O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirishda o‘ziga qanday savollar berishi kerak? - Nobel mukofoti laureatining tavsiyalari

Iqtisodiyot 16:20 / 18.05.2023 32955

Toshkentda, Kambag‘allikni qisqartirish ikkinchi xalqaro forumida Massachusets texnologiya instituti professori, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Abhijit Banerji ham ishtirok etdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, professor O‘zbekistonga kambag‘allikni qisqartirishda quyidagi 4ta tadqiqot yo‘nalishini tavsiya qildi.

Birinchisi, ijtimoiy himoya dasturlarining samaradorligini baholash. Bunda, ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri odamlarga yetib borishi, kerakli effektni berishi uchun nimalarni o‘zgartirish kerakligi o‘rganiladi.

Ikkinchisi, biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng samarali yo‘llarini aniqlash. Xususan, turli soliq imtiyozlariga yangi tadbirkorlarning munosabatini o‘rganish. Ayniqsa, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashda qanday chora-tadbirlar samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqish.

Uchinchisi, kasbiy ta’limning qanday shakllari samarali ekanini aniqlash. Muvaffaqiyatli bandlik natijalarini qo‘llab-quvvatlash uchun eng tejamkor usullar qaysi? Ishchilarga ularni o‘qitishdan tashqari yana qanday yordam kerak bo‘lishi mumkin?

To‘rtinchisi, maktab ta’limidagi sifat masalasi. Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim natijalarini yaxshilash uchun qanday pedagogik tadbirlar foydali bo‘lishi mumkin? Maktabgacha ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlari kengayib borar ekan, bolalarni qamrab olishni rag‘batlantirish va sifatni yaxshilash uchun yana qanday choralar ko‘rish kerak?

Ko‘proq yangiliklar: