Ko‘pirtirilgan ayblov, navbatchi modda, so‘z erkinligiga navbatdagi tahdid - faollar 15 sutkaga qamalgan bloger ishi haqida

Jamiyat 21:15 / 10.04.2023 69510

ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov bir qator brendlarning yogurt mahsulotlariga karmin (E120) moddasi qo‘shilgani sabab bu mahsulotlarni iste’mol qilmaslik kerakligini aytib video chiqarishi ortidan, 8 aprel kuni 15 sutkaga qamalgan edi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo markazi bu modda qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz yoki joiz emasligi yuzasidan izoh berdi.

Karmin – qizil rangli bo‘yoq bo‘lib, oziq-ovqat qo‘shimchasi sifatida ishlatiladi. Bu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil nomli hasharotdan olinadi.

O‘zMI Fatvo hay’atiga ko‘ra, to‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolar tomonidan aytilgan.

“Bu borada Iordaniya fatvo hay’atining 3240-sonli fatvosida quyidagilar bayon qilingan: “Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayon Islom shariatida “istihola”, ya’ni bir moddaning boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada, najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib boshqa narsaga aylanadi”.

Bu masalada hanafiy mazhabimizning mashhur allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitoblarida bunday deganlar:

“Shariat (biror narsani) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi. Buning shar’iy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt o‘tishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat bo‘ladi. (Yana vaqt o‘tishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok bo‘ladi”.

Karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa Kengashi o‘zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan: “Karmin E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo‘lsa ham, kimyoviy ishlovdan o‘tadi, natijada o‘z tuzilishini o‘zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo‘qotadi”.

Demak, yuqoridagilardan karmin – E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz ekani ma’lum bo‘lmoqda. Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e’lon qilingan bo‘lsa-da, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yo‘lini tutishni tavsiya etganlari ham bor.

Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat berib qo‘ygan tarafni olib ba’zi bir odamlar karmin moddasi qo‘shilgan mahsulotni iste’mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo‘lini tutganlar ularni malomat qilmasliklari kerak. Vallohu a’lam”, – deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi axborotida.

“Dejurniy statya”

Ijtimoiy tarmoq faollari Hojiakbar Nosirovga nisbatan sud qarori adolatsiz bo‘lgani, blogerni 15 sutkaga qamash uchun unga navbatchi moddalar tirkalganini aytmoqda.

Rasul Kusherbayev blogerga qo‘yilgan ayblovni ko‘pirtirilgan deb hisoblaydi. Sobiq deputatga ko‘ra, ma’muriy ishga tirkalgan “IIB xodimiga bo‘ysunmaslik” degan modda istagan odamni ichkariga olib kirish uchun ishlatiladigan “dejurniy statya”ga aylanib qolgan.

“Biror bir mahsulot tarkibida musulmonlar uchun halol yoki harom modda bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot berganlik, gapirganlik qachondan beri diniy adovatni uyg‘otadigan bo‘lib qoldi? Qator kolbasa va boshqa oziq-ovqatlar haqida halol so‘zini ishlatib reklama tarqatganlar unda nima uchun shu vaqtgacha javobgar bo‘lishmagan?” – deya savol bergan u.

Kusherbayev IIBB bayonotida aytilgan “yogurt ishlab chiqaruvchilar blogerni sudga berishi mumkin” mazmunidagi gapga munosabat bildirarkan, bu jarayonga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bir tomonning yonini olib aralashishi kerak emasligini bildirgan.

“IIB xodimiga bo‘ysunmaslik” degan modda istagan odamni ichkariga olib kirish uchun ishlatiladigan ayrim orsizlarning “dejurniy statyasi”ga aylanib qolgani uchun, bu modda "straxovka" uchun qo‘yilgan, degan fikr tug‘ilmoqda. Agar diniy adovat moddasi sinsa, ushbu modda zaxirada tursin uchun.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Activist loyihasi asoschisiga berilgan jazoda diniy adovatdan ko‘ra ko‘proq shaxsiy adovat borga o‘xshaydi”, – deya xulosa qilgan Rasul Kusherbayev.

“Huquqdan foydalanmaslik majburiyatni bajarmaslik deb topilishi biroz kulgili emasmi?”

Advokat Abdumalik Abdullayevning e’tibor qaratishicha, IIBB bayonotida blogerning aynan qaysi xatti-harakati ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabini bajarmaslik deb baholangani ochiqlanmagan.

Advokat, shuningdek, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023 yil 7 apreldagi 18-660-sonli xulosasiga munosabat bildirgan. Ayblovga asos bo‘lgan bu xulosaga ko‘ra, “Activist” kanalidagi diniy mazmundagi ayrim videolarda “aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar” bor.

Abdumalik Abdullayev bu borada quyidagi savollarni o‘rtaga tashlaydi:

  • MJtKning 184-3-moddasi dispozitsiyasidagi “diniy adovatni targ‘ib qiluvchi” degan so‘zlar bilan yuqoridagi ekspert xulosasidagi “ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar” degan so‘zlar qay darajada ayni bir xil ma’noni anglatmoqda? O‘zi umuman “ixtilof va tushunmovchilik” so‘zlari bilan “adovat” so‘zi bir ma’noni anglatuvchi so‘zlar hisoblanadimi?
  • Agar hisoblansa, bu haqida mutaxassis fikri yoki sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasi olinganmi?

“Bundan tashqari, sud tomonidan 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topishda H.Nosirov IIO xodimlarining hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, tushuntirish berish va ish hujjatlari bilan tanishib chiqish kabi qonuniy talablariga bo‘ysunmaganligini ko‘rsatilgan.

Birinchidan, H.Nosirov IIO xodimlarining aynan qanday hujjat so‘ragan talabini bajarmadi va umuman olganda o‘zi undan biror bir hujjat talab qilinishi qay darajada qonuniy? Qaysi qonundagi qanday talab?

Ikkinchidan, modomiki H.Nosirov huquqbuzar ekan, tushuntirish berish va (yoki) ish hujjatlari bilan tanishib chiqish MJtKning 294-moddasi 1-qismiga ko‘ra, uning majburiyatlari emas, aksincha huquqlari sifatida sanalgan. Huquqdan foydalanmaslik majburiyatni bajarmaslik deb topilishi biroz kulgili emasmi?! Menimcha biroz emas, anchagina kulgili, balki achinarlidir”, – deydi Abdumalik Abdullayev.

“Blogerga to‘g‘ri tushuntirilib qo‘yilsa ham bo‘lardi”

Jurnalist Sanjar Saidga ko‘ra, ACTIVIST loyihasi muallifining bir video ortidan 15 sutkaga qamalishi – mamlakatda so‘z va e’tiqod erkinligiga uyushtirilgan navbatdagi tahdiddir.

“Qizil qurtdan olinadigan karmin moddasi qo‘shilgan yogurtlarni harom degan Activist 15 sutkaga qamaldi. Bloger yengil jazo bilan qutuldi. Avvalgi tuzum bo‘lganida, uni hech kim ko‘rmasdi boshqa.

Lekin chiqarilgan hukm adolatlimi? Bitta blogerga qo‘mita, idora, IIV, sudning qarshi chiqishi qanchalik to‘g‘ri?

Qo‘mitaning “aholi o‘rtasida ixtilof va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tarqatgan” degan xulosa berishi-chi? Blogerga qo‘llangan modda juda og‘ir emasmi?

Aslida blogerga to‘g‘ri tushuntirilib, raddiya berib qo‘yilsa ham bo‘lardi. Bu ishlar esa jamiyatdagi bosim va keskinlikni kuchaytirsa kuchaytiradiki, aslo yaxshilikka olib kelmaydi.

ACTIVIST ishi mamlakatda so‘z va e’tiqod erkinligiga uyushtirilgan navbatdagi tahdiddan boshqa narsa emas”, – deydi u.

“Hojiakbarni ayblayotganlarning aksari videoni to‘liq ko‘rmagan”

Bloger Olimjon Haydarov, ACTIVIST muallifi ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar tomonidan fatvo berganlikda ayblanayotganiga munosabat bildirdi.

“Shunday post qo‘yganlarni aksari videoni to‘liq ko‘rmagan hatto. Videoni ko‘rishganda bunday post qo‘yishmasdi, sababi Hojiakbar videoda fatvo bermagan. Xalqaro Islom fatvo markazlarida, ularning saytlarida halol emasligi ko‘rsatilgan modda aynan shu yogurt ichida borligini aytgan, ogohlantirgan xolos.

Gohida jamoatchilik yaxshi o‘ylamasdan qilgan harakati sabab faollarga ziyon yetkazib qo‘yadi”, – deydi u.

U Hojiakbar Nosirovning loyihasini e’tirof etgan

“Hojiakbar kabi faol jamoatchilik vakillari millatning, xalqning vijdoni vazifasini bajarmoqda hozir. Bunday loyihalar sabab xalq haqqini talab qilishni o‘rganmoqda, haqqini tanimoqda, vijdon shakllanmoqda.

Hamma biladi-a, haqqimizni tanimasligimiz, haqqimizni talab qilmasligimiz kim(lar)ga qo‘l kelishini?

Ular jamoatchilik faollarining kichkina bo‘lsa ham xatolarini kutib yashashadi, xato qildingmi, “nakazaniya”, – deya yozdi Olimjon Haydarov.

Ma’lumot uchun, 26 yoshli Hojiakbar Nosirovning ACTIVIST loyihasi bir yildan kamroq vaqt ichida YouTube'da 500 mingdan ortiq obunachi to‘plagan. U do‘konlarda savdo qoidalariga rioya etilishi, xususan muddati o‘tgan, demakki iste’molchilar sog‘ligiga zararli mahsulotlarning sotilishiga qarshi jamoatchilik nazoratini olib boradi va o‘z kanalida bu jarayondan videolarni e’lon qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: