Har bir kishining yoshlikdan orzu qilgan kasbi, hunari bo‘ladi. O‘sha orzuga imkon yetgani qadar intiladi. Kimdadir bu orzu ushaladi, kimdadir yo‘q. Bolalarda esa ushbu orzuning ushalishiga ishonch yuqori bo‘ladi. Chunki ularga tanlagan kasbining jamiyatdagi mavqeyi qanday, keltiradigan daromadi qancha, mashaqqati qay darajadaligining qizig‘i yo‘q.
Katta bo‘lgach sekin-asta fikrlar o‘zgaradi. Orzularning chegarasi bora-bora moddiyatga, manfaatga taqala boshlaydi. Bola endi atrofidagilari bilan ham hisoblashadi. Turli sabablar turtkisi bilan kelajakda kim bo‘lishini aqlan tanlay boshlaydi. Hislar chekinadi. Ayrim jasoratlilargina hech narsaga qaramay qiziqqan sohasining etagidan ushlab ketadi. Qalbga quloq solish judayam muhim.
Har inson javhariga yozib qo‘yilgan missiyasi bo‘ladi. Ko‘plar bu missiyadan chalg‘ib ketadi. Bajarishi kerak bo‘lgan vazifasi qolib, boshqa ishlarda tentirab yuradi. Ayrimlar bo‘lsa, javharidagi yoziqni kech bo‘lsa-da anglaydi va u bo‘yicha harakatlana boshlaydi. Ëzuvchi Somerset Moemning “Oy va sariq chaqa” asari bosh qahramoni Striklend ham zimmasiga yuklangan vazifani kech tushunib yetadi va kech bo‘lsa-da, o‘z maqsadiga yetishadi.
Ingliz adibi Uilyam Somerset Moem nomi adabiyot ixlosmandlariga tanish. Yoshligidan ilm olishga qiziqqan, o‘qib-o‘rganib, shifokor bo‘lgan ijodkor adabiyot olamiga kirib kelgach, o‘z kasbini tashlaydi, bor kuch-g‘ayratini ijodga bag‘ishlaydi. Birin-ketin chop etilgan asarlari unga shuhrat keltira boshlaydi. Yozuvchining o‘zi e’tirof etganiday, “Oy va sariq chaqa” romani haqiqatan ham uning shoh asarlaridan biri bo‘lib, asar muallifi o‘tkir nigohi orqali ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan hayotiy voqelikni badiiy talqinda ochib bergan. Shu bilan birga, voqea ichida voqeaning rivojlanib borishi, asar qahramoni Charlz Striklendning qirq yoshidan keyin rassomlikka mukkasidan ketishi, u va uning do‘stlari atrofida kechgan insoniy munosabatlar, mo‘yqalam sohibining fojiaviy qismati o‘quvchini chuqur falsafiy mushohadaga undaydi, hayot haqidagi tasavvurini boyitadi.
Syujyet:
Asar Gagen ismli rassom hayotidan olingan bo‘lib, bir yozuvchi yigit tilidan hikoya qilinadi. U tasodifan Londonning kiborlar jamiyati ichiga kirib qoladi va ular orasidagi adabiy muhit bilan, qolaversa, Striklendlar xonadoni bilan tanishadi. Bu xonadonga yozuvchilar, san’atkorlar, adabiyot va san’atga qiziquvchilar tez-tez tashrif buyurib turishardi. Yozuvchi yigit ham bunday yig‘inlarga qatnay boshlaydi. Ammo bir kuni uni g‘aroyib bir hodisa hayratlantirib qo‘yadi. Risoladagidek oila rahbari, ikki farzandning otasi, birja dalloli bo‘lmish Charlz Striklend oilasini tashlab, Parijga ketib qolgandi. Butun shaharda uning ma’shuqasi bilan ketib qolganligi haqida mish-mish tarqaydi.
Oila bu voqeadan dovdirab qoladi, ayniqsa, Striklend xonim o‘zini tahqirlangandek his qiladi. Qolaversa, ayol boshi bilan ro‘zg‘orni qanday tebratishni o‘ylab siqiladi.
Striklend xonim yozuvchi yigitdan Parijga borib, Striklendni topishini iltimos qiladi va yigitcha istar-istamas ko‘nadi. Parijga borib, Charlz bilan ko‘rishgach hayrati yanada oshadi. Charlz hech qanaqa ayol ketidan ketmagandi. U yoshligida rassom bo‘lishni, o‘lmas asarlar yaratishni orzu qilgan bo‘ladi. Ammo otasining qistovi bilan umuman boshqa sohani tanlashga majbur bo‘lgandi. Mana qirqni qoralabdiki, bu orzu uni tark etmabdi, aksincha, hammasidan kechishga jur’at beribdi. Parijga ham shu orzuni quvib kelgandi.
Yigit nihoyatda hayratlangandi. Sababi shuki, u ilgari Striklendda san’at va adabiyotga ortiqcha qiziqish payqamagandi. Striklend judayam faqir hayot kechirayotgandi. Uning yaratayotgan asarlari barchaga g‘alati ko‘rinardi. Hamma uning ustidan kulardi. Faqatgina o‘rtamiyona rassom Struvegina unda nodir iste’dod borligini ta’kidlardi. Keyinroq Charlz Striklend kasal bo‘lib qoladi va uning hayotini Struve saqlab qoladi. Uni uyiga olib kelib parvarishlaydi. Bu orada Striklendni Struvening xotini sevib qoladi. Oqibatda, Struve uyidan chiqib ketishga majbur bo‘ladi.
Striklend ayolning yalang‘och rasmini chizgach unga qiziqishi qolmaganini aytib, tashlab ketadi. Alamiga chidolmagan Struve xonim o‘z joniga qasd qiladi.
Keyinroq Striklend Ata ismli qiz bilan turmush qurib, Taiti orolida yashay boshlaydi. U yerdagi sokin muhit uning ijod qilishiga ayni muddao edi. Ammo u moxov kasaliga duchor bo‘ladi va odamlardan butunlay uzilib qoladi. Hatto ko‘r bo‘lib qolgan vaqtidayam ijoddan to‘xtamaydi. O‘limidan oldin u shoh asarini yaratadi. Uni yog‘och uyining yog‘och devorlarigi chizgandi. Ataga bu suratlarni uyga qo‘shib yoqib yuborishini vasiyat qiladi. Ata vasiyatni bajaradi...
Striklend xonim esa biroz ikkilanishlardan so‘ng ro‘zg‘or tebratish maqsadida o‘z tadbirkorligini boshlaydi. Keyinchalik boyib ketadi.
Striklendning bir chaqaga qimmat deya masxaralangan asarlari keyinchalik juda-juda qimmatga sotila boshlaydi.
Tahlil:
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Asar nomi nega “Oy va sariq chaqa?” Bilamizki, oy ravshanlik, yorug‘lik ramzi. Insonning orzu-maqsadlari uning hayot mazmuni, oy yangliq nurli yo‘li hisoblanadi. Shunday ekan, Striklend uchun rassom bo‘lish, o‘zidan bebaho san’at asarlarini qoldirish — uning oyi edi. Va undan boshqa narsalar – qulay sharoit, totli yeguliklar, shinam uy, hattoki oila ham sariq chaqa edi. Undan farzandlarini yaxshi ko‘rishi so‘ralganda u: “Ularni oldin yaxshi ko‘rardim, keyin esa qizig‘i qolmadi”, deya javob beradi. Shundan ham maqsadining kuchi qay darajadaligini anglasak bo‘ladi.
Yozuvchi yigit Charlz Striklendni Parijda uchratgach uning xarakteri tubdan o‘zgarib ketganini anglaydi. Ancha qo‘pol, surbet va xudbinlik xususiyatlari Striklendda mujassamlashgandi. Hayotini saqlab qolgan Dik Struvening yaxshiliklariga hayotini barbod qilish bilan javob qaytarishi, Struve xonimning fojiasiga sovuqqonlik bilan qarab, o‘zini aybdor his qilmasligi, bir qarashda uni o‘ta xudbin, axloqsiz inson qilib ko‘rsatardi.
Striklendning bu yovvoyiliklari, hayotga loqayd qarashlari bir necha oyda shakllanib qolmagandi. Yillar davomida qondirilmagan istaklar, yetisholmayotgan orzulari uni shunday sovuqqon qilib qo‘ygandi. O‘zi istamagan jamiyatda yashash, istamagan ishida ishlash, boshqa birov bo‘lib hayot kechirish insonni qattiq qiynoqqa solib qo‘yadi. Striklend o‘zi istagandekmas, otasi xohlagandek shaxs bo‘lib yetishdi, ammo qirq yoshga yetganda bu stereotiplarni parchalashga o‘zida kuch topdi.
Striklendning maqsadi hech qachon shon-shuhrat bo‘lmagan. U shunchaki o‘zi istagan san’at bilan xumoridan chiqqunicha shug‘ullanish, qalb so‘zlarini insonlarga rasmlari bilan yetkazish, umuman olganda, dunyoda o‘z qalbini manguga qoldirish edi. U buning uddasidan chiqdi. Agar mashhurlik istaganda hayoti so‘ngida chizgan shoh asarini yoqtirib yubormas edi.
Hayotda har kim o‘z yo‘lini to‘g‘ri tanlashi va bu yo‘ldagi to‘siqlarni yengib o‘tishi judayam muhim. Majburlash inson irodasini yoki sindiradi, yoki o‘ta kuchli qilib yuboradi. Zero, inson qiziqqan yo‘nalishi, qiziqqan sohasiga o‘zgacha mehr qo‘yadi va aynan o‘sha yo‘nalishda muvaffaqiyat qozonadi. Boshqa yo‘l va boshqa manzilga tushib qolgan shaxs esa o‘zidan va hayotdan ko‘ngli to‘lmagan holatda umr kechiradi.
Gulasal Qodirova, kitobxon