Jamiyat | 21:07 / 23.02.2025
18405
21 daqiqa o‘qiladi

“Tanqidlar og‘rig‘ini ichga yutaverib, xastalik orttirdim” – jurnalist Nozima Vohidova bilan suhbat

Jurnalistika sahnasi ortida ko‘pchilikka ko‘rinmaydigan mashaqqatli mehnat va sabr yotadi. Sohaga ishtiyoq bilan kirib kelganlar ko‘p, ammo qiyinchiliklarni yengib, faoliyatini davom ettirayotganlar sanoqli. Kun.uz’ning bu galgi qahramoni jamiyatdagi dolzarb masalalarni yoritish bilan tanilgan, 70 dan ortiq teledasturlar muallifi, 28 yillik tajribaga ega jurnalist Nozima Vohidova. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda duch kelgan to‘siqlari, kadrorti haqiqatlari hamda saratonni qanday yengib o‘tgani haqida so‘zlab berdi.

Jurnalistika – qismat

Aslida odam o‘z kasbi bilan tug‘iladi deyishgani rost. Bolaligimda uyimizga kelgan mehmonlar bilan gaplashish, ularning suhbatini tinglash yoqardi. Xonadonimizga akademik Vohid Abdullayev va akademik Botirxon Valixo‘jayev kabi ilm odamlari ko‘p kelardi, katta tayyorgarlik ko‘rardik. Aka-opalarim ularning oldiga choy olib kirishga hayiqib tursa, men uchun mehmonlar bilan suhbatlashish haqiqiy zavq edi. Ularning maqtovidan rag‘bat olardim. Bu qiziqishimni shunchaki mehmon kutish emas, balki jurnalistikaga ilk qadam deb bilaman. Uyda har doim oila a’zolarim bilan intervyular o‘tkazar, qishloqdagi hovlimizda sahna yasab, qo‘shnilarni chaqirib kichik tomoshalar uyushtirar, konsertlar qo‘yardim. Jurnalist shunaqa bo‘ladi, deb o‘ylaganman-da. Olqishlar yoqardi, shu sabab dadam “shuhratparast” deb chaqirardi.

Oltinchi sinfdan paxta terimiga chiqqanmiz. Ovqat solingan tuguncha va ketmon bilan dalaga saharlab borib, agatlarni egallab olardik. Daladagi zahmatli mehnat hozirgi jurnalistik faoliyatim uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilgan. U yerda ayollarning erlari tomonidan kaltaklanishi, oiladagi turli nizolar haqida atrofdagi odamlardan turli xabarlar eshitardim va ayollarning kamsitilishiga jim qarab turmaslik kerak, degan fikrlar o‘tardi xayolimdan.

Terimda odamlar ustidan samolyot orqali dori sepib ketilardi, bu bolalarga yomon ta’sir qilar va ayrimlarning mazasi qochib qolardi. Dori sochilayotgan vaqtda hamma etagi bilan boshini yopsa, men samolyotga tikka qarab turardim, jarayonning qanday bo‘lishiga qiziqardim va nima uchun insonlar salomatligi, manfaati himoya qilinmasligi o‘ylantirardi. O‘sha vaqtlarda bu kabi mavzularni maqola qilib yozaman, odamlar muammolarini hal qilishga yordamlashaman, degan maqsad qo‘yganman.

Maktabni tamomlash arafasida dadamga jurnalistika sohasida o‘qishni davom ettirishni xohlashimni aytdim. Buxoroda bu yo‘nalishda ta’lim olish imkoni yo‘qligi sabab Toshkentga kelishimga ruxsat berilmadi. Otam rus tili fakultetida o‘qishim va hokim o‘rinbosari bo‘lishim mumkinligini, menda tashabbuskorlik borligi, “kichkina joylarga sig‘masligim”ni ta’kidlardi. “Hokim o‘rinbosari bo‘lasan, katta-katta davralarda nutq irod qilib yurasan”, – derdilar doim.

Shu tariqa Qo‘qon davlat pedagogika universitetining boshlang‘ich ta’lim metodikasi fakultetiga o‘qishga kirdim. Uchinchi kurs bo‘lganimda turmush qurib, poytaxtga keldim. Hozirgi O‘zMUda o‘qishni davom ettirdim. Keyin Qishloq xo‘jaligi universitetida laborant bo‘lib ishladim. Kunlarning birida bir partada o‘tirgan sinfdoshim Bobur Saidov qo‘ng‘iroq qilib, televideniyega ishga taklif qildi. U paytda Bobur to‘rtinchi (xalqaro) telekanalda faoliyat yuritardi. Turmush o‘rtog‘im ham televideniyeda ko‘rsatuv olib borardi. Ular bir kun ish bilan Buxoroga ketadigan bo‘lib qoldi, o‘rniga efirga chiqdim va shu tariqa telekanaldagi faoliyatim boshlandi.

Kadr orti mashaqqatlari

Vaqt o‘tib telekanallardan biriga shtatsiz muxbir sifatida ishga kirdim, o‘sha paytlarda bolalarni eshik tagida qoldirib, efirga kirib ketardim. O‘g‘lim Behruz yetti yosh, qizim Mahzuna to‘rt yosh bo‘lgan. 6 soatlab kirish eshigi yonida kutib o‘tirishardi. Qo‘llariga pechene berib, “kim ko‘p nechta mashhur o‘tib-qaytganini sanasa, o‘shanga sovg‘a bor” deb yupatib ketardim.

1996 yili birinchi marta efirga chiqqanimda kechasi bilan gaplarni yod olib, tayyorgarlik ko‘rganman. Birinchi chiqishlarimda tilimda shevaga xos so‘zlar bo‘lib, “o” harfini to‘g‘ri talaffuz qilolmasdim, gaplar orasida tutilib qolardim. Ammo hamkasblarim buni yuzimga solmasdi, imkon qadar yordam berardi. O‘sha davrlarda uyimizga mehmon kelsa, dasturxonga non-choy qo‘yish bir chetda qolib, yangi ishtirok etgan teledasturlarimni ko‘rsatishga tushib ketardik. Turmush o‘rtog‘im Alisher aka (turmush o‘rtog‘i) “endi miltiq ushlab o‘tiraman, shuni ko‘rmasangizlar bizning uydan ketish yo‘q”, deb mehmonlarga hazil aralash gapirardi. Televizorda chiqish uzoq yillik orzum bo‘lgan, buni turmush o‘rtog‘im yaxshi tushunib, his qilardi.

Ilk ko‘rsatuvlarimdan biri to‘rtinchi kanalda namoyish etiladigan, iste’dodli yoshlar haqidagi “Ma’naviyat sarchashmalari” dasturi bo‘lgan. Keyinchalik mazkur dastur “Yoshlar” telekanaliga o‘tib, “Mezon” nomi bilan efirga uzatilgan.

Efirga chiqmagan vaqtlarimda qo‘limda ikkita bola bilan MTRK eshigi oldida kuni bo‘yi o‘tirardim. Ishonasizmi, bolalarim yig‘lab, och qolardi, ko‘ngil uzib uyga keta olmasdim. Darg‘alar o‘tish-ketishini tomosha qilish uchun ham eshik yonida o‘tiraverardim.

1998 yilda ochilgan “Yoshlar” kanali bizni xalqqa tanitdi. U paytda hamkasbim Nilufar Umrzoqova “Begoyim”, Umida Usmonova “Azizim”, Muhabbat Hamroyeva “Erta so‘ngan yulduzlar” va Ozoda Bekmurodova “O, yoshligim” dasturlarini tayyorlagan. Iroda Nosirova, Baxtiyor Inog‘omov, Yulduz Ochilova, Yulduz Oripova ham aynan shu kanal orqali el og‘ziga tushgan. Bu hamkasblarimdan faoliyat davomida sohaga oid ko‘p narsani o‘rgandim. Yaqin ikki yilgacha o‘zimni shogird hisoblab, ko‘rsatuvlarda ism-familiyam ostiga “jurnalist” degan titrni yozishga haddim sig‘masdi. Jurnalistika bo‘yicha oliy ta’lim olmaganim ichimda armon bo‘lib qoldi.

Ko‘zoynakli ilon deyishardi

Ko‘pchilik televizion jurnalistikaning faqatgina chiroyli tomonlarini ko‘radi: rang-barang studiyalar, jonli efirlar, muhokamalar. Ammo aslida ekran ortida katta mehnat yotadi. Biror lavhani tayyorlash uchun soatlab tadqiqot qilish, intervyular o‘tkazish, tahrirlash, faktlarni tekshirish va oxirida faqat 3-5 daqiqalik kontentni taqdim etishga to‘g‘ri keladi. Yangiliklarni birinchi bo‘lib yetkazish va doimiy axborot oqimida ishlash oson emas, chunki bu jarayon qarorlarni tezkor qabul qilish, muttasil o‘z ustingizda ishlashni talab qiladi. Bundan tashqari, har qanday ommaviy axborot vositasida faoliyat yuritayotgan kishi tanqidga ham doim tayyor turishi kerak, yoqimli bo‘lmagan fikrlar va holatlarga duch kelishingiz mumkin.

Qo‘rqmay ayta olaman, o‘zbek televideniyesiga tok-shou janrini biz (Nozima Vohidova, Nilufar Umrzoqova) olib kirganmiz. “50/50” tok-shousini tayyorlagan paytlarimizda o‘sha vaqtda ommabop bo‘lgan “Darakchi”, “So‘g‘diyona”, “Bekajon” gazetalarining birinchi sahifalarida bizni keskin tanqid qilib chiqishardi. U paytlarda kioskalardan navbat turib gazetalar olinardi. Tanqidiy fikrlar ko‘p bo‘lganidan qo‘limga gazeta olib, varaqlashga jur’atim yetmasdi. Televideniyega yo‘llangan xatlarda meni “ko‘zoynakli ilon”, Nilufarni “oq ilon”, “qanday qilib bularni yo‘qotishimiz mumkin?” deb yozishardi. Bir necha marta ishimni tashlab ketmoqchi ham bo‘lganman, hamkasbim Nilufar tasalli berib, ushlab qolardi.

 “Qanday qilsak, bularni yo‘qota olamiz?” deb rahbariyatimizga har kuni qo‘ng‘iroqlar bo‘lardi. Muammolarni ochiq olib chiqishimiz ba’zi odamlarga yoqmasdi-da. Jurnalistika ko‘rinishi chiroyli kasb, lekin uning orqasida mashaqqat bor: xalqning dardini olib chiqadigan bo‘lsang, uning ortidan hayotingda paydo bo‘ladigan muammolarga chidab berishga majbursan. Katta gapiryapti deb o‘ylashingiz mumkin, lekin biz shu jarayonlarni boshimizdan o‘tkazdik…

Sukut uchun pora taklif qilishgan

“Uchburchak” tok-shousida, asosan, ijtimoiy va oilaviy masalalarni olib chiqardik. Muammolarni gapirgan qahramonlarning turmush o‘rtog‘i, oila a’zolari, mahalladoshlari “yo‘q qilaman”, “yondiraman”, “portlataman”, “o‘ldiraman” deb tahdid qilardi.

Bosimlar har doim bo‘lgan. Bir safar ko‘chada ochiq holda sotilayotgan mevalar haqida ko‘rsatuv qilganmiz. Jarayonni tasvirga olish mobaynida bozorchi ayollar bizni o‘rab olib, tashqariga chiqarmagan. Operatorimiz bilan olishib, kiyimlarining tugmalarini uzib tashlagan, ularni ajrataman desam, mening ham sochimni yulib olishgan. Boshqa bir ko‘rsatuvda shampun idishlarini axlatxonalardan yig‘ib, ichiga qo‘lda tayyorlangan suyuqlikni solib, soxta mahsulotlarni ulgurji sotayotganlarni tanqid qilganmiz. Tasvirga olayotganimizda bozor egalari ijodiy jamoaning yo‘lini to‘sib, ko‘rsatuvni chiqarmaslik evaziga katta miqdorda pul taklif qilgan. Mashinamiz yo‘lida turvolib, kassetani olishga urinishgan. Televideniye boshqaruv organlarigacha qo‘ng‘iroq qilib, ko‘rsatuvni o‘chirtirmoqchi bo‘lishgan, ammo maqsadlariga erisha olishmagan.

Muammolarni ochiqchasiga olib chiqa olardik, uning mas’uliyati, javobgarligi kuchliroq bo‘lardi. Bir safar tok-shouda ayoli va farzandini qattiq azoblagan erkak haqida ko‘rsatuv qilganmiz. U odam ayni o‘sha kezlarda ishdan haydalgan ekan, efirdan keyin “meni ishdan haydatdilaring, chiq bu yoqqa, yo‘q qilaman”, deb har kuni ishxonamiz oldiga kelardi. Tomoshabinlar orasida jonli efirda ko‘rsatuv bo‘lib turgan vaqtda o‘zi bilan pichoq olib kirib, gapirayotgan vaqtimda sanchib olmoqchi bo‘lgan odam ham bo‘lgan. Hamkasbim Nilufar ko‘rib, qutqarib qolgan.

Ba’zan yoritayotgan mavzungiz ayrim shaxslar yoki tashkilotlarga yoqmasligi mumkin. Odamlar o‘z manfaatlari yo‘lida jurnalistni jilovlashga harakat qiladi. Lekin haqqoniylikni sotib ham, sotib olib ham bo‘lmaydi. Shu bois, hech qachon bu kabi bosimlarga bo‘yin egmaganman.

Ko‘rsatuvlarimizdan birida Xorazmning Shovot tumanida joylashgan, abgor holatga tushib qolgan maktabni olib chiqqanmiz. Maktab shu qadar achinarli ko‘rinishda ediki, O‘zbekistonda ham shunaqasi bormi, deb hayron qolar darajada edi. Holatni suratga oldik, o‘qituvchilar dardlarini aytdi, yaroqsiz sport zallari, o‘quv xonalari, hojatxonalarni ko‘rsatdi. Intervyularni yakunlab, poytaxtga qaytar vaqtimiz hududdagi ta’limga mas’ul shaxslar biz uchadigan paytda samolyotni to‘xtatdi. Dasturni efirga uzatmasligimiz uchun pora taklif qildi. Olmadik va amallab uyga qaytdik. Ishonasizmi, uyga kelsam, turmush o‘rtog‘im raqamini topib, bu masalada ularga ham aloqaga chiqishgan. Tahdidlarga qaramadik, Allohga tavakkal qilib, ko‘rsatuvni efirga berdik. Undan keyin o‘sha tumanning hokimi bir oy ichida maktabni qayta restavratsiya qilib, yangi holatdagi tasvirlarini bizga jo‘natdi.

Yana bir keysni misol keltiraman. Bir ayol firibgarlik yo‘li bilan odamlardan pul olib, qamalgan. Uch farzandi bolalar uyida qolib ketgan. Biz go‘daklarni topib, buvisiga yetkazganmiz. Hokimiyatga murojaat qilib, masalaning ortidan oylab yugurib, jabrdiydalarga uy olishga ko‘maklashganmiz. Oilalar yarashishi, farzandlar ko‘chada qolmasligi uchun xizmat qilgan ko‘rsatuvlarimiz juda ko‘p bo‘lgan. Nega ba’zan bizni tanqid qilishgan paytda shu taraflarini hisobga olishmaydi, deb xafa bo‘lib ketaman. Hozir ham eslasam ranjiydiganim – ijtimoiy tarmoqlarda bizni tanqid qilishsa, hamkasblarimiz ham qo‘shilib Nilufar ikkalamizni yomonlardi. Ish vaqtida hech narsani ko‘rmaganday, uyalmay biz bilan gaplashib yuraverardi. Bunaqa holatlardan yuragim og‘rib, hammasini ichimga yutardim. Shu kabi jarayonlar ko‘p takrorlanaverganidan siqilib-siqilib, sog‘ligimga ziyon yetkazdim. Orada yuragim og‘irlashib, unga apparat qo‘ygan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Aslida birovni o‘tirib olib yomonlashdan osoni bormi? Negativ yozayotganlarga aytaman-da: “Siz o‘zingiz hayotda nima qildingiz? Kimning dardiga esh bo‘ldingiz?” Birovni tanqid qilishdan avval “mening bunga ma’naviy haqqim bormi?” deb odam o‘ziga ham bir nazar solib qo‘yishi kerak-da.

5 yil sababsiz “zapret” qo‘yilgan

“O‘zbekiston” telekanalida muallifligim ostida xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan “Bekat” dasturi efirga uzatilardi. Orada “bu dastur umuman ko‘rsatilmasin” degan gap chiqdi va besh yil efirdan olib tashlandi. Sababi aytilmagan. Rahbardan xatomni aytishini so‘rasam, “shunchaki, vaqtincha chiqmaysiz, bo‘ldi” deya javob bergan. Fikrimcha, o‘sha vaqtlarda boshqaruvdagi shaxslardan birining ayoliga yoqmay qolganman va shu sabab meni efirdan olib tashlashgan. Bilasizmi, bunaqa munosabatdan keyin ishtiyoqingiz, zavqingiz o‘ladi, shashtingiz so‘nadi. Ko‘p yig‘lardim va orada chet elga ko‘chib ketmoqchi ham bo‘ldim. Ustozlar, hamkasblar oldimga kelib “nimaga sizni efirdan olib tashlashdi? “nima qilib qo‘ydingiz o‘zi?” deb savol beraverardi, o‘zi o‘lib yotibman, ustimdan kelib battar tepishardi. Koshki o‘zim bilsaydim qanaqa xato qilganimni deb tilimni tishlaganimcha qolardim. Sababini bildirish yaxshimi, deyman-da. Bo‘lmasa ijodkor o‘ylayverib, ich-etini yeb qo‘yadi.

Ammo jurnalistika degani faqat efirdan iborat emas. Bu haqiqatni izlash, ochish va yetkazish. Shu sababli, taqiqdagi yillarimni tajriba oshirish, o‘z ustimda ishlash va yangi yo‘nalishlar topish bilan o‘tkazdim.

Maosh ishga ishtiyoqni belgilaydi

Jurnalistikani pul uchun tanlasangiz, xato qilasiz. Biz doim ishtiyoq va ichdagi olov uchun ishlaganmiz, bu kasbdan katta daromad kutmaganmiz. Demoqchimanki, jurnalistikada ijod qilasiz, zahmat chekasiz, undan keyin pulning o‘zi sizni qidiradi. Kasb mashaqqatini boshidan kechirganlar yaxshi biladi buni. Fidoyilik yo‘lini tanlar ekansiz, hashamat va qulaylikni unutishingizga to‘g‘ri keladi. Masalan, yaqingacha MTRKdagi xonamda internet yo‘q edi, bir necha kun avval o‘rnatib berishdi. Shogirdlarim ko‘rib, “ta’mirtalab, eski xonada o‘tirasizmi?” deb ba’zan koyib qo‘yadi, lekin buning ham o‘ziga yarasha zavqi bor.

Milliy teleradiokompaniya qaysidir muddatda iqtisodiy jihatdan kutilmalarimizni qoplay olmagani uchun eng kuchli muharrir, jurnalist, boshlovchilar boshqa kanallarga ishga o‘tib ketdi. Xalqning dardi, muammolarini yoritib bera olmagan paytlarimiz bo‘ldi. Ma’lum vaqt oralig‘ida o‘z o‘rnimizni xususiy kanallar, ijtimoiy tarmoqlar, saytlarga berib qo‘ydik. Tomoshabinlar e’tibori taniqli chehralar bilan zabt etildi. “Biz zo‘rmiz”, “otaxon kanallarning o‘rni yo‘qolmaydi”, deb ishonib qoldik va o‘z ustimizda ishlamay qo‘ydik.

Maosh yaxshi bo‘lsa, mehnatga yarasha rag‘batlantirilsa, ishoning, jurnalist jonini berib ishlaydi. Jurnalist ham boy bo‘lishga haqli, unda ham jig‘ildon bor, yaxshi yashagisi, mashinalar mingisi, sokin joylarga borib dam olgisi keladi. Jurnalistning mehnati qanchalik qadrlansa, u shunchalik sifatli ish qiladi.

Odamlarga osondek ko‘ringan bu kasbning ortida katta mashaqqatlar bor. Menga ko‘pchilik “faqat yaxshi davralarda chiroyli kiyinib yurasiz”, “sizga maza, dardingiz yo‘q”, deydi. Aslini olganda hammaning o‘ziga yarasha tashvishi bo‘ladi. Vaqti kelganda tuhmat, bo‘htonlar yog‘dirishgan, kelishmovchiliklar, yetishmovchiliklarni ham boshdan kechirganmiz. Turmush o‘rtog‘im ilmiy ish qilayotgan vaqtlarda moliyaviy muammolar bo‘lgan, makaron va zeb-u ziynat buyumlarini ko‘tarib yurib sotganman, tog‘ora-tog‘ora ovqat qilib, shoxobchalarga topshirganman. Hayotda erishilgan muvaffaqiyatlar qiyinchiliklarga qilingan sabr va mehnat mahsulidir.

Og‘riqlarni ichga yutib xastalik orttirdim

Asabbuzarliklar, tanqidlar ortidan hosil bo‘lgan og‘riqlar shunchaki o‘tib ketmas, bir kun kelib tanangizda o‘z ta’sirini ko‘rsatar ekan. Ruhiy azoblarni ichimga yutaverib, xastalik orttirvoldimmi deb o‘ylab qolaman-da ba’zan…

1998 yili Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialiga borganimizda menga og‘ir tashxis qo‘yildi. Saqlab qolishning imkoni yo‘q, 6 oy umringiz qolgan deb xulosa berildi. 9 marta jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdim. Shunday paytlar bo‘lardi, derazadan qarab turib, o‘ylab qolardim: qor yog‘yapti, ertaga balki shu qorning tagida bo‘larman, balki shu yo‘laklardan ertaga yurmasman. Nahotki endi bolalarimning onasi boshqa bo‘ladi, mening o‘rnimda turmush o‘rtog‘im oldida o‘zga ayol yuradi...

Oradan olti oy o‘tdi, Yaratgan jonimni omon saqlab, yashashni davom ettirish imkoniyatini berdi. O‘zimni qo‘lga olib, sinovlarga dosh bersam, hammasi o‘tib ketadi dedim-da, kurashishni boshladim. O‘sha paytlarda Allohdan dardimga shifo berishini, farzandlarim to‘yida ona sifatida bosh bo‘lib yurishimni yolvorib so‘rardim, tinimsiz duolar qilardim. Yaratganning inoyati bilan jonim omon qoldi, duoda, niyatda gap ko‘p. Muolajalarni o‘z vaqtida oldim, orada tabiblar tayyorlagan dorilarni ham ichib yurdim. Bilasizmi, har qanday kasallik ruhiyat bilan bevosita bog‘liq. Kayfiyat yaxshi bo‘lsa, tuzalish osonroq kechadi. Dardni ham, davoni ham beradigan Xudo. Men yig‘laymanmi, dodlaymanmi, ketishim kerak bo‘lsa, paymonam to‘lgan bo‘lsa, ketaman. Agar hayotingizga bugun oxirgi kunim deb qaraydigan bo‘lsangiz, hech kimga yomonlik qilgingiz kelmay qolarkan. Shuning uchun ham “bir kunda yetti marta o‘limni esla” degan gap bejizga aytilmagan.

Vaqtida salomatligimga e’tibor qaratmaganimdan afsusdaman, chunki jabrini faqat o‘zim tortyapman. Bir narsa bo‘lib qolsa bolalarim yetib kelarmikin, degan qo‘rquv bor. Rost, shuning uchun ham oxirgi paytlar sog‘ligimni kuchliroq asrashga harakat qilyapman.

To‘liq intervyuni Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operatorlar: Ziyaddin Mamatjonov, Shohruzbek Abdurayimov,
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov.

Mavzuga oid