Toshkentda elektrobuslarni quvvatlash stansiyalari yetishmayapti - "Toshshahartransxizmat" holatga izoh berdi
Zaryadlash shoxobchalari yetishmayotgani sababli Toshkentdagi ayrim elektrobuslar reyslarga chiqmayapti. “Toshshahartransxizmat” hozirda 58 ta shunday stansiyalar ishlayotganini ma’lum qildi.

Foto: Toshshahartransxizmat
24 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda elektrobuslarni quvvatlovchi stansiyalar yetishmayotganligi va shu sabab yo‘nalishlarga chiqarilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ izoh berdi.
Tashkilot elektrobuslarni quvvatlovchi stansiyalar yetishmayotganligini rad etmagan. Qayd etilishicha, hozirda 2 ta avtobus saroyi filialida jami 58 ta quvvatlash stansiyalari ishlab turibdi. Shuning 30 tasi "8-Avtobus saroyi" filialida, 28 tasi esa "7-Avtobus saroyi" filialida. Mas’ullarning ko‘ra, bu stansiyalar elektrobuslarni 4-5 soat davomida to‘liq quvvatlash imkoniyatini bermoqda.
Ta’kidlanishicha, poytaxtga tabiiy gaz va elektrda ishlaydigan yangi avtobuslar olib kelinishi sabab avtobus saroylarini qayta rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari dasturi ishlab chiqilgan va mart oyidan boshlab joylarda modernizatsiyalash ishlari olib borilmoqda.
Dastur bilan "1-Avtobus saroyi" filialida 22 ta, "4-Avtobus saroyi" filialida 20 ta, "7-Avtobus saroyi" filialida 28 ta, "8-Avtobus saroyi" filialida 30 ta, "18-Avtobus saroyi" filialida 18 ta, "5-Avtobus saroyi" filialida 20 ta – jami 6 ta avtobus filialida 138 ta quvvatlash stansiyasini qurish belgilangan.
Tez kunda avtobus saroylari hududida qurilayotgan 80 ta elektr quvvatlash stansiyalari foydalanishga topshirilishi kutilayotgani aytiladi tashkilot izohida.
Eslatib o‘tamiz, 26 mart kuni poytaxtga Xitoyda ishlab chiqarilgan Yutong hamda King Long rusumli avtobuslar olib kelingandi. 8 aprel kuni ularning taqdimoti o‘tkazilgandi. Unda transport vaziri Ilhom Mahkamov ham qatnashib, olib kelinayotgan mingta avtobusning 300 tasi 12 metrli elektrobus ekanini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid

18:02 / 19.03.2025
Uyg‘onayotgan yashil tabiat – bahoriy Toshkentdan fotoreportaj

15:49 / 19.03.2025
Toshkentda Hunarmandlar markazi qurilishi kerak bo‘lgan yerga qurilgan “dom” buziladigan bo‘ldi

08:10 / 18.03.2025
Toshkentda Lexus yo‘l chetida turgan mashina va fuqaroni urib yubordi

21:22 / 17.03.2025