YeTBga a’zolik ehtimoli, O‘zbekistonga kelayotgan Mastercard va Exeed - iqtisodiy taymlayn

Iqtisodiyot 13:54 / 20.05.2023 37640

O‘zbekiston Yevrosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi mumkin

Bu haqda 15 may kuni tashkilot rahbari Nikolay Podguzov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bank va O‘zbekiston o‘rtasida muzokaralar olib borilmoqda va ko‘plab pozitsiyalar bo‘yicha yaqinlashuv kuzatilgan. Shu sababli, hozirgi vaqtda O‘zbekiston bankka qo‘shilish uchun eng real nomzod deb ko‘rilyapti.

2006 yilda tashkil etilgan, ustav kapitali 7 mlrd dollarga teng bu xalqaro moliya tashkiloti mintaqada iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan investitsiya faoliyatini amalga oshiradi.

Yevrosiyo taraqqiyot bankiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a’zo. Eslatib o‘tamiz, bu ro‘yxatdagi Tojikistondan tashqari qolgan 5 ta davlat Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibiga ham kiradi. O‘zbekiston 2019 yildan beri bu ittifoqqa ham a’zo bo‘lish istiqbollarini o‘rganib kelyapti.

Xitoyga tashrif – iqtisodiy kelishuvlar

Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida Xitoy kompaniyalari O‘zbekistondagi elektr tarmoqlarini yangilashga jalb etilishi ma’lum qilindi.

Xitoyning Sian Electric Engineering kompaniyasi O‘zbekistondagi elektr uzatish liniyalari va nimstansiyalarni qurishga mablag‘ ajratadi. Energy China investitsion kompaniyasi esa Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalari, Universal Energy kompaniyasi shamol elektr stansiyalari qurilishini moliyalashtiradi.

Shuningdek, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘lini qurish bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichiga o‘tildi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tayyor bo‘lgan, endilikda u ekspertizadan o‘tkaziladi. 18 may kuni imzolangan uch tomonlama kelishuv temiryo‘lni qurish loyihasini ishlab chiqish va moliyalashtirish modelini aniqlashga qaratilgan.

Xitoydan O‘zbekistonga temiryo‘l qurilsa, Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropagacha yo‘l taxminan 900 km, yuk tashish muddatlari esa 1 haftaga kamayadi. Bu yo‘ldan yiliga 12-15 million tonna yuk tashilishi mumkin.

Bundan tashqari, Sirdaryoda Xitoyning Exeed brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarish boshlanishi kutilyapti.

Tashrif chog‘ida, 2023 yili O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi 10 mlrd dollarga yetkazilishi ham ma’lum qilindi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konferensiyasida nimalar bo‘ldi?

16-18 may kunlari Samarqandda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 36-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev konferensiya ochilishidagi nutqida O‘zbekiston bu yil Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lida salmoqli natijalarga erishishiga ishonch bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajagiga ishonch bilan qarayapti. Bankning yangilangan prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotlari 2023 va 2024-yillarda 6,5 ​​foizdan o‘sishga erishishi taxmin qilinyapti.

Konferensiya doirasida YeTTB O‘zbekistondagi qator loyihalarni moliyalashtirishi bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Xususan, ushbu bank mablag‘lari asosida O‘zbekistonda 15 ta maktab quriladi. Loyihaning kapital qiymati 55-75 million dollarga baholandi.

YeTTB, shuningdek, Samarqand shahriga 100 tagacha o‘rta o‘lchamdagi elektrobuslar sotib olish uchun mablag‘ ajratadigan bo‘ldi. Bank va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 49 mln dollarlik suveren kredit bo‘yicha bitim tuzildi.

Bundan tashqari, mazkur moliya tashkiloti Uzbekistan Airports'ga O‘zbekistonning xalqaro aeroportlarida uskunalarni yangilash uchun 28 mln yevrogacha uzoq muddatli moliyalashtirishni taqdim etadigan bo‘ldi.

Konferensiya doirasida BAAning TAQA va Masdar kompaniyalari bilan umumiy qiymati 3,8 mlrd dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Masdar direktori Muhammad Jamil Al Ramahining aytishicha, kompaniya keyingi yillarda O‘zbekistonda 10 gigavatt quvvatlarni ishga tushirmoqchi.

O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalari haqida Mastercard'ning mintaqaviy prezidenti Dimitrios Dosis ham aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mastercard O‘zbekistonda rasmiy vakolatxonasini ochmoqchi. Bu bank-moliya sohasida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga ko‘mak beradi.

2 trillion so‘mlik tenderda 2ta kompaniya g‘olib bo‘ldi

Davlat tashkilotlarining binolari va ijtimoiy obektlarga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha 6 ta lotda o‘tkazilgan salkam 2 trln so‘mlik tenderda 2 ta kompaniya g‘olib deb topildi.

Jumladan, 9 ta viloyat va Toshkent shahridagi obektlarga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha 1,1 trln so‘mlik 4 ta lotni “Virtes Power” MChJ yutib olgan. 729 mlrd so‘mlik qolgan 2 ta lot bo‘yicha loyihalar esa “Cifra B” kompaniyasiga berilgan.

6 ta lotda g‘oliblik 2 ta kompaniya o‘rtasida taqsimlanganiga blogerlar e’tibor qaratishi ortidan, Energetika vazirligi tender natijalari bekor qilinganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, tanlovda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha 18 ta kompaniya ishtirok etgan. G‘olib deb topilgan kompaniyalar bilan tuzilgan shartnomalar shartlari bajarilmagach, natijalar bekor etilib, yangi tanlov e’lon qilingan.

Kambag‘allikka qarshi kurashish forumi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston hukumati kambag‘allikka qarshi kurashish dasturlari qanchalik natija berayotganini baholashdan o‘tkazishi kerak. Bunday fikrni iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati, Massachusets texnologiya instituti professori Abhijit Banerji ilgari surdi. U bu haqda 18 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Kambag‘allikni qisqartirish 2-xalqaro forumidagi nutqida to‘xtalib o‘tdi.

Professorning aytishicha, ijtimoiy himoya dasturlarining samarasini qayta baholashda ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri odamlarga yetib borishi, kerakli effektni berishi uchun nimalarni o‘zgartirish kerakligi kabilar o‘rganiladi. Bundan tashqari, Abhijit Banerji biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘llarini aniqlashga ham chaqirdi. Masalan, uning aytishicha, har xil soliq imtiyozlariga yangi tadbirkorlarning munosabatini o‘rganish kerak. Iqtisodchi o‘z nutqida kambag‘allikni qisqartirish uchun kasbga o‘qitish va maktab ta’limi sifatini oshirish kerakligiga ham urg‘u berdi.

Shu forumda so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, hukumat kambag‘allikni qisqartirishda 4 ta yo‘nalishni ustuvor deb belgilab olgan. Bular – qishloq xo‘jaligini isloh qilish, qishloqlarda sanoatni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va urbanizatsiyani qo‘llab-quvvatlash.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.  

Ko‘proq yangiliklar: