O‘zbekiston hududidan Xitoyga o‘tgan gaz quvuridan gaz sizib chiqqani rad etildi

O‘zbekiston 19:06 / 26.05.2023 8371

«Markaziy Osiyo – Xitoy» gaz quvurining O‘zbekiston hududidan o‘tgan qismidan gaz sizib chiqish holatlari bo‘lmagan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

«Biz tomondan tranzit jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda. Barcha ko‘rsatkichlar muntazam ravishda tekshiriladi. Hech qanday og‘ishlar yo‘q. Tizimlarimizda sizish holati yo‘q. Barcha tizimlar ishlamoqda», deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Turkmen.news Turkmanistondagi «Galqinish» konida gazni oltingugurtdan tozalash moslamalari ishlamay qolgani, oqibatda oltingugurt bilan ifloslangan gaz «Markaziy Osiyo - Xitoy» gaz quvuriga tushib, uning O‘zbekistondan o‘tgan qismi zararlangani haqida xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 17 mayga o‘tar kechasi Xitoyning CNPC kompaniyasi mutaxassislari Turkmaniston-O‘zbekiston chegarasidagi gaz quvurida oltingugurt borligini aniqlagan. «Turkmengaz» davlat konserni tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda oltingugurtdan tozalanmagan gaz ushbu quvur orqali bir necha kun davomida Xitoyga yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Oltingugurt quvurlar uchun xavfli bo‘lib, uni yemirib yuboradi. Oqibatda gaz sizib chiqish holatlari yuz berishi mumkin.

Turkmen.news xabariga ko‘ra, to‘rt kun davomida quvurning O‘zbekistondan o‘tuvchi 80 kilometr uzunlikdagi qismida gaz sizib chiqishi qayd etilgan. CNPC Turkmanistondan hodisaga munosabat bildirishni, aybdorlarni jazolashni talab qilgan. Kelgusida Xitoy tovon pulini ham undirib olmoqchi.

Turkmaniston gazi Xitoyga 2009 yil 14 dekabrda rasman ochilgan «Markaziy Osiyo - Xitoy» gaz quvuri orqali yetkazib berilmoqda. Davlatlararo magistral Turkmaniston, O‘zbekiston, Qozog‘iston (umumiy uzunligi 1900 km dan ortiq) va Xitoy (4500 km) hududidan o‘tadi. Markaziy Osiyodan kelayotgan gaz Xitoyning 22 viloyati va avtonom rayonlari aholisiga yetkazib berilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: