“Ijodkor” firibgarlar: bunaqalari kinolarda ham uchramaydi

Jamiyat 17:35 3022

Aldash – firibgarlik jinoyatining asosi. Buni kasb qilib olganlar birovlarni aldash uchun shunday yolg‘onlar o‘ylab topishadiki, ularning “ijodkor”ligi kishini hayratga soladi. Kun.uz 2024 yilda O‘zbekistonda sodir etilgan eng g‘aroyib firibgarliklarni to‘pladi. Ularda firibgarlar “o‘ljasi”ni ko‘ziga qarab turgan holda aldab, pul yoki mulkini egallab olgan.

O‘zbekistonda har yili minglab firibgarlik jinoyati sodir etiladi. Ularning aksariyati aldov yo‘li bilan o‘zga shaxslar ishonchiga kirib, pul yoki mulkini egallab olish bilan bog‘liq. Kun.uz 2024 yilda respublikada sodir qilingan g‘aroyib firibgarliklarni to‘pladi.

Taksistlarni “uxlatgan” yigit

Zangiota tumanida yashovchi 20 yoshli yigit kirakashlarni chuv tushirishni maqsad qiladi. Buning uchun u juda oddiy yolg‘on o‘ylab topgan va kirakashlar bu yolg‘onga ishongan.

Firibgarlik sxemasi quyidagicha: yigit Toshkent shahri ko‘chalarida yurib, yo‘lovchilardan telefonidan biror daqiqaga foydalanib turishni so‘ragan hamda o‘zi turgan manzilga Yandeks chaqirgan. Chaqiruv bo‘yicha kelgan taksist qo‘liga esa paketga o‘ralgan buyumni (hid taratuvchi aksessuar) tutqazib, biror manzilga yetkazib berishni so‘ragan.

“Manzilda sizni kutib olgan odam “pochta” uchun 300 ming, yo‘l haqi uchun 100 ming so‘m beradi. Siz menga “pochta” pulini berib ketaverasiz”, deya aldagan u jabrlanuvchilarni.

Taksistlar uning gapiga ishonib, “pochta” pulini yigitga tutqazib, aytilgan manzilga yo‘l olishgan. Manzilga yetib borganida esa aldanganini bilishgan. Ilova bo‘yicha taksini chaqirgan odamga bog‘lanishsa, u begona bo‘lib chiqavergan.

Yigit shu uslubda bir emas, ikki emas, 6 holatda taksistlarni turli miqdordagi pulga chuv tushirgan. Ammo oxiri qo‘lga tushgan.

Sudda yigit barcha qilmishlarini tan olgan va ushbu ishlarda umuman sherigi bo‘lmaganini, bir o‘zi sodir etganini bildirgan. Sud hukmi bilan unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi va BHMning 70 baravari (23,8 mln so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Tekinga tushgan “ming tish”

Mazkur firibgarlik jinoyati 2024 yil 17 oktyabr kuni Angren shahrida sodir bo‘lgan. 44 yoshli ayol shaharning Sag‘bon mahallasida yashovchi fuqaroga (ayol kishi) o‘zini “eski-tuski” narsalarni sotib oluvchi sifatida tanishtirgan.

“Mo‘yna, ya’ni hayvon yoqalarini sotib olaman”, degan u. Ayol mo‘yna borligini aytib, uyga kirib ketgan va birozdan so‘ng palto yoqasini ko‘tarib chiqqan. Biroz savdolashishdan so‘ng mo‘yna 50 ming so‘mga sotib olingan.

“Yana nimalar sotib olasiz?”, deya so‘ragan xonadon bekasi. Ayol tilla ziraklar olishini aytgan. Shunda uy egasi qulog‘idagi zirakni qanchaga olishini so‘ragan.

“Qani, olib bering-chi, avval ko‘raylik”, degan eski-tuskichi. So‘ngra “Ming tish” deya ataluvchi zirakni qo‘liga olib, u haqiqiy tilla emasligini, ishonmasa isbotlab berishni bildirgan.

Shu tariqa firibgar zirakni o‘zining yonidagi allaqanday suyuqlikka solgan. Shunda zirak qorayib qolgan. 

“Ana, ko‘rdingizmi, qorayib qoldi. Tilla qoraymaydi axir. Istasangiz ziragingizni ertaga oqartirib keltirib beraman. Ungacha sizga o‘zimning mana bu ziragimni qoldirib ketaman”, degan u ustamonlik bilan.

Firibgar o‘zining soxta ziragini qoldirib, o‘rniga haqiqiy tilla zirakni olib ketgan. Yoshi ancha katta bo‘lgan ayol uning gapiga ishonib qolavergan. Oradan 4-5 kun o‘tib, yo‘li yana Angren shahriga tushgan firibgar profilaktika inspektori tomonidan to‘xtatilib, holat aniqlashtirilgan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

 Sud hukmi bilan firibgar ayolga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish va BHMning 50 baravari (18 mln 750 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilangan.

“Podezdchi” firibgar

1993 yilda tug‘ilgan yigit tomonidan Qo‘qon shahrida sodir etilgan “seriyali” firibgarlik ham hech kimning xayoliga kelmagan sxemaga asoslangan. U asosan birovlarning telefonini qo‘lga kiritib, sotib yuborish orqali pul topishni maqsad qilgan. Uning “o‘ljasi” ham asosan taksistlar bo‘lgan.

Yigitning dastlabki “ovi” shunday bo‘lgan: u yo‘lovchi sifatida taksiga mingan va Qo‘qon shahar, Alisher Navoiy mavzesi, 32-uyning yoniga borgan.

Mana shu soatni sotib olmoqchiman. Telefoningizga suratga olib, akamga ko‘rsatib chiqsam bo‘ladimi? 5 daqiqada qaytaman, siz shu yerda kutib turing”, degan u go‘yo uyiga kelgan kabi tutib o‘zini.

Kirakash uning soddalik bilan aytgan gapiga ishongan va mayli degan. Yigit taksistning 1,5 mln so‘mlik telefonini olib, soatni suratga tushirgan. So‘ngra soatni taksistga berib, o‘zi “dom” podezdiga kirib ketgan.

Taksist yigitni kutib o‘tiravergan. Biror soatdan so‘ng mashinadan tushib, yigit kirib ketgan podezdning narigi tomonidan chiqib ketish mumkinligini ko‘rgan hamda aldanganini bilgan.

“Ishi yurishgan” yigit bir necha kundan so‘ng yana bir taksistni yo‘l haqini uydan chiqarib berish sharti bilan o‘sha hududga boshlab borgan.

“Telefoningizni berib turing, uydagilarga qo‘ng‘iroq qilib olay, pul olib tushishsin”, degan shovvoz taksistning 2 mln so‘mlik telefonini olib, o‘zini go‘yoki gaplashgan holda uyga kirib chiqayotgandek tutib, ikkinchi tomoni ham ochiq bo‘lgan podezdga kirib ketgan. U shu ketishi bo‘yicha g‘oyib bo‘lgan.

Yigit shu uslubda o‘ndan ortiq kirakashning telefonini o‘margan va sotib, o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Sud hukmi bilan unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar yigitning oila a’zolari tomonidan qoplangan.

Sigaretga ketgan do‘st

Samarqand viloyatining Urgut tumanida sodir qilingan mazkur firibgarlik jinoyati “Gugurtga ketib” filmini yodga soladi: do‘stining mashinasi bilan sigaret olib kelishga ketgan do‘st qaytmaydi. Bu qanday sodir bo‘lgan?

2002 yilda tug‘ilgan, Urgut tumanining Chag‘izg‘on mahallasida yashovchi yigit yosh bo‘lishiga qaramay “xavfli retsidivist” degan nomni egallagan. Sababi u bungacha ham bir necha bor jinoyat sodir qilib, sudlangan. 

Yigit 2024 yil 29 avgust kuni do‘stining Cobalt mashinasida Urgut tumani Chorchinor mahallasidagi soy bo‘yiga dam olishga boradi. Kechga yaqin do‘stlarning sigareti tugaydi.

“Do‘stim, mashinangni berib tur, qishloqqa borib sigaret olib kelay”, deydi u. Do‘sti esa ishonib, unga mashina kalitini tutqazadi. Afsuski, sigaretga ketgan do‘st qaytmaydi.

Yigit mashinani boshqarib, Samarqand tumani Diyor mahallasidagi avtomashinalarni ta’mirlash ustaxonasiga boradi. O‘sha yerda mashina “korobkasi” va xotira qutisini, jami 29,2 mln so‘mlik ehtiyot qismlarini yechib olib, Toshkent shahrining Sergeli tumaniga keltirib 900 dollarga sotib yuboradi. Mashina egasi uni kutib o‘tirgan bir paytda yigit do‘stini chuv tushirib ketgandi.

Bundan tashqari, xavfli retsidivist Toshkent shahrida kuniga 700 ming so‘m ijara to‘lash sharti bilan Lacetti mashinasini olib, uning 14 mln so‘mlik ehtiyot qismlarini yechib sotib yuborgan.

Sud hukmi bilan yigitga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.

To‘yxonaning soxta egasi

2024 yil sentabr oyida Toshloq tumanida sodir bo‘lgan firibgarlik jinoyatida ham jabrlanuvchilar juda oddiy va kutilmagan shaklda aldangan. Ushbu firibgarlikni 1988 yilda tug‘ilgan xavfli retsidivist sodir qilgan.

U 2024 yil 23 sentabr kuni Toshloq tumani, Sadda mahallasidagi “Turon” to‘yxonasi oldiga kelgan va kim to‘y o‘tkazayotganligini bilib olgan. So‘ngra tuman markazidan “Royal” taksi firmasiga taksi kerakligi haqida buyurtma qilgan.

Buyurtmaga asosan yetib kelgan taksi haydovchisiga telefon orqali “Turon” to‘yxonasiga borishni hamda telefonni to‘y egasiga berishni aytgan. Taksist aytilgani kabi to‘yxonaga borib, telefonni to‘y o‘tkazayotgan fuqaroga bergan.

“Men to‘yxona egasiman, kassa uchun to‘lovlarni qilayotgandim, to‘yxona pulini berib yuborsangiz”, degan firibgar to‘y egasiga. Uning gapiga ishongan to‘y egasi esa 3 mln so‘mni taksistga tutqazgan. Taksi haydovchisi esa pulni firibgarga keltirib bergan.

To‘y yakuniga yetgach to‘yxonaning haqiqiy egasi to‘ychilardan pulni so‘ragan. To‘y egasi esa holatdan hayron bo‘lib, boshini ushlab qolavergan. 

Sud hukmi bilan firibgarga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 7 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. To‘y egasiga yetkazilgan zarar esa qoplangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: