Oliy Majlis Senati kengashining bugun, 1 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisi yuqori palataning qirqinchi yalpi majlisini 3-4 may kunlari o‘tkazish haqida qaror qabul qildi.
Senat matbuot xizmati xabariga ko‘ra, videokonferensaloqa tarzida o‘tadigan yalpi majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqidagi ikkita qonun ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, ayrim qonunlarga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun ham kun tartibiga kiritilgan.
Qonun bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha modda kiritilib, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larini tadbirkorlik sub’yektlarining roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pulni o‘z vaqtida qaytarmaslik holati bo‘yicha aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 40 barobarigacha (6,6 mln so‘mdan 13,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinishi belgilanmoqda.
Bu huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin ham sodir etishga jinoyat deb qaraladi. Buning uchun Jinoyat kodeksiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima, sodir etilgan jinoyatning toifasiga qarab 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, qonun tadbirkorlikni va mulk huquqini himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Rasmiy xabarda qo‘shimcha qilinishicha, Senat yalpi majlisida xalqaro kelishuvlarga oid ikkita qonun ham ko‘rib chiqiladi, ular quyidagilar:
- “Xalqaro mehnat tashkilotining xodimlarni ish joyidagi havoning ifloslanishi, shovqin va tebranishlar tufayli yuzaga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoya qilish to‘g‘risidagi 148-sonli konvensiyasini (Jyeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”;
- “O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Tojikiston Respublikasi hukumati o‘rtasida fors-major holatlarda davlat aviatsiyasi havo kemalari tomonidan havo hududi va aerodromlardan foydalanish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Dushanbe, 2021 yil 10 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”.