“Kartadan kartaga pul o‘tkazishni bloklab qo‘yishlari mumkin” - soliq maslahatchisi P2P nazorati haqida

Iqtisodiyot 17:48 / 27.04.2023 75188

Maqsad hisob-fakturadan pul qilishmi?

— Monetizatsiya masalasini oladigan bo‘lsak, hozircha schet-faktura bepul deb aytib turishibdi. Chunki faktura tayyorlab beruvchi xizmatlar bir necha yil bepul faktura tayyorlab, odamlarni o‘rgatib olganidan keyin hamma schet-fakturalar elektron berila boshlangach, pulli qilib qo‘yishdi. Xuddi shunday, tranzaksiyalar bo‘yicha fakturalar bepul va soliqqa ham tortmaymiz deyishyapti. O‘zi schet-faktura mahsulot va xizmatlarning realizatsiyasini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Ammo bu yerda hech qanday realizatsiya yo‘q – schet-faktura berilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan ko‘zlangan maqsad nima deydigan bo‘lsak, men bundan 2ta narsani ko‘ryapman: monetizatsiya holati bo‘lsa, hozircha bepul deyilayotgan schet-fakturalar vaqt o‘tib, 10 so‘m, 20 so‘m, 100 so‘m, 200 so‘m tarzida har bir fakturaga narx belgilanadi. Bu nima degani? Agar kuniga 1 millionta tranzaksiya o‘tadigan bo‘lsa, 200 so‘mdan, kuniga 200 million so‘m tushum degani. Endi bir oylik tushumni hisoblayvering. Bu shunchaki tranzaksiyaga ilinib olishning yo‘li.

Agar haqiqatan schet-faktura sekin-sekin pulli qilinadigan bo‘lsa, xarajat pul jo‘natuvchining zimmasiga yuklatiladi. Odatda, pul jo‘natuvchi tezroq pul yuborishdan manfaatdor.

“Shaxsga pul o‘tkazish bloklanishi mumkin, xuddi QQS guvohnomasi kabi”

— Ikkinchi tomoni bor va bu juda ham xavfli – bu tomonni hech kim ko‘rmayapti. Bu – jismoniy shaxsdan jismoniy shaxsga o‘tkaziladigan pul mablag‘lariga blok qo‘yish holati. Hozir schet-faktura yubora oladi, ertaga falonchi jismoniy shaxsga faktura bermaydigan qilib qo‘yishadi. Agar men sizga pul o‘tkazmoqchi bo‘lsam, soliq organi sizga o‘tkaziladigan pullar uchun schet-fakturalarga blok qo‘yib qo‘yadi. Bu degani ertaga men sizga pul o‘tkaza olmayman.

Sizning kartangizga hech kim blok qo‘ymaydi, lekin sizga schet-faktura berishga blok qo‘yiladi. Buning natijasida yanada ko‘proq elektron boshqaruvga o‘tishadi, yanada ko‘proq odamlarning shaxsiy mablag‘iga aralashishadi. Bu kelgusida yanada ko‘proq korrupsiyaga olib keladi. Xohlagan odamiga blok qo‘yishadi.

Buni nima bilan solishtirsa bo‘ladi? Qo‘shimcha qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma berilishida eng avvalo nima deyilgan edi? Soliq kodeksining o‘zida ham QQS guvohnomasi beriladi va QQS to‘lovchilar hisobini Davlat soliq qo‘mitasi yuritadi deyilgandi. O‘sha payt biz ertaga guvohnoma bilan hammani qiynaysizlar desak, “yo‘q, bu faqat hisobini yuritish uchun, bu yerda nazorat maqsadi yo‘q” deyishgandi. Lekin hozirgi kunda qaraydigan bo‘lsangiz, xohlagan, yoqmagan tadbirkorning QQS guvohnomasini o‘chirib qo‘yishadi. Juda katta korrupsiyaga sabab bo‘lyapti. Chunki xohlagan odamiga ishlashga ruxsat berishyapti, xohlamaganiga yo‘q. Soliq organlari sud qarorlarini mensimasdan, tadbirkorlarning QQS guvohnomasini bloklayapti.

Pul o‘tkazmalari bilan ham xuddi shunday bo‘lyapti, hech qanday soliqqa tortmaymiz degan ayyorona yo‘ldan borishyapti. Xavf shundaki, ertaga xohlagan odamiga pul o‘tkazishda blok qo‘yadi, platformalar hech narsa qilolmaydi: “Schet-faktura bermayapti, bermasa, men o‘tkaza olmayman”, deb turaveradi. Endi jismoniy shaxslarning ham pul aylanmalariga to‘sqinlik qila boshlashadi.

Bu norma tasdiqlanishidan oldin, uning iqtisodiyotga ta’siri tahlil qilinganmi?

— Yana bir holat bor. Soliq organi xodimlari davralarida muhokama qilinyapti: “Tadbirkorlar savdo qilganda, plastikka o‘tkazib berishni so‘rayapti, biz o‘shaning oldini olmoqchimiz”, deyishyapti. Tadbirkorlar terminaldan emas, kartadan kartaga to‘lov qabul qilishi orqali hisob-kitob qilyapti, shuning nazoratini qilmoqchimiz deyishyapti. Bu narsa uchun schet-fakturaning hammaga tatbiq qilinishi, faktura orqali pul o‘tkazishni bloklash orqali boshqaruvga o‘tish – burgaga achchiq qilib ko‘rpani yoqish. Avvalo, har qanaqa norma chiqishidan oldin, uning tahlili bo‘lishi kerak va uning iqtisodiyotga ta’siri o‘rganilishi kerak.

Savdoda plastikdan plastikka o‘tkazish so‘raladigan holatlar qancha? Plastikdan plastikka operatsiyalar qancha? Undan taxminan savdo uchun o‘tkazilayotgan miqdor qanchani tashkil qiladi? Shundan olinishi kerak bo‘lgan soliq qancha edi? Shunday tahlilsiz, odamlar shunaqa ish qilishyapti, 100ta, 1000ta holatda shunaqa bo‘ldi deb vahima qilib, bu qonunchilik normasiga tiqib yuborilyapti. Vaholanki, bu global muammo emas. To‘g‘ri, bunday holatlar bor, ammo avvalo iqtisodiyotga ta’sirini o‘rganishimiz kerak.

Oddiy holat, 300 mingga yaqin aylanmadan soliq to‘lovchilar bor. Bu holatda P2P qiladiganlar, odatda, tirikchilik uchun kichkina do‘kon yuritadiganlar. Korzinka, Makro kabi katta do‘konlar bunday demaydi. 300 mingga yaqin AOS to‘lovchi bo‘lsa, butun shu 300 mingga yaqin tadbirkorlar to‘laydigan soliq jami budjetning 2 foizini tashkil qiladi. Endi ularning necha foizi P2P qilishni so‘rayapti? Buni tahlil qilish kerak.

Bularning 150 mingtasi P2P qilishni so‘rayapti deb vahima qilsak ham, jami savdosining necha foizini P2P to‘lovlar tashkil qiladi?

“Undan ko‘ra, soliq imtiyozlarini olib tashlash kerak”

— Budjetga qancha tushum tushmasdan qolganini hisoblamay, tahlil qilmay turib, butun xalqning noroziligiga sabab bo‘ladigan norma joriy qilinyapti. Undan ko‘ra, soliqdan katta imtiyozlarga ega gigant tashkilotlarning shundoq imtiyozlarini olib tashlasa, budjetga 2 foiz emas, 4, 5, 7 foiz ko‘proq tushum tushishi mumkin.

Bunaqa katta masalalar qolib ketib, juda kichik yo‘qotishlar ortidan quvib, korrupsiyaga olib boradigan, kimlarningdir cho‘ntagini qappaytiradigan sistemaga olib borishyapti.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: