 1980-yillarda Iskujin Putin bilan KGB institutida o‘qigan, hozir esa Boshqirdistondan saylangan senator hisoblanadi.
Aslanbek Xatayev
2017 yilda «Meduza» ushbu shaxsni Zaur Dadayev bilan birga ko‘rishgani, biroq qotillikda uning roli aniq emasligi haqida yozgandi. Keyinroq «Mediazona» va Scanner Project Xatayevning Shelkovskiy rayoni IIB xodimi bo‘lgani haqida xabar berdi — u bu yerda PPX inspektori sifatida ro‘yxatga olingan, ammo aslida Chechenistonning yuqori martabali shaxslarini qo‘riqlagan. Telefon kitobchalarida Xatayev Aslanbek Delimhanov va «Aslambek va Adam» sifatida yozilgan. «Proyekt» u Adam Delimxanovning qo‘riqchisi bo‘lganini yozgan.
Nemsovning o‘ldirilishidan bir necha kun oldin va undan keyin Xatayev Delimxanov va senator Sulaymon Geremeyevning yordamchilariga qo‘ng‘iroq qilgan, shuningdek, ularning o‘zlari bilan suhbatlashgan. Bundan tashqari, u qotillikning ertasi kuni Ruslan Geremeyev bilan uchrashgan va guruh a’zolarini evakuatsiya qilishda ishtirok etgan. Chechenistonga qaytib kelganidan so‘ng, Xatayev Delimxanov tug‘ilgan qishloq Jalkaga ko‘chib o‘tadi. Tergovchilar uni shaxsan so‘roq qilmaydi va faqat chechen hamkasblariga savollar yuboradi.
Xalid Utsimiyev
Nemsov o‘ldirilgan vaqtda u ham Shelkovskiy rayoni IIB xodimi va Xatayevning rasmiy boshlig‘i bo‘lgan. Utsimiyev siyosatchi o‘ldirilgan kuni Moskvaga uchib kelgan, Veyernaya ko‘chas, 46-uyda turgan va Eskerxanov, Ruslan Geremeyev va Zaur Dadayev bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Ular ilgari ham qo‘ng‘iroqlashgan: 2014 yil oktyabr oyidan beri Utsimiyev Nemsovni kuzatish va o‘ldirish guruhi a’zolari bilan 300 ga yaqin marta telefon orqali suhbatlashgan.
Xatayev kabi Utsimiyevni ham Moskvada so‘roq qilishning iloji bo‘lmaydi, ularni Chechenistondagi tergovchilar so‘roq qilishadi. Utsimiyevning ta’kidlashicha, u figurantlar bilan do‘stlari va hamkasblari sifatida muloqot qilgan. Unga hech qanday ayb qo‘yilmaydi. Hozir unga nima bo‘lgani noma’lum.
Ali Aliyev
Xatayevga yaqin odam, qotillikdan oldingi va keyingi kunlarda u va Ruslan Geremeyev bilan ko‘p marta qo‘ng‘iroqlashgan. Qotillikdan bir kun oldin ular «Ukraina» mehmonxonasida uchrashishgan. Uchrashuvdagi to‘rtinchi shaxs xonanda va tadbirkor Aleksandr Dmiterko bo‘lgan. «Mediazona» bilan suhbatda Aliyev faqat Xatayevni bilishini aytdi, garchi mehmonxonadagi kuzatuv kameralari ular uchrashuvdan to‘rt kishi bo‘lib chiqqanini qayd etgan bo‘lsa-da.
Aliyev va Dmiterkoning «Mediazona»ga ma’lum qilishicha, ular tergovchilar bilan muloqot qilgan, biroq bu haqda jinoyat ishi materiallarida ma’lumot yo‘q. Hozir ularga nima bo‘lgani noma’lum.
Magomed Edilsultanov
Bu odam 2004 yilda Forbes’ning rus tahririyati asoschisi Pol Xlebnikovning o‘ldirilishidan keyin bir necha yil davomida qidiruvda bo‘lgan. Tergov uni jinoyatni uyushtirishda vositachilardan biri deb hisobladi, deb yozgan «Proyekt». 2010 yilda Edilsultanovning o‘zi tergov organlariga kelib, ko‘rsatma bergan, shundan so‘ng unga qo‘yilgan ayblovlar olib tashlangan.
2014 yil oktyabridan 2015 yil 1 martigacha Edilsultanov Nemsovga suiqasd ishtirokchilariga 391 marta qo‘ng‘iroq qilgan — bu «Proyekt» ko‘rgan jinoiy ish materiallaridagi billinglardan ma’lum. Shu bilan birga, ish materiallarida Edilsultanovning ismi tilga olinmagan.
Edilsultanov Qodirov bilan aloqador: uning akasi Checheniston rahbarining Ivanovo oblastidagi vakili bo‘lib ishlagan, jiyani esa Qodirovning o‘g‘liga murabbiylik qilgan. «Agenstvo»aniqlashicha, Edilsultanov kamida 2023 yil avgust oyida sog‘-salomat bo‘lgan: u o‘shanda Turkiyaga uchgandi.
Abdul Elmurzayev
Bu odam haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Jinoyat ishi materiallaridan olingan telefon billinglariga ko‘ra, Elmurzayev 2014 yil dekabr oyining ikkinchi yarmida Nemsovni kuzatgan va beshta olti raqami bilan tugaydigan «jangovar trubka»lardan biridan foydalangan. Keyinchalik xuddi shu raqamdan Zaur Dadayev ham foydalangan. Ish materiallarida Elmurzayev so‘roq qilingani yoki qilinmagani haqida ma’lumot yo‘q.
«Agenstvo» Abdul Elmurzayev IIV qidiruv bazasida paydo bo‘lganini aniqlagan. Uni qachon va nima sababdan qidira boshlashgani noma’lum.
Shamxan Tazabayev
Checheniston IIVning sobiq xodimi. Nemsov o‘ldirilganidan bir yarim soat o‘tgach, kuzatuv kamerasi uni Artur Geremeyev, Ruslan Muxudinov va Zaur Dadayev bilan birga Veyernaya ko‘chasi, 46-uyda qayd etgan. Bir soatdan so‘ng ular xonadonni tark etishadi. Sud jarayonida Nemsovlar oilasining advokatlari Tazabayevni so‘roq qilishni so‘rashgan. Aftidan, tergov uni topa olmadi.
Suleyman Geremeyev va Adam Delimxanov
Amakivachchalar va Chechenistonning Rossiya parlamentidagi vakillari: Davlat Dumasida Delimxanov, Federatsiya Kengashida Geremeyev. Ikkalasi ham Ramzan Qodirovning yaqin safdoshlari bo‘lib, jurnalistlarning fikricha, uning manfaatlari yo‘lida reyderlik va siyosiy qotilliklar bilan shug‘ullanishi mumkin. Ikkalasi ham Checheniston rahbariga qarindosh bo‘lib, kichik qarindoshlarini Qodirovning o‘g‘illariga turmushga berishgan.
Nemsov ishining ko‘plab figurantlari Sulaymon Geremeyev va Adam Delimxanov bilan u yoki bu tarzda bog‘liq. Ulardan ikki nafari — Aslanbek Xatayev va Ruslan Geremeyev siyosatchi o‘ldirilgan kunning ertasiga ularga qo‘ng‘iroq qilgan. Shuningdek, ularning yordamchilari bilan ham qo‘ng‘iroqlashgan. Shunga qaramay, Nemsov ishi bo‘yicha tergov Sulaymon Geremeyev va Adam Delimxanovni so‘roq qilishdan bosh tortadi. Sudda ham ular ko‘rinish berishmaydi — u yerga faqat Adamning tug‘ishgan ukasi, «Sever» batalyonining sobiq komandiri Alibek Delimxonov keladi. U ham aksar savollarga javob bermaydi.
Hozirda Sulaymon Geremeyev Federatsiya Kengashida ishlashda davom etmoqda, yanvar oyida Qodirov uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan edi. So‘nggi paytlardagi eng shov-shuvli yangiliklar uning o‘zi bilan emas, jiyani bilan bog‘liq bo‘lib, uning mashinasidan yettita to‘pponcha va to‘rtta avtomat topilgan.
Checheniston rahbarining eng yaqin yordamchisi Adam Delimxanov yangiliklarda ko‘proq ko‘rinish bermoqda. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan so‘ng, u ham Geremeyevlar singari Mariupolni egallashda ishtirok etgan. Mish-mishlarga ko‘ra, u yaralangan, general-mayor unvonini olgan, shuningdek, Rossiya, Checheniston va o‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR Qahramoni bo‘lgan.
Mavzuga oid

11:53
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

17:37 / 28.02.2025
Chinozda yigit o‘z opasini o‘ldirib, jasadini 7 kun uyda saqladi

17:44 / 26.02.2025
3 kishi o‘ldirilib, uy yoqib ketilgan: Uzundagi dahshatli qotillik hamon fosh etilmadi

22:08 / 24.02.2025