“Makedonskiydan Kushonlar imperiyasigacha” – Berlinda 4 may kuni O‘zbekistonning arxeologik xazinalari ko‘rgazmasi ochiladi

Jamiyat 16:39 / 02.05.2023 15720

Shu yilning 4 may kunidan ochiladigan “Aleksandr Makedonskiydan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazma Berlinga kelgan sayyohlar uchun 2024 yilning 14 yanvarigacha ochiq bo‘ladi.

Bundan avval shunga o‘xshash ko‘rgazma o‘tgan yilning noyabr oyidan 2023 yilning fevraliga qadar Parijdagi Luvr muzeyida ham namoyish etilgan. 3 oy davomida Luvrga tashrif buyurgan qariyb 300 ming mehmon O‘zbekiston tarixi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan hamda madaniy merosimizga katta qiziqish bildirgan.

Berlin ko‘rgazmasi esa uzoqroq muddat, ya’ni 8 oy davom etadi. Ushbu ko‘rgazma Parijda namoyish etilganidan biroz farq qiladi va bu O‘zbekiston arxeologik xazinalarining oxirgi targ‘iboti emas.

“Berlindagi ko‘rgazma eramizdan avvalgi 4-asrdan eramizning 4-asrigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu ko‘rgazmada Makedonskiydan Kushonlar imperiyasigacha bo‘lgan davr chuqurroq ko‘rsatilgan. Dunyoning oldi muzeylaridan ham ushbu ko‘rgazmani o‘tkazish borasida juda ko‘p takliflar tushmoqda. Masalan, Niderlandiya va AQSh muzeylaridan”, — deydi Madaniyat va rivojlantirish jamg‘armasi hamkorlik boshqarma boshlig‘i Bobur Sayomov.

Markaziy Osiyoda joylashgan O‘zbekiston tarixi yevropaliklar uchun qanchalik qiziq? Bu boradagi kutilmalar qanday? Ko‘rgazma oldi prognozlar haqida mutaxassis o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi. 

“Germaniya prezidenti janob Shtaynmayerning 2019 yil O‘zbekistonga qilgan davlat tashrifi davomida mamlakatingiz prezidenti bilan turli sohalardagi hamkorlikka erishilgandi. Siz bugun ko‘rib turgan ko‘rgazma hozirliklari ham shu kelishuvlarning biri bo‘lgan madaniy sohadagi hamkorlik natijasidir.

Aslida bu harakatlar biroz ertaroq 2018 yilda boshlangandi va biz ko‘rgazma tashkil qilish haqida o‘yladik. Shundan so‘ng O‘zbekiston haqida qanday ko‘rgazma tashkil qilinsa, yevropaliklar uchun qiziq bo‘ladi, degan keyingi savol ham turardi. Yunon hukmdori Aleksandr Makedonskiyning miloddan avvalgi 4-asrda hozirgi O‘zbekiston hududida bo‘lgani va Kushon imperiyasi davri buddaviylik dini madaniyati Yevropa uchun qiziq mavzular. Shu uchun ham mana shu davrni o‘z ichiga olgan ko‘rgazmalarni tashkil etishni maqsad qildik.

O‘zbekiston madaniy merosining bir qismi Germaniya tarixiga ham yaqin. Bu Makedonskiy shaxsi bilan bog‘liq. Ma’lumki, u o‘z yurishlarining so‘nggi yillarida hozirgi Surxondaryo viloyati hududidan o‘tgan. O‘zbekiston hududi Yevropa, Xitoy va Hindiston madaniyatlarini uyg‘unlashtira olgan madaniy markaz bo‘lgani sababli ham ko‘pchilik uchun bu ko‘rgazma qiziq bo‘ladi”, — dedi Berlin davlat muzeylari ilmiy loyihalari bo‘yicha mutaxassis Manfred Navrot.

O‘zbekistonning turli hududlaridan yig‘ilgan noyob tarixiy ashyolar va eksponatlarni tashish, saqlash sharoitlari, xavfsizlik masalasiga ham alohida e’tibor berilgan.

“284 ko‘rgazma eksponati Samarqand, Buxoro, Toshkent, Nukus, Surxondaryo muzeylaridan olib kelingan. Bu jarayonga biz 1 yildan ziyod tayyorgarlik ko‘rdik. Ko‘rgazma tashkil qilish o‘zi murakkab jarayon. Olib kelingan hamma ashyolar sug‘urtalangan, shuningdek, Germaniya davlati tomonidan ham rasmiy kafolat taqdim etilgan”, — dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi vakili Azizbek Mannopov.

 Sardor Usmoniy

Ko‘proq yangiliklar: