Har bir mahallada kamida 100 ta xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatiladi

O‘zbekiston 18:59 3467

Yig‘ilishda tomorqa, ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbari shu paytgacha paxta va g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani, kecha yana 104 ming gektar ajratishga ruxsat berilganini ta’kidladi.

Qayd qilinishicha, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlar ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta o‘zgarish sezilmayapti. Yeri boshqalardan ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘sish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga yetmayapti.

Shuningdek, 64 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan. Hokimlar bugun dunyodagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi.

Yig‘ilishda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Farg‘onada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Ba’zi joylarda dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgan, zararkunandaga qarshi dorilar ham talabga javob bermaydi.

Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan birgalikda oziq-ovqat ekinlarining urug‘i, ko‘chati, dorisi, o‘g‘iti bo‘yicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.

Yil yakunigacha dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi.

Endi tomorqa, ichki ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga O‘simliklar karantini va himoya agentligi mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Viloyat hokimlaridan ham bu borada so‘rov qattiq bo‘lishi qayd etildi.

Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qo‘shimcha ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerlarga barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani «e-Fito» portali orqali nazorat qilib boriladi.

Shuningdek, har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatish, ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 million tup uzum ekish muhimligi ta’kidlandi.

Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat ko‘rsatsa, o‘zini o‘zi band qilgan bo‘ladi va ularga mamlakatimizda chiqadigan texnika uchun 30 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.

Meva-sabzavotni qayta ishlash Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo va Jizzaxda respublika ko‘rsatkichidan pastligi qayd etildi. Angor, Uzun, Hazorasp, Xonqa, Ulug‘nor, Kegeylida birorta meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlari yo‘q.

Bunga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar ishlatilmasdan yotgani, ayrim hududlar birorta loyiha taklifini bermaganiga e’tiroz bildirildi.

Mutasaddilarga ushbu mablag‘ni samarali ishlatish bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirib, amaliy ishga o‘tish topshirildi.

Eksport yil davomida bo‘lishi uchun 51 ta tumanda “shok” usulida muzlatish tizimini yaratish rejalashtirilgan edi. Lekin bunday loyihalarni qilaman degan 76 ta tadbirkorning 20 tasiga yer ajratish masalasi hal bo‘lmagan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga keyingi yilda 76 ta shunday loyihani to‘liq ishga tushirish topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: