So‘nggi yillarda bu mavzu yuqori davralarda o‘rtaga tashlandi, jiddiy muhokama bo‘lmoqda, takliflar bildirilyapti, qarorlar qabul qilinyapti. Ammo umumiy manzara o‘zgarayotgani yo‘q. Hojatxonalar, ulardan foydalanish madaniyati bo‘yicha haligacha bir joyda depsinib turibmiz.
Qiziq fakt: Yetmish yil yashagan inson o‘z umrining taxminan uch-to‘rt oyini hojatxonada o‘tkazadi. Demak bu jarayon nafaqat bir inson uchun, balki butun jamiyat uchun muhim. Keksalarimiz «Biror oila haqida tasavvurga ega bo‘lmoqchi bo‘lsang, hojatxonasiga kirib ko‘r» deb bejizga aytishmaydi. Bu tizimning qanday ishlashi bir oila emas, tashkilotlar, davlat muassasalari, ko‘ngilochar va umumiy ovqatlanish maskanlari va umuman butun bir mamlakat haqida ham yetarlicha xulosa chiqarishga asos bo‘la oladi.
O‘zbekistonda umumiy hojatxonalar muammosi o‘ta jiddiy, buni ochiq tan olmay ilojimiz yo‘q. Pulli bo‘lsa ham jamoat hojatxonalarini ko‘paytirish zarur. Ayniqsa shaharlarda, aholi gavjum joylarda butun bir ko‘chalarni kezib ham ba’zan bunday joy topa olmaymiz. Topganimiz ham ko‘ngildagidek emas. Axir davlatimiz rivojlanib bormoqda, kun sayin yurtimizga sayyohlar ko‘proq tashrif buyurishmoqda, shunday ekan inson hayoti uchun elementar ehtiyojni ta’minlash lozim. Butun dunyo foydalanayotgan biohojatxonalar, ko‘chadagi ko‘chma kabinalar ham biz uchun begonaligicha qolmoqda. O‘z hisoblaridan chiroyli hojatxona tashkil qilganlarni va beg‘araz foydalanish uchun berayotganlarni umuman eshitmaganmiz. Axir bu ham savob-ku. Yaxshiki masjidlarimiz bor, tahoratxonalari ishlab turibdi, ibodat qilinmasa ham kirish mumkin, lekin bu kamlik qiladi-da.
Bu holatga o‘zimiz o‘rganib bo‘lgandirmiz, ammo mehmonlar oldida har safar yuzimiz qizarishi ham haqiqat. Talab darajasidagi hojatxonalar qurilishi va sifatli ishlashi uchun alohida qarorlar chiqayotgani, bu ishga bosh qo‘shganlarga soliq imtiyozlari berilayotgani ham muammoning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib bo‘lgan. Ammo shuncha islohotlarga qaramay jamoat hojatxonalari tanqisligicha qolyapti.
Shu bilan birga masalaning ikkinchi tarafi haqida ham so‘z yuritsak. Hojatxonalar qurilar, ishga tushirilar. Ammo bizning ulardan foydalanish madaniyatimiz qay darajada? Aslida bor hojatxonalarni ham badbo‘y qilayotgan, o‘zidan keyin birovni yaqinlashtirmay qo‘yadigan, bu jarayonga faqat burun jiyiradigan holat degan tushunchani ongimizga singdirib olgan siz-u biz emasmi?!
“O‘zbekiston umumiy uyimiz” deb ko‘krakka mushtlaymiz. Shu uyimizga ko‘p sonli va obro‘li mehmonlar kelishmoqda. Xo‘sh, ularni qanday kutib olamiz? Qanday jihatlar bilan mehmonlar yodida qolamiz?! Davlat yoki tadbirkorlar hojatxonalar muammosiga jiddiy kirisharkan, biz ularni lozim darajada saqlay olamizmi?
O‘zimiz-ku birorta bunday maskan qurishni, ishga tushirishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Ammo boridan to‘g‘ri foydalana bilishni ham boplaganimiz-boplagan. Jamoat hojatxonalarining kirish eshigidan tortib eng ichki xonasigacha, suv saqlagich bakigacha turli-tuman ogohlantiruvchi yozuvlar ilib tashlangan: «Iflos qilmang!», «Suvni haydang!», «Qog‘ozni chelakka tashlang!», «Nos tuflamang!», «Chekmang!»...
Darvoqe, chekuvchilar!.. O, bu endi alohida mavzuning ichidagi alohida mavzu. Chekish va hojat jarayonini uyg‘unlashtira bilgan, o‘zi har ikki «lazzat»dan bahra olgani yetmaganday, ketganidan so‘ng qoldirgan hidiga suvarak ham mast bo‘lib ag‘dariladigan bu toifa insonlar qayerda va qanday tarbiya topishadi, bunisi endi rosa katta savol.
Ogohlantirishlar ham bejizga yozilmaydi, chunki ogohlantirish bo‘lsa ham biz ularga amalga qilmaslikka moyilmiz, bo‘lmasa-ku qo‘yavering. Axir har birimiz tiqilib yotgan qog‘ozlarni, lattalarni, nosvoy qoldiqlari-yu xaltalarini, bolalar tagliklarini va hatto pista po‘choqlarini ham ko‘rganmiz-ku. Chekuvchilar bilan pista chaquvchilar mana shu joyda ilhomlari kelishiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Mo‘ljalda adashuvchilar hamisha, xatosiz adashaveradilar...
O‘zimizdan keyin tozalab chiqish degan tushuncha bizga begona. To‘g‘ri-da, hojatxonani ham tozalaydilarmi? Lekin bir o‘ylab ko‘raylik, bizning ortimizdan kim tozalashi kerak?!
Unutmaylik: madaniyat madaniyatsizlik ko‘rinmaydigan, bilinmaydigan joyda namoyon bo‘lsagina haqiqiy madaniyatdir. Hech kim ko‘rmaydi, deb o‘ylab, bilganimizni qilayotganimizda bizni eng ulug‘ zot ko‘rib turadi. Ko‘zimizni ochaylik, toki bizdan keyingi kelganlar bizdan ranjimasin!
Bu muammo bilan butun jamiyat jiddiy shug‘ullanishi shart:
1. Eng avvalo oilada hojatxonadan foydalanish bo‘yicha tarbiya berilishi zarur. Ota o‘g‘ilga, ona qizga bolaligidanoq eng elementar tushunchalarni singdirib borishi kerak;
2. Bog‘chalarda bolajonlar bilan interfaol o‘yin tarzida turli o‘yinchoqlar yordamida bu jarayon o‘rgatilsa, zarar qilmaydi. Maktabdagi “Odobnoma” fani yoki boshqa tarbiyaviy soatlarda balandparvoz gaplardan biroz chekinib, mana shu oddiy odob bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘quvchilar o‘rtasida qiziqarli bahslar tashkil qilib, ularning ham o‘z fikrlarini aytishga o‘rgatish orqali hojatxonadan foydalanish muammosiga jiddiy qarashni o‘rgatish zarur;
3. Tarbiyadan tarbiyalanmaydiganlarga nisbatan ta’sirli jazo choralarini ham qo‘llash lozim. Jamoat joylarida, yo‘llarning ko‘rinish qismida bavl qiladiganlar, umumiy hojatxonalardan to‘g‘ri foydalanmagani aniqlanganlar jiddiy jarimalarga tortilishi kerak. Chunki cho‘ntakka zarar juda tez yodda qoladi;
4. Bu o‘rinda diniy tushunchalar juda samarali. Chunki Islom dinida mazkur odob yetarlicha tushuntirilgan, ozodalik ahamiyati chiroyli ko‘rsatib berilgan. Bu manbalarni kengroq yetkazib berish kerak.
Abror Zohidov