Insonlar ruhiy buzilishlardan aziyat chekadigan bir davrda “Jon” xalqi bir qultum suv va bir burda nongagina muhtoj ekani sizni hayrat ostonasidan olib o‘tishi muqarrar. Insoniyat paydo bo‘lgan dastlabki davrlarda ham ilk ehtiyoj bu ovqat yoki uning o‘rnini bosa oladigan biror yemish edi. Keyingisi — aysh. Andrey Platonov garchi bir asr oldingi hayotini tasvirlasa ham “Jon” qavmining “yashash” tarzini o‘qiganingizda bugun depressiyadan, turli xil asabbuzarliklar, tushkunliklardan tinka madori qurigan odam avlodlarining allaqaysi ajdodining bor-yo‘q dardi faqat yemish bo‘lganini anglaysiz.
Umuman qachon inson “boshqacha” qayg‘ular haqida, qayg‘uni his qilishi mumkin bo‘lgan qalb haqida, botiniy dunyosi, ruhiy olami haqida o‘ylashi mumkin? Qachonki moddiy olamini nisbatan to‘la-to‘kis butlaganida, jismi talab qilishi mumkin bo‘lgan ehtiyojlarni qondira olganda. “Jon” xalqi bo‘lsa asar nihoyasiga boribgina o‘zini “qorin” g‘amidan nisbatan ta’minlashni o‘rgandi. Asar qahramonlaridan bir Oydinni boshqacha og‘riqlar iskanjasiga oldi, xalq hayvon dardi bilan yashashdan bezdi.
“Jon”ni o‘qish orqali anglaysizki, birgina ochlik — kishining ichidagi kibrini o‘ldirib qolmay, insonlarni hayvondan battar yashash tarziga olib kelishi mumkin. Jon tashvishi sizni jondan bezishga, ruh jonini o‘ldirishga majbur qilishi mumkin. Uyg‘oqlikda tush ko‘rsatishi mumkin, faqat tundagi uyquda orom berishi mumkin. Asar mutolaasi nihoyasining eng yoqimli tomoni nima uchun kitobga bunday nom berilganini anglash baxti bo‘lsa kerak. Axir senga berilgan jumboqqa javob topasan; “Jon”dagilarning jismidagi urib turadigan bir parcha etidan bo‘lak hech vaqosi yo‘q. Birgina topgani shu jon, qizig‘i u ham omonat. Jon xalqidan bo‘lgan erning xotinidan, ayolning esa erdan boshqa bisoti yo‘q. Ko‘zi yumuq yashagan bandalarning yumushi yeyish bo‘lgan kechmishi, yashamishi buncha og‘ir bo‘lmasa?
“Sho‘ro hukumati serfarzand bevaga o‘xshaydi, tashlandiq va keraksiz hamma yesirlarni etagiga jamlab yuradi — yana bitta sho‘rtumshuqni bag‘riga olish chikora?” Sovet hokimiyati uchun asli yuz jon ham chiqmaydigan “Jon” elatini otaliqqa olishdan nima foyda? Holi zabun, mumsik bu elatni ma’lum jihatlardan ta’minlash orqali butun sovet hokimiyati ostida birlashtirilgan xalq va elatlarga o‘zining naqadar “xalqparvar” ekanini xo‘jako‘rsinga isbotlashni, O‘rta Osiyoda yuritgan nomaqbul siyosatini xaspo‘slashni istagan bo‘lsa, ehtimol. Bitta qolmay qirilib ketsa ham mayli, ammo sovetlarga qarshi bo‘lmasa bas.
Bashariyat XXI asrning boshidan bugungi kunga qadar juda mislsiz yutuqlarga erishdi, dunyo tezlashib borayotgan bunday paytda “Jon” asari biroz to‘xtashga, bir asrgina ortga qarab, butun boshli harakatlar nima asosga qurilganini ko‘rishga undaydi. Yana shuni ilg‘ash mumkinki, faqat qorni to‘q, ijtimoiy muammolardan xoli bo‘lgan insonlargina jamiyat haqida, ong-shuur, falsafa, siyosat, umuman o‘ylash haqida o‘ylashi mumkin. Yo‘qsa uning muammosi nafsidan ortmaydi.
Xonlar xunini ado qilgan bu abgor xalqning yemoqdan bo‘lak hech tashvishi yo‘q. Qaysidir zamonlarda ular ham o‘limdan qo‘rqqani, yashashni istagani haqiqat, ammo o‘limni pisanda qilmagan bu xalqni Ajal ham unutgandek. Odam avlodlari uchun “Yashash” esa birgina nafas olish va ovqat tanovul qilish bilan o‘lchanmay qo‘ygan. Chunki tongda turish-u, ovqat yeb ehtiyojini qondirgach, uyquga yotishni aqli noqis hayvon ham uddalay oladi.
Roman syujyet tuzilish jihatdan retrospektiv syujyet uslubiga xos. Ya’ni syujyet xronologik tartibda ketmasdan, uzoq yillar ortga qaytishlar kuzatiladi. Asarda sahro, dasht umuman peyzaj tasviriga keng urg‘u berilgan. Tasvir mahorati ham betakrorligini xayolingizda o‘sha zamon va zaminni xuddi kino lentasidek tafakkuringizga joylab qo‘yganida his qilasiz. Portret tasvirini nafaqat inson tashqi ko‘rinishi ta’riflarida, balki dasht aholisining ruhiy dunyosini ochib berganda ham kuzatishingiz mumkin. Umuman, asar davomida har bir qahramon ustida ishlanganini his qilasiz: Chig‘atoyev va uning onasi, Oydin, Nurmuhammad. Sahroda yashashga mahkum avomning umumiy ruhiy holati sokin ammo yurakni ezuvchi jumlalarga singdirib yuborilgan.
Romanni o‘qirkansiz, uning badiiyatida, tilida sharqona ruh borligini his qilasiz. Faqat gap qurilishi, murakkab iboralardagina emas, jumlalarda Sharq badiiyatiga daxldor bo‘lgan iyhom, tajnis singari unsurlarni ham ko‘rishingiz mumkin. Tilining bu qadar samimiy ravon ekanida tarjimonning o‘rni ham beqiyos.
Onaizor uzoq ayriliqdan so‘ng ham nima uchun farzandi diydoriga mushtoq bo‘lmasligi mumkin, nima insonni bu qadar abgor holatga otib hayvon qonini ichishga, xom go‘shtini yeyishga va bundan lazzatlanishga undashi mumkin? Bularni bilishni istasangiz, ushbu romanni, albatta, o‘qib chiqing. Menimcha, har bir kitobxon o‘qishi kerak bo‘lgan asarlardan biri ayni — “Jon” romani.
Nodira Toshaliyeva, kitobxon