“Onam ajrashsa bo‘lmasmikan, deb ko‘p o‘ylardim” – olimaning onasi haqidagi o‘ylari

Jamiyat 14:48 / 08.04.2023 30252

“Bu hikoya mening emas, onamning hayoti haqida bo‘ladi. Shukur, ota-onam hayot. Suhbatlashishni rad etganimning sababi, ular maqolangizni o‘qib ranjishlaridan qo‘rqqan edim. Lekin uch go‘dak va onaning fojiasi meni sizga qo‘ng‘iroq qilishga majbur qildi”, – deya gap boshladi u.

“Otaning farzand oldidagi mas’uliyati onanikidan kam emas. Hattoki, ko‘p ham. Er-xotin farzandli bo‘lganidan so‘ng o‘zgaradi – ota-ona bo‘lishadi. Bejiz ota-ona so‘zi birga qo‘llanmaydi. Ularning bolalari oldidagi burchi ham tengma-teng keladi.

Afsuski, jamiyatimizda ko‘pchilik ota-onalikka tayyor bo‘lmay turib farzandli bo‘ladi. Ikkisidan biri bu jarayonga tayyor bo‘lsa yaxshi, ikkisi ham tayyor bo‘lmasa, bolaning sho‘ri deyavering.

Mening otam ham tayyor bo‘lmay turib bu nomga sazovor bo‘lganlardan edi. Otam choyxonada ishlar, onam tikuvchi edi. Uch nafar yosh bolasi va qo‘lidagi bir go‘dagi bilan onam ishga chiqolmasdi. Otam uyga tayinli pul olib kelmasdi.

Paxsa bilan urib ko‘tarilgan ikki xona shox-shabbalar ustidan qilingan loyshuvoq tom. Eshik o‘rniga tutib qo‘yilgan qalin odyol. Uyimizning ko‘rinishi shunday edi. Yomg‘ir yog‘sa besh joydan chakka o‘tardi. Tog‘ora bormi, kattaroq idishmi, onam nima topsa chakka o‘tayotgan joylarga qo‘yib chiqardi. Uyning bir burchagida to‘rt farzandini qush bolalarini qanotlari ostiga olgandek bag‘riga bosib, qunishib tong ottirardi.

Tuni bilan uyga kelmagan otam tushga yaqin hech narsasiz kirib kelardi. Kecha nega kelmadingiz, xavotir oldim, degan so‘roqqa issiq pechkaning oldida uxlab qolibman, deb javob berardi.

Otam choyxonada arzimagan pulga qorni to‘ygani va issiq joyda uxlayotganiga xursand bo‘lib ishlab yuraverardi. Onam esa yomg‘ir yog‘ganda sizib o‘tgan suvlar toshib ketmasligi uchun to‘lgan idishlarni tuni bilan bo‘shatib, bizni issiq qilish payida bo‘lsa, qolgan tunlari lampa chiroq yorug‘ida to‘qish qilib chiqardi.

Otam qimor o‘ynar, yutqizib qo‘yib, ichib kelardi. Uyimizda qo‘lga ilinadigan nima bo‘lsa, qarziga berib kelar yoki sotib pulini berardi. Hech esimdan chiqmaydi, uyimizda bitta katta eski televizor bo‘lardi. Otam qimorga o‘shani tikib yuborgan ekan.

Onamning uxlamay kutib o‘tiradigan odati bor edi. Yarim kechasi ichib kelganida biz uxlab yotgan bo‘lganmiz. Otam yutqazgani alamidan onamni rosa uradi. Baqir-chaqir, narsalarning singan ovozidan uyg‘onib ketdim. Otam onamni shunaqangi urardi, ko‘tarib otib ham yubordi. Bechora onam... nima joni bor. Uchib ketdi. Yugurib borib quchoqlab oldim.

Onam o‘lib qoladi deb rosa qo‘rqqanman. Bukchayib o‘rnidan turib, menga joyingga borib yot, dedi. Biz otamni yomon ko‘rib qolishimizni istamas edi. Nega kaltak yeyayotganini o‘zi ham bilmasdi. Otamga sabab kerak emasdi. Ichib olsa bo‘ldi, onamdan alamini olardi. Xotini gapiradimi, gapirmaydimi, nega ichding deydimi, demaydimi, farqi yo‘q. Onam alamini olish vositasi edi. Vaholanki, ular sevishib oila qurishgan... 

Ertasi kuni uyimizga mashinada bir amaki keldi. Otam televizorni olib chiqib berdi. Biz qo‘lga ilinadigan bittagina matohimizga mo‘ltillab qarab qoldik. Haligi kishi bizga qaradi-yu, televizorni qaytarib berdi. “Bolalaringni qara turishini. Eplasang qimor o‘yna-da, nima qilasan eplamasang”, dedi-da, mashinasiga minib ketdi.

Olib ketsa ham bizga u qadar bilinmasdi. Boisi televizor ko‘rishga vaqtimiz bo‘lmasdi. Kuni bilan ishlardik. Har kuni soat 16:00 da bolalar vaqti bo‘lardi. O‘shani ko‘rish orzu edi. Lekin nolimayman. Onam bizga ish qildirar ekan, she’r, ertaklar aytib berardi. O‘zi ham tinmasdi, bizni ham tindirmasdi.

Kiyimlar tikib, to‘qib sotgan pullariga ro‘zg‘or qilib kelardi. Tug‘ilgan kunimizga kitob sovg‘a qilardi. Hech esimdan chiqmaydi, 5-sinfligimda Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Besh bolali yigitcha” asarini sovg‘a qildi.

Asar bosh qahramoni Orifjon yengib o‘tgan qiyinchiliklar ortida meniki hech narsa emas ekan-ku, deganman. O‘sha asarni o‘qiganimdan so‘ng taassurotlarimni onamga so‘zlab berdim, fikrlashdik, jarayon esa menga juda yoqdi. Endi tug‘ilgan kunimni kutmasdan maktab kutubxonasidan kitob olib, taassurotlarimni onamga gapirib beradigan bo‘ldim. Qaysi asarni o‘qimay, onam uni bolaligida o‘qiganini aytib, men bilan fikrlashar, tushunmaganlarimni tushuntirib berardi.

Onam o‘qishga kirishni istagani, lekin ota-onalari ruxsat bermagani katta armoni edi. O‘zimga o‘zim onam uchun ham o‘qishga kirishim kerak, derdim. Lekin kollejga o‘z kuchim bilan kira olmadim – pul so‘rashdi. Onam ro‘zg‘ordan orttirib tiyinlab yig‘ib yurgan pullarini o‘qishim uchun berdi. Shu bilan o‘qishga kirdim, lekin bu onamning o‘ziga qimmatga tushdi.

Onam o‘qishimga pul berganini bilib, yaqinda jo‘ram to‘y qiladi, puling bor ekan aytmaysanmi, to‘yiga kattaroq to‘yona qilardim, deb onamni rosa kaltakladi. Shu janjalda onamning qo‘li sindi. Hozirgacha sovuq tushishi bilan o‘sha qo‘li og‘rib qoladi.

Aybdorlik hissi bilan uch yil kollejda o‘qidim. Shu his sabab o‘qishga qattiq tayyorlandim. Talabalikka o‘z kuchim bilan erishdim, ammo kontraktga kirgandim. So‘rab kelayotgan sovchilarga rad javobini berib, qiynalsam ham o‘qitaman, menga armon bo‘ldi, qizimga armon bo‘lmasin, deb onamning qo‘llashi bilan o‘qiy boshladim.

Ortimdan ketma-ket singillarim ham talaba bo‘lishdi. Onam yillar davomida otamni qimor o‘ynamaslikka, ichish-chekishni tashlashga, namoz o‘qishga o‘rgatdi, biroq o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotdi, asablarini, yoshligini qurbon qildi. Onam nega kaltaklarga chidab yashashiga tushunmasdim. Qiynalib yashagandan ajrashib ketsalar bo‘lmaydimi, deb ko‘p o‘ylardim.

Biz uchun chidab yashayotganlarini bilardim, ammo hamma o‘z hayotini yashashga haqli deb o‘ylardim. Vaqti-soati bilan bizni turmushga uzatishdi. Oilali bo‘lganimdan so‘ng onamni tushuna boshladim. Kelinga nafaqat o‘zining, balki oilasining qanday ekanligiga qarab ham muomala qilinar ekan.

Otamning bir zamonlar qanday inson bo‘lganini qudalari bilishmaydi. Hurmat bilan munosabatda bo‘lishadi, onamga havas qilishadi. Ammo bu kunlarga erishish oson bo‘lmaganini bilishmaydi.

Onam bugun o‘zi ham baxtli, otam ham ancha qadrlab qolgan. Farzandlari ardog‘ida, nabiralar qurshovida. Bu baxtning barchasi onamning sabri, bardoshiga berilgan mukofot bo‘lsa kerak.

Mening o‘qiganim, ilmiy faoliyatim, hayot yo‘lim, boshqa mavzu. Bugun olima ayollarni ko‘plab uchratishingiz mumkin, lekin bardoshli ayollar kam. Siz ular haqida yozing. Eriga achchiq qilib, bolalarining ham joniga qasd qilmoqchi bo‘lganlar uchun ibrat bo‘lsin.

Agar o‘shanda onam o‘zi va bizni o‘ldirganda shu kunlarga yetarmidi? O‘lim chora emas, o‘lim qo‘rqoqning ishi. Jasur odam esa kurashadi. Bu hayot – mashaqqat. Uning sinovlarini yengib o‘tmay, baxtga yetolmaysiz. Kurashing, kurashing, kurashing! O‘zingiz uchun, farzandlaringiz uchun, baxtli kelajak uchun. Toki hayot ekansiz, bundan boshqa ilojingiz yo‘q”.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: