Asosiy savdo hamkorlar, oltin eksporti va gaz importi – O‘zbekistonning 2023 yil birinchi chorakdagi tashqi savdosi

Iqtisodiyot 17:39 / 24.04.2023 45855

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-mart oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir hisobotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 14,8 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 5,7 mlrd dollarni, import hajmi esa 9,1 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 2,9 foizga qisqargan, import hajmi 23,4 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 3,4 mlrd dollarni tashkil etgan.

Birinchi chorakda xalqaro bozorlardagi vaziyat yomonlashuvi fonida hukumatning bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekiston hududiga olib kirishga qo‘yilgan to‘siqlarni yumshatishi import hajmi sezilarli darajada oshishiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

2023 yilda ham O‘zbekistonning Xitoy va Rossiyaga bog‘liqligi saqlanib qolmoqda. Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,3 mlrd dollarga yetgan va bu borada Rossiyani ortda qoldirgan. Har ikkala mamlakatning umumiy TSAdagi ulushi esa 31 foizni tashkil qilgan.

Hisobot davrida TSAning nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (15,9 foiz) Rossiya (15,1 foiz) , Qozog‘iston (7,5 foiz), Turkiya (5,6 foiz), Germaniya (4,6 foiz) Koreya (4,1foiz), Turkmaniston(1,8 foiz) va Qirg‘iziston (1,7 foiz) bilan qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

2023 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor top-10 davlat:

●     Rossiya – 736,2 mln;

●     Turkiya – 336,4 mln;

●     Xitoy – 334,1 mln;

●     Qozog‘iston – 280 mln;

●     Afg‘oniston – 178,2 mln;

●     Qirg‘iziston – 166,2 mln;

●     Tojikiston – 117,7 mln;

●     Fransiya – 97,1 mln;

●     BAA – 47,1 mln;

●     Pokiston – 44,4 mln dollar.

O‘zbekiston importida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor top-10 davlat:

●     Xitoy – 2 mlrd;

●     Rossiya – 1,6 mlrd;

●     Qozog‘iston – 807 mln;

●     Germaniya – 655 mln;

●     Koreya – 594 mln;

●     Turkiya – 460 mln;

●     Turkmaniston – 218 mln;

●     Litva – 180 mln

●     Braziliya – 175 mln;

●     Shveytsariya – 143 mln dollar.

Oltin eksporti

Birinchi chorakda 2,4 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 42,4 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 560 mln dollarga kamaygan. O‘tgan yilda O‘zbekiston eksportidagi oltin ulushi 50,8 foizgacha yetgan edi.

Jahon bozorida oltin narxlari qimmatlashishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki yanvar-mart oylari davomida katta miqdorda qimmatbaho metall eksportini amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston 151,2 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 2,6 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 70,4 foizga yoki 27,4 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, 2023 yilning birinchi uch oyida 45,2 million dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 61,7 foizga ko‘p.

Hisobot davrida 34,4 mln dollarlik elektr toki sotib olingan va 18,9 million dollar qiymatidagi elektr energiyasi eksport qilingan.

Neft va neft mahsulotlarining eksporti 41,5 foizga oshib, 39,5 mln dollarni, importi esa 19,6 foizga kamayib 34,4 mln dollarni tashkil qilgan.

E’tiborli jihati 2023 yilning yanvar-mart oylari davomida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 9,6 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 5 foizga qisqargan.

Ko‘proq yangiliklar: