Uchrashuvda O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, oqova suv tozalash inshootlarini tozalash sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Ispaniya vakillari O‘zbekistonda oqova suv tozalash inshootlarini qurish va modernizatsiya qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalarda o‘z texnologiyalari va sarmoyalari bilan ishtirok etishga katta qiziqishi borligini bildirishdi.
Xorij tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Almar Water Solutions kompaniyasi vakillari joriy yil 1-2 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Ispaniya Hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan biznes-forumda ishtirok etgan. Kompaniya Samarqand viloyati hokimligi bilan Kattaqo‘rg‘on shahrida qiymati 100 million AQSh dollariga teng oqava suv tozalash inshootini DXSh asosida qurish va boshqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Hamkorlik memorandumini imzolagan.
Ushbu loyiha doirasida ispan kompaniyasi dastlab izlanishlarni boshlash va kerakli hujjatlarni ishlab chiqish maqsadida O‘zbekistonning tegishli tashkilotlari bilan muhokamalarni davom ettirish istagi qayd etildi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida tomonlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan loyihalarni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston tomonidan mas’ul tashkilotlar vakillari bilan muloqotlarni o‘tkazish masalasini ishlab chiqishga kelishib oldi.