Buxoroda aholiga qorako‘l qo‘ylari yetkazib beriladi, yaylov va quduqlar ajratiladi

O‘zbekiston 19:10 / 25.06.2024 3424

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 iyun kuni chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. 

Taqdimotda mutasaddilar parrandachilik tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasi hamda bu yilgi rejalari yuzasidan axborot berdi. Jumladan, bu yil parranda go‘shti hajmi 700 ming tonnadan 800 ming tonnaga, tuxum yetishtirish 8,5 milliard donadan 10 milliard donaga yetkazilishi aytildi. 

Jahon bozorida parranda genetikasining 80 foizi AQSh kompaniyasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois ular bilan hamkorlikda parrandachilikda genetik texnologiyalarni joriy qilish va naslchilik xo‘jaliklari tashkil etish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, parrandachilikda klaster tizimini joriy etish, tayyor biznes loyihalar qilib, tadbirkorlarga berish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. 

Soha rivojini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi. Unga ko‘ra, parrandachilik korxonalari 5 yilga yer solig‘idan ozod qilinadi. Parranda go‘shti eksportiga ruxsat beriladi. Tadbirkorlarga berilgan 35 million dollar arzon resursni qaytarish muddati 3 yilga uzaytiriladi. 

Davlat rahbari ozuqa-yem zaxirasini kengaytirish va parrandachilik xo‘jaliklariga markazlashtirilgan tartibda yetkazish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi. 

Hozir O‘zbekistonda 39 ta qorako‘lchilik xo‘jaligi bor. Buxoro viloyatidagi 2 million gektardan ziyod yaylovda 2 million bosh qo‘y boqilayapti. Yig‘ilishda buning yetarli emasligi ta’kidlangan. Shu bois qorako‘l qo‘yini kooperatsiya asosida xonadonlarda boqish taklifi bildirildi. Xususan, Qorako‘l, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Peshku, Jondor, Olot tumanlarida aholiga qo‘ylar yetkazib berilib, yaylov va quduqlar ajratiladi. Ozuqabop o‘simliklar maydonlari kengaytiriladi. 

Bu kabi choralar orqali qorako‘l qo‘ylarini 6 million boshdan 7 million boshga yetkazish vazifasi qo‘yildi. 

Yig‘ilishda Mo‘g‘uliston tajribasi asosida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatiga 5 ming boshdan naslli echki keltirilib, ko‘paytirish zarurligi aytildi. Bu ikki yilda echkilar sonini 100 ming boshdan oshirish imkonini beradi. 

Shuningdek, echkichilikda ham naslni yaxshilash, junni qayta ishlash orqali kashemir va tivit mahsulotlari yetishtirib, eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: