YeIning yangi sanksiyalar paketidan O‘zbekiston kompaniyalari ham joy oladi - OAV

Iqtisodiyot 15:51 / 11.05.2023 47178

Yevropa Ittifoqi davlatlari chorshanba kuni Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli bir nechta mamlakatlarning kompaniyalariga qaratilgan, savdo cheklovlarini buzgani uchun uchinchi mamlakatlarga eksport qilishni cheklaydigan yangi sanksiyalar yuzasidan birinchi muhokamalarini o‘tkazdi.

Reuters xabariga ko‘ra, gap Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ochilgan o‘nlab yangi kompaniyalar haqida ketyapti.

Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyenning aytishicha, yangi sanksiyalar Rossiya mavjud savdo cheklovlarini chetlab o‘tishini to‘xtatishga qaratilgan va G-7 davlatlari bilan “juda yaqin hamkorlikda” ishlab chiqilgan.

“Agar biz tovarlar Yevropa Ittifoqidan uchinchi davlatlarga, keyin esa Rossiyaga yetib borishini bilsak, a’zo davlatlarga ushbu tovarlarni eksport qilishga sanksiya kiritishni taklif qilishimiz mumkin. Bu vosita oxirgi chora bo‘ladi va ehtiyotkorlik bilan qo‘llanadi”, – dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, YeI o‘z eksportining aksariyat qismi, jumladan, yuqori texnologiyali mahsulotlar va samolyot qismlarining Rossiya orqali tranzitini to‘xtatadi.

Shuningdek, OAV manbalariga ko‘ra, yangi sanksiyalar neft tankerlariga GPS-trekerlari o‘chirilgan holda ochiq dengizda yuk tashish yoki portlarga yetib borishni taqiqlaydi. Rossiya shu yo‘l bilan neft savdosi bo‘yicha G-7 cheklovlarini buzishga qarshi harakat qilayotgani aytilmoqda.

Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda Markaziy Osiyo hududidan foydalanyaptimi?

Yevroittifoq Rossiyaga yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga sanksiya kiritmoqchiligi haqidagi daraklar mart oyidayoq yangragandi.

The Telegraph nashri sanksiyalar Rossiyaga katta miqdorda kir yuvish mashinalari va eskirgan avtomobillarni yetkazib berayotgan davlatlarga taalluqli bo‘lishi haqida yozgan. Chunki kir yuvish mashinalari tarkibidagi yarimo‘tkazgichlar va avtomobil qismlari harbiy sanoatda qo‘llanishi mumkin.

“Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi va Kremlning Markaziy Osiyodagi an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida iste’mol tovarlari ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini payqadi. Yangi marshrutlarda faollik 60-80 foizga ko‘paygan, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ulardan foydalanmoqda, degan xavotir bor”, deyiladi ingliz nashri xabarida.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlarga eksport qilinadigan tovarlar orasida asosan kir yuvish mashinalari, eski mashinalar va fotoapparatlar bor.

Shu sababli ko‘plab tovarlar qismlarga ajratilib, yarimo‘tkazgichlar va ulardan olingan boshqa komponentlardan Ukrainada zarar ko‘rgan Rossiya tanklari, zirhli texnikalari va dronlarini ta’mirlash uchun foydalanilayotganidan xavotirlar ham paydo bo‘lgandi.

Umuman, yil boshidan beri O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlariga Yevropa Ittifoqidan eksport shubhali ravishda oshayotgani ta’kidlab kelinadi. Shu sababli Yevropa Ittifoqi bu borada tekshiruv o‘tkazishi ma’lum qilingandi.

Joriy yil fevralda esa Rossiya g‘allasi Qozog‘istonniki degan niqob ostida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikistonga eksport qilinayotgani aniqlangan.

Mart oyida AQSh O‘zbekistonni sanksiyalar tufayli ehtiyotkorlikka chaqirdi. Aprelda esa Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Toshkentga keldi.

Aprelda AQSh milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlari va kompaniyalariga sanksiya qo‘lladi, natijada O‘zbekistonning «Ohangaronsement» zavodi ham cheklovga tushdi. Zavodning asosiy aksiyadori Akkerman Cement CA hamda Usmonovning USM holdingi tarkibidagi «Metalloinvest», «Megafon» ham AQShning qora ro‘yxatidan joy oldi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodov “Ohangaronsement”ning sanksiyaga tushishi xavotirli ekanini aytdi. U Alisher Usmonovning kompaniyalari, xususan “Ohangaronsement” va uning ta’sischisiga nisbatan sanksiya qo‘llagani ularning dollardagi operatsiyalarini cheklashini ta’kidladi.

Markaziy bank raisi zavodga xizmat ko‘rsatayotgan bank ikkilamchi sanksiyaga tushishi ehtimolini rad etmadi. Unga ko‘ra, masala yechimi bo‘yicha AQSh tomoni bilan ish olib borilyapti.

Yevroittifoqning 11-sanksiyalar paketi

O‘zbekiston kompaniyalari ham joy olgani aytilayotgan navbatdagi sanksiyalar kuchga kirishi uchun Yevropa ittifoqining barcha 27 davlati kelishib olishi kerak. Bu Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirganidan beri Ittifoqning 11-sanksiyalar paketi hisoblanadi.

Bu paketni ishlab chiqish doirasida, YeI ilk marta Xitoyni Ukraina urushidagi pozitsiyasi uchun tanqid qildi, Xitoy tashqi ishlar vazirligi esa Yevropa Ittifoqini ogohlantirdi.

Rossiyada fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alaba kuni nishonlayotgan kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Kiyevga bordi va sanksiyalarning yangi paketi haqida gapirdi. U sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan uchinchi davlatlarga qarshi vositalar ham qo‘llanishini aytgandi.

Shunday qilib, gap uchta element haqida ketyapti. Bu, birinchi navbatda, uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga jo‘natilayotgan sanksiya ostidagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, so‘ngra uchinchi davlatlar tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish imkoniyatining oldini oladigan yangi mexanizmlarni yaratish, shuningdek, Rossiya va boshqa davlatlar tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalaniladigan xufiyona tizimlarga qarshi kurashish.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 10-paketini 25 fevral kuni qabul qilgandi. Unga 120 dan ortiq jismoniy shaxs va tashkilot qo‘shilgan, eksport va importga yangi cheklovlar joriy etilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: