AQSh va Britaniya Usmonovning kompaniyalariga sanksiya qo‘lladi

Iqtisodiyot 21:09 / 12.04.2023 25457

Buyuk Britaniya rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning USM holdingini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. «RBK» nashri xabar berishicha, sanksiyalar ro‘yxatida USM hammuassislari Vladimir va Varvara Skoch ham tilga olingan.

USM kompaniyasiga qarshi sanksiyalar izohida holding Usmonovga tegishli yoki u tomonidan nazorat qilinishi, «Rossiya hukumatidan imtiyozlar olishda ishtirok etishi yoki uni qo‘llab-quvvatlashi», shuningdek, iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarida – qazib olish sanoati va raqamli texnologiyalar sektorida biznes yuritishi aytiladi.

Bundan tashqari, Alisher Usmonovning «MegaFon» va «Metalloinvest» kompaniyalari AQSh sanksiyalari ostida qoldi, deb xabar berdi BBC. Uning o‘zi ham bir yildan ko‘proq vaqtdan beri sanksiyalar ostida edi.

«Metalloinvest» – MDH va Rossiyadagi eng yirik temir rudasi kompaniyasi, temir rudasi zaxiralari bo‘yicha jahon yetakchisi (15 milliard tonnadan ortiq), u 100 foiz USM holdingiga tegishli. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, asosiy ta’sischilar Alisher Usmonov (49 foiz) va uning sherigi Andrey Skochning oila a’zolaridir.

«Megafon» telekommunikatsiya kompaniyasi USM Telecom holdingi tarkibiga kiradi.

«Usmonovning ixtiyorida ofshorda joylashgan korxonalarning keng tarmog‘i bor va u o‘z oila a’zolari orqali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin, bu esa unga sanksiyalarni chetlab o‘tish imkonini beradi», deyiladi AQSh moliya vazirligi bayonotida. AQSh 2022 yil mart oyi boshida Usmonovning o‘ziga qarshi sanksiyalar kiritgandi.

Alisher Usmonov Forbes nashrining rossiyalik milliarderlari ro‘yxatida sakkizinchi o‘rinni egallaydi, uning boyligi 14,4 milliard dollarga baholanadi. U «Kommersant» gazetasiga ham egalik qiladi. Skoch va uning oilasining boyligi 7,9 milliard dollarga (20-o‘rin) baholangan.

Ko‘proq yangiliklar: