Gvardiola Tuxelni dog‘da qoldirdi, Holandda yana rekord. YeChLda kun o‘yinlari

Sport 12:40 / 12.04.2023 38906

YeChL. 1/4 final. 11 aprel
Manchester Siti — Bavariya 3:0
Gollar:
Rodri (27), Silva (70), Holand (77).
Manchester Siti – Ederson, Ake, Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Alvares, 68), Grilish, Silva, Rodri, Holand.
Bavariya – Zommer, Pavar, Upamekano, de Ligt, Goretska, Kimmix, Devis (Kanselu, 81), Koman, Sane, Musiala (Mane, 69), Gnabri (Myuller, 80).
Ogohlantirishlar: Silva (48), Devis (49), Pavar (88).

Bu jamoalar aslida Chempionlar ligasi finalini bezab bergan bo‘lardi. Favoritlardan birining chorakfinaldayoq ishtirokini to‘xtatishi adolatsizdek ko‘rinadi. Ammo bu betaraf muxlislar uchun yaxshiroq: ular top-darajadagi birgina o‘yin o‘rniga ikkita o‘yinni tomosha qilishadi.

Aprel oyining asosiy jangi uchun Tomas Tuxel ham, Pep Gvardiola ham g‘ayrioddiy narsa o‘ylab topishiga shubha yo‘q edi. «Bavariya» murabbiyi uchun hozir istalgan o‘yin muhim ahamiyatga ega va undan o‘zini ko‘rsatish talab etiladi. Myunxenliklarning Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi hujumdagi sxemasi 2-3-5 ko‘rinishini eslatardi, Germaniya Kubogida «Frayburg»ga qarshi — 3-2-5, bundesligada xuddi shu raqibga qarshi — 4-1-4-1.

Ammo bu safar Tuxel ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rdi va ikki nafar tayanch yarimhimoyachisini (Kimmih va Goretska) tushirdi, shu bilan birga oldingi chiziqdagi tanlovlar bo‘yicha raqibni dog‘da qoldirdi: bungacha Tuxel boshqaruvidagi uch o‘yinda ham startda bo‘lgan Myuller zaxirada qoldi, chapaqay Sane o‘yinni chap qanotda boshladi, o‘ng oyoq asosiy quroli bo‘lgan Koman — o‘ngda, holbuki dortmundliklarga qarshi o‘yinda barchasi boshqacha bo‘lgandi. Bu ish berdimi? Qisman: «Bavariya»ning birinchi bo‘limdagi yagona xavfli vaziyati Sane raqib darvozasiga yaqinlashib kelib, zarba berish nuqtasida ochilgan Musialaga pas berishi bilan kechdi (germaniyalik futbolchining zarbasini Diash to‘sib qoldi). Agar Leroy o‘ngaqay bo‘lganida bunday pas bera olmagan bo‘lardi.

«Borussiya» bilan o‘yinda myunxenliklar o‘z uyida o‘ynay turib, to‘pga egalik qilishda raqibdan ortda qolgan va noodatiy tarzda pressing qilishda passiv bo‘lgandi. Aftidan, Tuxel Manchesterda ham shunday yo‘l tutib, natijaga erishmoqchi edi. Bu qisman o‘xshadi: «Bavariya» hujumchilari raqib himoyachilarini markaziy liniyaga yaqin hududda qarshi olishdi, ular oldinroqda himoyalanish tufayli o‘z jamoasi tuzilmasi buzilib ketishining oldini olishdi. Ammo «Borussiya» bilan o‘yinda bu yo‘l foydali bo‘lgan bo‘lsa, endi esa — yo‘q.

Albatta, Gvardiola ham tayyorgarlik ko‘rgandi — u o‘zi YeChL pley-offining keyingi bosqichlarida velosiped kashf etishni yoqtiradi. Kataloniyalik mutaxassis «Bavariya» bilan o‘yin uchun Akanjini o‘ng qanot himoyasiga o‘tkazdi, jamoa himoyalanganda to‘rt himoyachi sxemasida harakatlandi (Ake, Diash, Stounz va Akanji), to‘pga egalik qilinganda esa uch himoyachi bilan o‘ynaldi - Stounz tayanch zonasi va himoya o‘rtasidagi hududga mas’ul bo‘ldi. Boshqa muhim o‘zgarish esa Bernardu Silvaning pozitsiyasiga taalluqli — portugaliyalik vinger ushbu mavsumda hamma o‘yinlarda ham boshlang‘ich tarkibda tushmayapti, bu o‘yinda o‘ng qanotda atlet Devisga qarshi o‘ynash uchun tushirildi. Maydonning bu uchastkasidagi kuch va texnikaning dueli o‘yin boshidanoq qiziqarli tus oldi, yakunda esa bu qarama-qarshilikda portugaliyalik futbolchi ustun bo‘lib chiqdi.

Aynan Bernardu 27-daqiqada Rodriga assistentlik qilgandi, ispaniyalik futbolchining o‘zi ham bu gol urilishida katta ishni bajardi. U hamisha ham uzoq masofadan darvozaga zarba beravermaydi, chap oyog‘ida — deyarli hech qachon. Bu epizodda esa «Siti» tayanch yarimhimoyachisi Musialani fint bilan yo‘ldan olib, sehrli zarbasi bilan darvoza «to‘qqizligi»ni aniq nishonga oldi. Bo‘yi baland bo‘lmagan Zommer esa to‘pga yeta olmadi.

O‘yinga ob-havo sharoiti ham ta’sir ko‘rsatdi. Yomg‘ir tufayli ikki jamoa futbolchilari ham toyib ketaverdi, darvozabon esa bunday holatdagi gazondan sakrashi oson bo‘lmadi. 

Birinchi gol urib olingach, mezbonlarning o‘ziga ishonchi yanada ortdi. «Shaharliklar» tanaffusga 2:0 hisobida chiqib ketishi ham mumkin edi: birinchi gol urilishidan avvalroq Holand qariyb darvozabon hududida Zommerga bosim qilib, hisobni ochishi mumkin edi, 34-daqiqada esa Gundo‘g‘an besh metr masofadan turib deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol eta olmadi, u to‘pni bundan oldingi zarbani qaytarib, gazonga qulagan darvozabon Zommerning o‘ziga qaratib tepdi.

«Siti» birinchi bo‘limni yutishga haqli o‘ynadi, ammo Tuxel oddiy murabbiy emas, shunday ekan «Bavariya» tanaffusdan keyin boshqacha o‘ynashni kutish mumkin edi. Va shunday ham bo‘ldi: jamoa hujumda faollashdi va tanaffusdan qaytiboq «shaharliklar» kuchli bosim ostida gol qo‘yib yuborishi mumkin edi. Shu bilan birga, javob hujumida «Bavariya» ham ikkinchi golni o‘tkazishiga bir baxya qoldi.

Birinchi bo‘limda nemislar grandiga zarbalar yetishmagandi, ikkinchi bo‘lim boshida esa myunxenliklar vaziyatni tuzatishdi — masalan, Sanening jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi juda kuchli chiqdi.

O‘yin davomida de Bryuynening oyog‘iga tinimsiz tepishdi va Gvardiola 68-daqiqadayoq uni almashtirishga qaror qildi. Uning o‘rniga Alvares tushdi – ya’ni yarimhimoyachi o‘rniga hujumchi (jamoa hisobda oldinda borayotganiga qaramay). O‘yinning borishidan kelib chiqqan holda Alvares shu kuni o‘yini unchalik chiqmayotgan Holand o‘rniga tushishi mantiqiy edi. Ammo norvegiyalik hujumchi maydonda qoldi va ikki daqiqa o‘tmay Bernardu Silvaga golli pas berdi. 173 santimetr bo‘yga ega portugaliyalik futbolchi esa bosh bilan gol urdi. Bu golda asosiy aybdor – markaziy himoyachi Yupamekano bo‘ldi, u jarima maydoni yaqinida to‘pni Grilishga sovg‘a qildi.

Hisob 2:0 ko‘rinishiga kelgach, o‘yin taqdiri amalda hal bo‘ldi. «Bavariya» futbolchilari shundan keyin juda asabiy o‘ynay boshladi, «Siti» esa raqib jarima maydoni atrofidan ketmay qoldi. Mezbonlar yana bir necha qulay imkoniyatlardan foydalana olishmadi, ammo baribir uchinchi golni urishdi.

Bu o‘yinga faqat Holandning goli yetishmayotgandi va norvegiyalik hujumchi Stounz tashlab bergan to‘pni darvoza to‘riga joyladi — Erling faoliyatida oltinchi bor «Bavariya» darvozasini ishg‘ol etib, o‘yinning yakuniy natijasini o‘rnatdi (bungacha Holand «Borussiya» safida urgan gollar jamoasiga g‘alaba keltirmagandi, ammo endi qizillar imkonsiz qolishdi). Bu uning «Siti» uchun barcha turnirlar doirasidagi 45-goli bo‘ldi – APL futbolchisi uchun rekord natija.

Tuxel maydonga Mane, Myuller va Kanseluni tashladi, ammo endi kech bo‘lgandi. Tuxel o‘ziga yaxshi tanish bo‘lgan Gvardiolaga qarshi tayyorlangandi. Ammo Pep baribir uni dog‘da qoldirdi — Bernarduning noodatiy pozitsiyasi va futbolchilarning g‘ayrioddiy harakatlari g‘alaba olib keldi.Hisob yanada yiriklashib ketishi mumkin edi: Alvares qulay vaziyatdan foydalana olmadi, keyinroq Zommer burchak zarbasi ijro etilganida Rodrining bosh bilan to‘sin ostiga yo‘llagan kuchli zarbasini bartaraf etdi.

Myunxendagi javob uchrashiuv 19 aprel kuni o‘tkaziladi. Lekin aftidan birinchi o‘yindagi 3:0 hisobi ham «Siti»ga yarimfinalga chiqish uchun yetarli bo‘lib chiqishi mumkin. Bunday kuchli jamoa javob o‘yinida yirik hisobda mag‘lub bo‘lishini tasavvur qilishi qiyin. Qolaversa, raqib «Real» emas.

Inqirozdagi «Inter» Lissabonda o‘ziga keldi. Indzagining rejasi «Benfika» ertagiga nuqta qo‘ydi

Milanliklar jamoasi namunali o‘yin o‘tkazdi va amalda o‘zi uchun yarimfinal yo‘llanmasini kafolatladi.

Benfika — Inter 0:2
Gollar: Barella (51), Lukaku (82, penalti).

Benfika – Vlaxodimos, Jilberto, Morato, Antoniu Silva, Grimaldo, Joau Mariu, Rafa Silva, Eursnes, Shikinyu, Florentinu (Neres, 64), Ramush.
Inter – Onana, Dumfris (D`Ambrozio, 87), Darmian, Acherbi, Bastoni (de Vrey, 90+1), Dimarko (Gozens, 63), Mxitaryan, Brozovich, Barella, Jyeko (Lukaku, 63), Martines (Korrea, 63).
Ogohlantirishlar: Antoniu Silva (22), Brozovich (50), Jyeko (83).

«Inter» uchun pley-off taqvimi nisbatan eng qulayi bo‘lmoqda. «Bavariya» «PSJ» ortidan «Manchester Siti»ga duch keldi, neradzurrining nimchorak va chorakfinaldagi raqiblari — Portugaliya vakillari. Ammo bu faqat qog‘ozda oson ko‘rinadi. Amalda esa barchasi juda qiyin.

Qolaversa, milanliklar jamoasining hozirgi holatidan kelib chiqqan holda vazifa yanada qiyin edi, jamoaning so‘nggi g‘alabasi 5 mart kuni kamtarona «Lechche» bilan o‘yinda qayd etilgandi. Agar so‘nggi sakkiz o‘yin olinsa, Simone Indzagi shogirdlari shuning yarmida mag‘lub bo‘lgan va uch o‘yinni durang bilan yakunlagan. Bu o‘yinlarda ambitsiyali klub uchun juda kam bo‘lgan beshgina gol urilgan, shundan ham ikkitasi — 11 metrli nuqtadan.

Ha, «Benfika» milanliklarning oldingi bosqichdagi raqibi «Portu»dan farq qiladi. «Ajdarlar» Portugaliya chempionatining avvalgi turida prinsipial raqibiga joriy yildagi ilk mag‘lubiyatni taqdim etgani mohiyatni o‘zgartirmaydi. Qariyb bir yildan buyon o‘z uyida yutqazmay kelgan «burgutlar» chempion sari ildamlamoqda va 33 yil ichida ilk bor asosiy yevrokubok yarimfinaliga chiqishni ko‘zlagani tabiiy edi. Qolaversa, Chempionlar ligasining bu mavsumida kashfiyotga aylangan bu jamoa hali yutqazmagan, 10 uchrashuvda g‘alaba qozonib, guruhda «PSJ» bilan ikki o‘yinda ham durang qayd etgandi.

Shu bilan birgalikda, lissabonliklarda xavotirga arziydigan muammolar ham bor edi, xususan Otamendi diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi, natijada bosh murabbiy Rojyer Shmidt himoyani 40 yoshni qoralagan (ikkisi ham) Antoniu Silva va Morato juftligiga ishonishga majbur bo‘ldi. O‘yin startidan kelib chiqilsa, Indzagi aynan shu bog‘lamni raqibning eng zaif nuqtasi sifatida belgilab olgan. Raqib himoyadan chiqayotganida ushbu himoyachilarga qarshi kuchli pressing o‘tkazildi, birinchi bosim chizig‘i bosib o‘tilgan taqdirda ham, mehmonlar tezda o‘z jarima maydoniga qaytishga ulgurishdi va lissabonliklarga hujum uyushtirish uchun bo‘sh hududlar qoldirilmadi.

Yaqinda «Benfika» bilan shartnomasini yangilagan Shmidt esa pressing borasida ko‘pchilikka qo‘yib beradi. Nemis mutaxassisining prinsiplaridan biri esa — raqibga moslashmaslik, uni o‘zi taklif etgan futbolni o‘ynashga va o‘zini noqulay his qilishga majburlash. Mehmonlar asabiylasha boshladi va Dimarko oddiy vaziyatda to‘pni Rafa Silvaning oyog‘iga tashlab berdi. Agar Onana to‘g‘ri reaksiya qilmaganida, «Da Luj» tablosida hisob mezbonlar tomonidan ochilgan bo‘lardi. «Inter» ham yomon ko‘rinmadi, Lautaro Martines esa o‘sha Dimarkoning uzatmasini darvozaga joylab qo‘yishi mumkin edi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘yindan oldin raqibda inqiroz kuzatilayotgani haqidagi gaplarga qo‘shilmagan va jamoani yaxshi holatdagi «Inter»ga qarshi o‘yin kutayotganini aytgan Shmidtning xavotirlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Milanliklar alohida o‘yinlarda ko‘p narsaga qodir va buni maydonda namoyish etdi. Masalan, Mxitaryan golli vaziyat ham yaratdi, raqibning xavfli hujumini ham to‘xtatdi.

Indzagi esa «Benfika»ning mudofaa tartibini buzish uchun bir necha variantlarni tayyorlagani ma’lum bo‘ldi. Bu Bastoni uzoq ustun tomonga diagonal pas uzatib, Barella to‘pni bosh bilan darvozabon uchun olis burchakka joylaganida ham ko‘rindi. Lissabonliklar ikkinchi bo‘lim boshida o‘yinni qaytadan qurishga ulgurmadi va jarima maydoni ichida mehmonlar son jihatdan ustunlik qilishdi.

Hisobda oldinga chiqib olganidan keyin «Inter» «Benfika» futbolchilarini yanada oldinroqda kutib ola boshladi. Aagressiv o‘yin va kollektiv energiyani saqlab qolish uchu Indzagi o‘yinning 64-daqiqasida uchtalik o‘zgartirishni amalga oshirdi, jamladan forvardlar Jyeko va Martinesni Lukaku va Korreaga almashtirdi. Edin maydonni tark etishda norozi ko‘rindi. Indzagi bosniyalikning bunday reaksiya ko‘rsatishini bilardi, ammo uning uchun jamoa manfaatlari alohida bir futbolchining hissiyotlaridan muhim edi. O‘yin davomida Mxitaryan va Dumfris «Inter»ning ikkinchi golini urishga yaqin keldi, ammo Vlaxodimos o‘zini ko‘rsatdi.
80-daqiqada esa «neradzurrilar» penalti ishladi. Hakam Oliver VAR yordamchilarining ishorasidan keyin monitorni borib ko‘rdi va fantastik mavsum o‘tkazayotgan Joau Mariu chap qanotdan uzatilgan krossni qo‘li bilan to‘sganini qayd etdi. Lukaku 11 metrdan juda xotirjamlik bilan aniq zarba berdi.

«Benfika» hech narsa qila olmadi. Ehtimol bu lissabonliklar «Inter»ga shunchaki kichik pasayish davrida to‘g‘ri kelib qolgani bilan bog‘liqdir, jamoa bir necha kun muqaddam Primeyrada «Portu»ga yutqazgandi. Nima bo‘lganda ham «burgutlar» Mxitaryan va kompaniyani hayron qoldira olmadi: «Inter» safidagi futbolchilarning individual mahorati yuqorilik qildi. Shmidt jamoasi 90 daqiqa davomida darvoza sari atigi bitta aniq zarba yo‘lladi, «neradzurrilar»da esa – to‘rtta. Mezbonlarning so‘nggi hujumida Gonsalu Ramush yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo JCh-2022 turnirida Krishtianu Ronaldu bilan raqobatda ustun kelgan forvard Onanaga qarshi duelni boy berdi.

Shu tariqa, Italiya vakili finalga chiqishi deyarli kafolatlandi, chunki bu juftlik g‘olibi yarimfinalda «Napoli» yoki «Milan» bilan to‘qnashadi.

Ko‘proq yangiliklar: