«Bozor yovvoyi shakllansa, aholining quyosh energetikasiga ishtiyoqi so‘nadi» – Germaniyadagi o‘zbekistonlik elektr muhandisi

Iqtisodiyot 18:41 / 22.05.2023 37729

Germaniyada quyosh panellarini o‘rnatish xizmatini ko‘rsatadigan Bright Solar kompaniyasi egasi Zafar Safoyev BBC’ning o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida O‘zbekistonda aholi quyosh panellarini o‘rnatishga majburlanayotgani haqida gapirib, qanday qilib quyosh energiyasini rivojlantirishga oid savolga javob berdi.

«Hozir hukumat aholi quyosh energiyasidan foydalanishini xohlayapti. Men bunday bo‘lishini istamagan bo‘lardim. Aholiga kichik quyosh stansiyalarini quringlar va hammasini davlatga sotinglar, har bir kilovatt soatini 1000 so‘mdan olaman, degan bo‘lardim. Bu qurilayotgan quyosh stansiyalari iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlashiga olib keladi. Har qanday inson bir narsaga pul tiksa, bu pul foydali bo‘lib qaytib kelishini xohlaydi. Agar ko‘proq ichki iste’molga bo‘lsa, bu o‘zini oqlamasligi mumkin», deydi u.

Zafar Safoyev birinchi navbatda aholini shu stansiyalar bilan tanishtirish kerakligini ta’kidladi.

«Panellar qancha elektr energiyasini ishlab chiqaryapti, qancha sotyapti, bu o‘zi foydalimi – buni tushunishi kerak. Keyinchalik bu jarayonlar bilan iqtisodiyot rivojlansa, aholi sotib olayotgan elektr energiyasi 1000 so‘mdan qimmat bo‘lishi ham mumkin. Keyin aholi “biz elektr energiyasi ishlab chiqarib, 1000 so‘mdan sotyapmiz. Lekin tarmoqdan 3000-4000 so‘mdan olyapmiz. Ichki iste’molga ishlataylik shu energiyani, bu foydali ekan, yaxshi ekan”, desin. 2-3 yilda aholi quyosh elektr stansiyalari bilan tanishgan bo‘lardi», deydi o‘zbekistonlik elektrik.

Jurnalist uy xo‘jaliklari quyosh panellarini o‘rnatsa, 3 yilga mulk va yer solig‘idan, kompaniyalar esa 10 yilga ozod qilinishini ta’kidlab, yana qanday imtiyozlar berish mumkinligi haqida so‘radi.

Safoyev hukumatning keyingi qiladigan ishi bozorni shakllantirish ekanini aytadi.

«Germaniyada, avvaliga, qurilgan quvvatga qarab pul berilgan. Oxirgi yillardan boshlab [uni o‘rnatganlar] QQSdan ozod qilindi. Qayerga stansiya o‘rnatilsa, o‘sha yer QQSdan ozod qilingan va 20 foizga arzonga tushgan. Bu imtiyozlar yaxshi narsa deb o‘ylayman.

Hukumatning keyingi qiladigan ishlaridan biri – bozorni shakllantirish. Bozorga ishlab chiqaruvchilarni ko‘proq olib kelish kerak. Tanlovni ko‘paytirish kerak, bu sohada ishlaydigan firmalar ko‘payishiga yordam berish kerak.

Misol uchun, men hozir uyimga panel quraman desam, bir nechta firma talabgor bo‘lib keladi. O‘zbekistonda esa ma’lum bir firma va kompaniyalar kelayotganini eshitdim. Bu faqat firmalar soni bilan emas, balki kadrlar yetishmovchiligi bilan ham bog‘liq.

Bu narsa ustida Energetika vazirligi bosh qotirishi kerak, deb maslahat bergan bo‘lardim. Bu bozor tartibga solinmasdan rivojlantirilsa, yovvoyi tarzda shakllansa, yaxshi emas, aholining quyosh energetikasiga nisbatan ishtiyoqini so‘ndiradi. Hozirgi majburlashlar shundan kelib chiqyapti. Nimadirlarga majburiy yo‘naltirish natija bermayapti, boshqa sohalardan xulosa chiqarish kerak», deydi u.

Uning ta’kidlashicha, servis xizmatlari ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Quyosh stansiyasi qurilgandan keyin unga xizmat ko‘rsatish, kamchiligi chiqsa tuzatish sxemalari bo‘lishi kerak.

«Agar bunday bo‘lmasa, bu stansiyalar o‘zini oqlamaydi. Aholi puliga kuygani qoladi. Na elektrdan foydalana oladi, na foyda ko‘radi.

Shuningdek, hukumat hech qachon plan qo‘ymasligi kerak, shu yil 11 mingta quringlar demasligi kerak. Yoki bir yil ichida shuncha quvvatni ishga tushiramiz deyish kerak emas. Marrani qo‘yish kerak, lekin bunga majburlanmasligi kerak. Bo‘lmayaptimi, aholi xohlamayaptimi, yana imtiyozlar va yo‘nalish berish kerak. Eng jozibalisi – ichki iste’molga ishlatmanglar, quringlar va davlatga sotinglar deyish bo‘ladi», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: