Qashqadaryoda bayroq ranglaridagi lentani taqib yurgan yigitga ochilgan ish bekor qilindi

Jamiyat 18:06 / 07.05.2023 42743

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi tasma taqqan yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atish qarori noqonuniy deb topilgan va bu qaror bekor qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

«5 may kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i rangidagi tasmani taqib yurgan yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilingan. 

Bosh prokuratura aralashuvi bilan yigitga nisbatan qo‘llangan ushbu noqonuniy qaror bekor qilinishi ta’minlandi», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tumanidagi bozorda huquq-tartibot idoralari xodimlari O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi va «Bitiruvchi» yozuvi bo‘lgan tasma taqqan yigitni qo‘lga olgani aks etgan video tarqalgandi. Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmatining Kun.uz nashriga xabar qilishicha, voqea 5 may kuni Qamashi shahridagi «Chim» bozorida sodir bo‘lgan.

Viloyat IIB axborot xizmati u dehqon bozorida to‘xtatilib, «Davlat ramzlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga ko‘ra bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi aytilganda, «IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatgani» haqida ma’lumot bergandi.

Natijada Qamashi tumanida yashovchi R.I. bilan belgilangan tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilgan va unga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan.

Mazkur hodisa keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlarining xatti-harakati qoralandi.

Ko‘proq yangiliklar: