Shu paytga qadar biz bu mavzuga bir necha bor murojaat qilganmiz, lekin hali yaylovlar boshqaruvi va holatini yaxshilash, o‘zgartirish borasida aniq ish qilingani sezilmayotgandek.
Sayt muxbiri yana bir bor mavzuga qaytdi va soha muammolarini olimlar ishtirokida muhokama qildi.
— Usmon aka, Bahrom aka, olim sifatida bugun O‘zbekistonda chorva uchun yaylov yetishmayotgani, mavjud yaylovlar degradatsiyasi esa kuchayib ketayotgani muammosining sabablarini nimalarda ko‘rasizlar? Umuman, tahlil qilsak, bu yo‘nalish qayoqdan kelib qayoqqa ketyapti o‘zi?
Usmon Norqulov:
— Yaylovlar juda katta muammoga duch kelyapti. Respublikamizning 51 foizi tabiiy yaylovlar hisoblanadi. Bular: tog‘, tog‘oldi, adirlik, tekislik va sohil yaylovlari. 55-60 yil oldin unumdorlik ancha yuqori bo‘lgan. Olimlarning kuzatuvi shuni ko‘rsatadiki, o‘sha paytlarda 1 gektar tabiiy yaylovdan kamida 10-15 sentner massa olingan va chorva mollari bemalol to‘yib oziqlangan.
Lekin keyingi 50 yil ichida yaylovlarda inqiroz kuchaydi. Bundan tashqari, qurg‘oqchilik, garmsel, atmosfera yog‘inlarining kamayishi — iqlim o‘zgarishi ta’sirida yaylovlardagi o‘simlik dunyosiga jiddiy zarar yeta boshladi. 1700 turdagi o‘simliklar bo‘lgan yaylovlarimizda, hozir esa shulardan 200 turdagisi umuman yo‘qolib ketgan, ba’zilari o‘ta kamayib ketgan.
Nima uchun bu darajaga kelib qoldi, degan masala ko‘tarilyapti. Buning asosiy sabablarini ikkiga bo‘lib o‘rganganmiz. Birinchisi, tabiiy omillar ta’siri, ya’ni iqlim o‘zgarishlari. Bu omil sabab juda murakkab vaziyat vujudga kelyapti. 12 yillik kichik siklning 7-8 yili qurg‘oqchil bo‘lyapti. Bu esa o‘z navbatida yaylovlarning holatiga, o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Ikkinchisi, iqlim o‘zgarishi natijasida tuproq eroziyasi (suv yoki shamol orqali tuproqning ustki qatlami yemirilishi) nihoyatda kuchayganligi. Tuproqning unumdor qatlamining yemirilishi natijasida millionlab tonna ozuqa moddalari ham yemirilib ketyapti.
Atmosfera yog‘inlari bo‘lyapti, lekin ularning yog‘ish muddati intensivligida katta farq paydo bo‘lgan. Masalan, hozir yomg‘ir sekin uzoq vaqt yerga singdirib yog‘maydi, birdan kuchli jala bo‘ladi va pastliklarga oqib ketadi. Shamollar ham kuchaygan. Shamol natijasida nafaqat qurg‘oqchilik, balki chang-to‘zonlar ham vujudga kelyapti, tuzlar bir joydan ikkinchi joyga uchib boryapti. Bularning hammasi o‘simliklar dunyosiga ta’sir o‘tkazyapti.
Bundan tashqari, inson omili ham bor. Biz yaylovlardan shunchaki mavjud resurs sifatida foydalandik. Himoyalash, oziqlantirish, namlikni saqlash, agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmadi. Keyin, fermer xo‘jaliklariga berilgan yaylovlarga tushadigan yuklama juda katta bo‘lib ketgan. Yaylov hosildorligi bilan chorva mollarining soni mutanosib emas, ya’ni ko‘p. Bu esa chorvachilikda ham ko‘payishga, mahsuldorlikka salbiy ta’sir qilyapti.
Bahrom Azizov:
— Yuqorida asosli va to‘g‘ri fikrlar bildirildi. Umumiy yaylovlarning 78 foizi cho‘l mintaqalariga to‘g‘ri keladi. Biz yaylovlardan foydalanyapmiz, lekin doimiy ravishda tiklab turish yetarli darajada emas. Uzoq vaqt foylanib, ammo uni madaniylashtirib, tiklab borilmasa, holat yana ham og‘irlashadi. Ya’ni yaylovlarda ozuqa sifatida dukkakli va qo‘ng‘irbosh o‘tlar emas, balki ozuqaligi past o‘tlar bo‘lib qoladi. Shuning uchun ozuqaligi yuqori bo‘lgan o‘tlardan ekib, nisbatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib borish talab qilinadi. Balki yechimlardan biri chorva xo‘jaliklariga yaylovlarni uzoq muddatga berishdir. Shunda ular yaylovning ertangi kunda qanday bo‘lishini ham o‘ylaydi, yaxshilashga harakat qiladi. Yaylovlarni nazorat qilish, yangi urug‘lar ekish usullari, tartibi bor, amalda qo‘llasa bo‘ladi. Biz aqlli qishloq xo‘jaligiga o‘tishimiz kerak.
Yaylovlarni xususiy qilib berishda ham ba’zi muammolar bazaga chiqishi mumkin. Berilgan odamning bu borada bilimi, tajribasi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Shuning yaylovchilikda yagona mexanizm joriy qilib, nazorat qilib borish kerak. Sifati tushishi emas, yaxshilanib borishi lozim. Yaylovlarning bugungi holatiga aybdor deb faqat klaster yo fermerni emas, boshqalarni ham ko‘rish kerak. Kamchiliklarni ko‘rib, ularni qanday bartaraf etishga e’tibor qaratsak, ancha yaxshilanadi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.