Kun.uz mehribonlik uyida tarbiyalangan qizlarga nisbatan sodir etilgan va jamoatchilikdan sir tutilgan jinoyat ishi tafsilotlarini o‘rganishda davom etmoqda. Biz Urganch shahrida bo‘lib, voqealardan bevosita xabardor shaxslar bilan uchrashdik.
Hozirga qadar mehribonlik uyi mudirasi o‘z qaramog‘idagi voyaga yetmagan qizlarni 10 oy davomida ikki nafar davlat amaldori bilan ko‘ngilxushlik qilishga majburlab kelgani ma’lum edi. O‘rganishlarimizga ko‘ra, himoyasiz qizlarning boshiga tushgan ko‘rgiliklar faqat shular emas. Mudiraning bundan boshqa qator “hunar”lari ham bo‘lgan ekanki, buni eshitib, odamning aqli shoshishi turgan gap. Taxminimizcha, ushbu holatlarga na tergov organi, na sud tomonidan huquqiy baho berilgan.
Qizlar qanday qilib Yulduz Xudoyberganova tomonidan ochilgan oilaviy mehribonlik uyiga borib qolishgan? Ma’lum bo‘lishicha, Xivadagi bolalar uyi yopilgach, u yerdagi tarbiyalanuvlar boshqa mehribonlik uylari, xususan, oilaviy bolalar uylariga taqsimlangan. Jumladan, Yulduz Xudoyberganova rahbarlik qilgan Urganch shahridagi 1-sonli mehribonlik uyida jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan uch nafar qizdan tashqari boshqa qiz va o‘g‘il bolalar ham tarbiyalangan, ular eng yaqin maktabga o‘qishga qabul qilingan. Qizlar tahsil olgan maktab direktori Farhod Rahmonov bu haqda shunday hikoya qiladi.
“Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi buyrug‘i bilan bizning maktabga kelgan edi bu qizlar. 9 yoki 11 nafar edilar, adashmasam. Xivadagi bolalar uyi yopilgach, Urganch shahridagi Yangi hayot mahallasida 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi ochilgandi. Bolalarni qaramog‘iga olgan ayolning ismi Yulduz edi. 10-11-sinf qizlari ham, boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan qizlar, o‘g‘il bolalari ham bor edi.
Taxminan bir oydan keyin o‘qishga kelmay qolishdi. Psixolog va boshqalarga topshiriq berdim o‘rganib chiqish haqida. Qarovchi ayolning aytishicha, kasal bo‘lgan ekan. Lekin biz shubhalandik, chunki xodimlarimiz borgan paytda kasal bo‘lgani haqida belgilar yo‘q edi”, deydi Farhod Rahmonov.
Maktab psixologi Gulnora Tasimova holat haqida shunday deydi:
“Bu o‘quvchi qizlarimiz 2021 yil aprelda kelgan. O‘sha vaqtda eng kattasi 10-sinf edi, jami 9 nafar edi. Kelishgach, direktorimiz men bilan maslahatlashdi, alohida shug‘ullanish bo‘yicha topshiriq berdi. Tajribali sinf rahbariga qo‘yishga harakat qildik.
Ma’lum vaqt o‘tgach, sinf rahbari murojaat qildi. O‘quvchilar bilan kelishmovchilik bo‘libdi. Yangilar sal shaddodroq qizlar ekan, dedi. Gaplashib, tushuntirish ishlari olib bordik. Ularning har biri bilan gaplashib ko‘rdim. Uyidagi sharoitlar, muhitlar haqida so‘radim. Qanday muammo bo‘lsa, menga murojaat qilishini aytdim.
Xulqi yomon emas edi ularning. Maktab ma’muriyati doimiy ish olib bordi bu qizlar bilan. Doimiy nazoratda, e’tiborda edi ular”.
Qizlarning tez-tez dars qoldirishi, qolaversa, yurish-turishidagi o‘zgarishlardan xavotirlangan maktab direktori bu yerda qandaydir gap borligidan gumonsiraydi va o‘quvchilardan gap olishga harakat qiladi. Direktorning samimiyatiga ishongan qizlardan biri “yoriladi” hamda o‘zlari tarbiyalanayotgan mehribonlik uyida sodir bo‘layotgan aql bovar qilmas jirkanchliklar haqida so‘zlab beradi.
“Darslarga qatnay boshlashganlaridan keyin ushbu qizlar bilan birma-bir shaxsan o‘zim gaplashib chiqdim. Unchalik tortinmay gapira oladigani bo‘lgan hamma ishlarni aytib berdi.
Bizda faqat kunduz kuni nazorat qilish imkoni bor, boshqa payt nima bo‘layotganini bilmaymiz. Gaplashib ko‘rgach, ma’lum bo‘ldiki, ularni uyda jazolashar, urishar ekan. Qizlarning ukalarini kaltaklab, ruhiy bosim bilan sindirishgan.
Aytishlaricha, Yulduz qizlarga spirtli ichimliklar ichirtirib, keyin tungi klublarga olib borishar ekan. 15, 16, 17 yoshli qizlar o‘sha joylardan mijoz topib, ular bilan ko‘ngilxushlik qilishga majburlangan. Fohishalikdan tushgan pulni Yulduzga olib kelib berishgan. Mehribonlik uyini ham “priton”ga aylantirishgan ekan. Bularning barchasini qizlarning o‘zlari ko‘zda yosh bilan aytib berishgan. Ularning ko‘rsatmalarini yozib olib, tegishli idoralarga bu haqda xabar berganimdan keyin barchasi fosh bo‘ldi”, deydi Farhod Rahmonov.
Jinsiy tajovuz qurboni bo‘lgan ikki qiz maktabda bir sinfda tahsil oladi. Ularning sinf rahbari O‘g‘iljon Bekturdiyeva ro‘y bergan hodisalardan juda qattiq ta’sirlanadi va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish, ona sifatida mehr berish, bu orqali qalbidagi jarohatlarga malham bo‘lish niyatida qizlardan birini asrab olmoqchi bo‘ladi. Lekin mutasaddi idoralar tomonidan bunga ruxsat berilmaydi.
“Bu gap-so‘zlar hammaga ma’lum bo‘lib ketgandan keyin qizlarning yurish-turishi menga yomon ta’sir qildi. Ulardan birini qiz qilib olmoqchi bo‘ldim. Direktorimiz bilan ham bu haqda maslahatlashganman hattoki. O‘zimniyam bitta qizim bor, shu bilan opa-singil bo‘lib o‘ssin, o‘zim tarbiyalayman degandim. Ota-onasizligi uning aybi emas-ku. U ham hayotda o‘z o‘rnini topishga haqqi bor. Harakati bor edi, o‘qishini istagandim. U paytda tergov jarayoni ketayotgandi. Qolaversa, asrab olishga darrov ruxsat berishmas ekan. Joyim ham kichkinalik qildi. Shu kabi sabablar bilan u qizni asrab olishga ruxsat ololmadim”, deydi O‘g‘iljon Bekturdiyeva.
E’tiborlisi, sinfdoshlari qizlarning mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi ekanini bilishmagan. Ularning o‘ksib qolishi yoki tengdoshlari tomonidan kamsitilishi oldini olish maqsadida maktab rahbariyati ham, o‘qituvchilar ham bu ma’lumot tarqalishiga yo‘l qo‘ymagan.
O‘g‘iljon Bekturdiyeva ayrim internet foydalanuvchilari ro‘y bergan voqealarda qizlarning o‘zini ayblashga urinayotganiga munosabat bildirib, bu fikrlarga qo‘shilmasligi, barchasiga ular tushib qolgan muhit sababchi ekanini ta’kidladi.
“Birinchidan, ular hali bola edi. Ikkinchidan, ularning tushib qolgan muhiti shunaqa bo‘lgan. Maktabimizda, sinfimizda yaxshi muhit shakllangandi, bu yerga kelganlaridan so‘ng ular yaxshi tomonga o‘zgarishdi.
Mana o‘sha qizlarimizdan biri oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘ldi. Davlat tomonidan unga barcha jihozlari bilan birga bir xonali uy ham berildi. Qolganlarining ham hayoti iziga tushmoqda. Ular bilan tez-tez xabarlashib turamiz. Sinfdoshlarining to‘ylarida qatnashib kelishadi. Bo‘lgan ishlarda muhit aybdor deb hisoblayman, chunki ular yosh nihol, biz qanday parvarishlasak, shunday bo‘lib o‘sadi”, deydi o‘qituvchi.
Maktab direktori va jamoasining sa’y-harakatlari natijasida qariyb bir yil davomida tahqirlanib kelgan qizlarning boshidagi qora bulutlar tarqagan. Lekin shu bilan hammasi yakuniga yetdi, adolat qaror topdi deb bo‘lmaydi.
Qizlar to‘liq jismoniy-psixologik reabilitatsiya qilinishi, aybdorlarga tayinlangan yengil jazo esa adolatli hukmga almashtirilishi kerak.
Jamshid Niyozov, Kun.uz
Tasvirchi: Abduqodir To‘lqinov
Montajchi: Abdusalim Abduvohidov