10-sinf o‘quvchisi "PUBG Mobile" o‘yini akkauntini 7 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, pullarni o‘zlashtirgan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 2008 yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchisi A.I. Telegram’da “Venom Reseller” nomli profil foydalanuvchisi bilan yozishib, "PUBG Mobile" o‘yini akkauntini 7 ming dollarga sotib olmoqchi bo‘lgan. So‘ng otasining nomidagi bank kartasi orqali kelishilgan pullarni “Venom Reseller” nomli profil foydalanuvchisining bank kartasiga bo‘lib-bo‘lib o‘tkazib bergan.
Kiberxavfsizlik markazi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, “Venom Reseller” nomli profil foydalanuvchisi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 10-sinf o‘quvchisi, 2006 yilda tug‘ilgan T.J. ekani aniqlangan.
Surishtiruvlar davomida, u o‘zidan 2 yosh katta mahalladoshi G‘.Sh. bilan A.I.ning ishonchiga kirib, 61 mln so‘m pullarni qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani fosh etilgan.
T.J. va G‘.Sh.dan bir dona “Iphone” telefoni va 10 mln so‘mga yaqin pullarga xarid qilingan kiyim-kechaklar ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq, onlayn o‘yinlar orqali bolalar orasida mashhur bo‘lgan strimer yigit Toshkent shahrida o‘zining fan-klubi a’zolari bilan uchrashuv belgilagan va yig‘ilishga 150 nafarga yaqin bola kelgandi.
Shundan so‘ng IIB xodimlari geymerni ommaviy yig‘ilish o‘tkazish tartibini buzganlik moddasi bilan protokol tuzish uchun bo‘limga olib ketishayotganda bolalar «Aslam sila» deb baqirib, uni kuzatib borishgandi.