BBC va "Mediazona" jurnalistlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri qariyb uch yil ichida Rossiya Federatsiyasi kamida 6063 nafar nufuzli bo‘linma askarini yo‘qotgan, ularning ko‘p yillik mashg‘ulotlariga millionlab dollar sarflangan. Bu raqamga «faqat Havo-desant qo‘shinlari, dengiz piyodasi, Mudofaa vazirligi va Rossiya Milliy gvardiyasi maxsus kuchlari bo‘linmalarining jangovar harbiy xizmatchilari, shuningdek, harbiy uchuvchilar kiradi», deb yozadi BBC 10 yanvar, juma kuni.
Eng ko‘p halok bo‘lganlar - Havo-desant qo‘shinlaridan
Halok bo‘lgan harbiy elitaning yarmidan ko‘pi Havo-desant qo‘shinlari vakillaridir. 2025 yil boshiga kelib, jurnalistlar Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lgan 3240 nafar desantchining ismlarini aniqladi. «Bular Ukraina bilan urush boshlanishidan oldin Havo-desant qo‘shinlarida xizmat qila boshlagan, uzoq muddatli tayyorgarlikdan o‘tganlar yoki harbiy oliy o‘quv yurtlarini bitirganlardir. Halok bo‘lganlar orasida 654 ofitser ham bor», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 1247 dengiz piyoda askarlari, shu jumladan 214 ofitser halok bo‘lgani tasdiqlandi. Rossiya dengiz piyoda askarlari korpusi bo‘linmalari Ukrainaga qarshi urushning barcha muhim janglarida – «Kiyev va Mariupolga bostirib kirishdan tortib, Rossiyaning Kursk oblastidagi harbiy amaliyotlargacha» qatnashdi.
Halok bo‘lgan yana 577 nafar elita harbiy xizmatchilar GRU maxsus kuchlari a’zolari, 267 nafari harbiy uchuvchilar va 114 nafari FSB va FSO xodimlari bo‘lgan. BBC harbiy uchuvchilarning o‘limini jiddiy yo‘qotish deb atadi. «Jangovar aviatsiyaning parvoz tarkibini o‘quv poligonida uch oylik kursni bitirgan safarbar qilinganlar bilan almashtirishning iloji yo‘q. Ular yillar davomida tayyorlanadi. Ular uchuvchilar maktabida o‘qitiladi, keyin esa o‘quv markazlarida malaka oshiradi», — deya ta’kidlaydi OAV.
«Mediazona»: RFda urush boshlanganidan beri eng ko‘p o‘t qo‘yish holatlari kuzatildi
«Mediazona»ning 24 dekabr kungi hisob-kitoblariga ko‘ra, 13 dekabrdan beri Rossiyada telefon firibgarlari ta’sirida kamida 50 ta o‘t qo‘yish hodisasi sodir bo‘lgan. Jurnalistlarga ko‘ra, bu Ukrainada urush boshlanganidan beri sodir bo‘lgan eng yirik hujumlar to‘lqinidir.
Hujumlarning aksariyati 20 va 21 dekabr kunlari sodir etilgan, deyiladi hisobotda. Rossiya Federatsiyasi hududidagi banklar, politsiya mashinalari, pochta bo‘limlari, MFs filiallari va boshqa obektlarga hujum qilindi. Ushbu to‘lqin paytida o‘t qo‘yish uchun hibsga olingan kamida olti kishi terrorizmda ayblangan. Jurnalistlarning qayd etishicha, ulardan yana 11 nafari mulkka qasddan zarar yetkazganlikda ayblanmoqda.
Hujumlarning asosiy qismi Moskva, Moskva oblasti, Sankt-Peterburg va Leningrad oblastida sodir bo‘lgan. U yerda 13 dekabrdan beri jami o‘ttizta hujum uyushtirilgan.
Rossiyada avval ham bir necha marta o‘t qo‘yish to‘lqinlari kuzatilgan. Shunday qilib, 2023 yil iyul oyida asosan harbiy ro‘yxatga olish va qabul qilish bo‘limlari yoqib yuborilgan. Hibsga olinganlarning deyarli barchasi urushga yoki majburiy chaqiruvga qarshi emas, balki ularning so‘zlariga qaraganda, telefon firibgarlari qurboni bo‘lishgan.
Bungacha shunga o‘xshash favqulodda vaziyatlar to‘lqini 2022 yilning kuzida safarbarlik e’lon qilinganidan keyin boshlangan. Shundan so‘ng FSB «ko‘p hollarda qo‘ng‘iroqlar Ukraina hududidan abonent raqamlarini Rossiya huquq-tartibot idoralarining ishonch telefonlari bilan almashtirish orqali amalga oshirilishi» to‘g‘risida ma’lum qildi.