Yig‘ilishda pishiqchilik davrida narx tushib ketishi oqibatida Surxondaryoda karam, lavlagi, Jizzaxda piyoz hosili, Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryoda tarvuz hosili oxirigacha yig‘ib olinmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Ehtiyojdan ortgan hosilni quritib, ozuqaviy qo‘shimcha shaklida eksport qilish mumkinligi, bunga oziq-ovqat sanoati korxonalarida talab kattaligi ta’kidlandi.
Kelgusi yilda «shok» usulida muzlatish, ozuqa qo‘shimchasi tayyorlash bo‘yicha 100 million dollarlik 50 ta loyihani ishga tushirish muhimligi qayd etildi.
Sanoatlashgan bog‘-tokzorlarda 20 sotixgacha maydonda kichik muzlatkich, saralash va qadoqlash sexlarini qurishga ruxsat berilgan. Mutasaddilarga intensiv bog‘larda bunday sexlar uchun joylarni belgilash, kelgusi yilda 500 ming tonnali quvvatlarni yaratish bo‘yicha hisob-kitob qilib, tumanlar bo‘yicha ishni boshlash topshirildi.
Joriy yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovitkichli omborxonani ishga tushirish chora-tadbirlari belgilab olindi.
Viloyat hokimlariga yil yakunigacha 14 ming, kelgusi yili 29 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish topshirildi.
Bundan tashqari, Qo‘rg‘ontepada 300 gektar, Farg‘ona tumanida 200 , Pop, Yangiqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida 100 gektardan sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar tayyor holda tadbirkorlarga berilishi belgilandi.
Texnik jihatdan tartibga solish va O‘simliklar karantini agentliklariga eksportga yuborishda har bir meva-sabzavot turi bo‘yicha alohida texnik standartlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.