Holat kecha, 17 may kuni sodir bo‘lgan. Tumanning 8-mavzesi hududida noma’lum qurilish firmasi ko‘p qavatli uy qurish maqsadida hududdagi avtoturargohni o‘rab ola boshlagan. Mahalla aholisi esa bunga keskin qarshilik ko‘rsatgan: qurilish firmasiga tegishli texnika yo‘lini to‘sishgan, o‘rnatilgan to‘siqlarni olib tashlashgan. Oqibatda firma ishchilari va aholi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan.
“8 maydan beri har kuni shu ahvol, hujjati yo‘q bo‘lsa-da, qurilish ishlarini boshlab yuborishmoqchi. Hattoki, sportchi yigitlarni jalb qilib, aholini qo‘rqitmoqchi bo‘lishyapti, ayollarga qo‘l ko‘tarishgacha borishdi. Vaziyat ancha jiddiy, 5-6 marta IIBga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Holat yana takrorlanyapti.
O‘zi mahallada mashina ko‘p, kechki payt yurib bo‘lmaydi hatto. Faqat shu avtoturargohimiz bor, uni ham buzib, o‘rniga “dom” qurishmoqchi. Keyin aholi mashinasini qayerga qo‘yadi?” — deydi Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan aholi vakillaridan biri.
Yana bir fuqaro esa qurilish firmasining bu harakatini prezident saylovi oldidan sabotaj, deya baholagan. Voqea joyiga IIB xodimlari yetib kelgan.
Mazkur masala yuzasidan oldinroq Yunusobod tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari ham hududga kelib, aholi bilan uchrashgan.
“Hech biringizda shubha bo‘lmasinki, qonun ustuvorligi ta’minlanadi. Kimdir o‘zboshimchalik bilan kelib, mening qo‘limda qarorim bor, quraman demaydi, unaqa narsa yo‘q. Tegishli tashkilotlar quruvchining qo‘lidagi hujjatlarni o‘rganib chiqqach, tegishli xulosa beriladi. Qolaversa, hudud aholisining roziligisiz biror qurilish bo‘lmaydi. Shuning uchun xavotirga o‘rin yo‘q”, — deya ta’kidlagan hokim o‘rinbosari.
Biroq mahalla aholisi qurilishni boshlashga harakat to‘xtamaganini, aksincha qurilish firmasi va fuqarolar o‘rtasida ziddiyat kuchayib borayotganini ma’lum qilishmoqda.
Ma’lumot uchun, prezident 8 fevral kuni Toshkent shahrining Sergeli tumaniga tashrifi chog‘ida yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qilib, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini ta’kidlagandi.
Shahar hokimi almashishi ortidan aholining yangi qurilishlarga nisbatan noroziligi ma’lum muddat tinchib qolgandi. Ammo keyingi kunlarda ushbu norozilik yana asta bo‘y cho‘za boshladi: tahririyatga Toshkent shahrining turli nuqtalarida, aholi gavjum joylarda bo‘sh yerlar to‘siqlar bilan o‘rab olinayotgani va qurilish ishlari amalga oshirilayotgani haqida murojaatlar kelib tushmoqda.
Kun.uz ushbu holat yuzasidan poytaxt hokimligi va boshqa mas’ul idoralardan izoh kutib qoladi.